Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:11

O‘zbekistonlik ikki dissidentga chiqish vizasi berilmayapti


O‘zbekistonlik tanqili rassom Vyacheslav Oxunov va sotsiolog Bahodir Musayevga ikki oydan buyon chet elga chiqish vizasi berilmayapti.

Bahodir Musayevning aytishicha, u 27 mart kuni Toshkent shahar Hamza tumani IIB Xorijga chiqish-kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga chet elga chiqishga ruxsat olish uchun lozim hujatlarni topshirgan, davlat bojini ham to‘lagan.

– Hujjat topshirganimizga ikki oydan oshdi, haligacha javob yo‘q. Borsak, nimagaligini bilmaymiz, deb yelka qisishadi,- deydi Bahodir Musayev.

Rassom Vyacheslav Oxunov esa hujjatlarni 25 mart kuni topshirgan.

– Viza bosib berishimiz uchun tepadan ruxsat kelmadi, deyishadi. Unday bo‘lsa, rasmiy “otkaz” bering desak, faqat sizlar emas, bundaylar ko‘p, kuting, kuting, hullas 25 martdan beri kuting, degan gapni eshitamiz,- deydi rassom Vyacheslav Oxunov.

O‘zbekistonda xorijga vaqtincha chiqayotgan fuqarolar chet elga borish uchun ikki yil mobaynida amal qiladigan ruxsatnomani olishlari va OVIR rasmiylari buni uzog‘i bilan 20 kunda rasmiylashtirib berishlari kerak.

Sovet davridan qolgan bu tartib tufayli O‘zbekiston fuqarolarining o‘zlari istagan shaharda ishlash, yashash, bolalarini maktabga berish va tibbiy xizmatdan foydalanishlari ulkan muammoga aylangan.

Vyacheslav Axunov chiqish viza tartibi tufayli o‘zining shu hafta Germaniyada ochiladigan ko‘rgazmasiga ham bora olmadi.

- 6 iyun kuni Germaniyada Zamonaviy tasviriy san‘at ko‘rgazmasi ochiladi va u yerda mening asarlarim ham qo‘yiladi. Rassom uchun har besh yilda bir marta bo‘ladigan bunaqangi ko‘rgazmada qatnashish ulkan sharafdir. Lekin, menga mamlakatdan chiqish imkoni berilmayapti,- deydi Oxunov.

Har ikki yilda yangilanishi shart bo‘lgan chiqish vizasi esa fuqarolarni davlat idoralariga bog‘lab qo‘ygan.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumatiga tanqidiy ko‘z bilan qaraydigan inson huquqlari faollari, mustaqil jurnalistlar va faollar chet elga borish uchun chiqish vizasi ololmagan holatlar tez-tez uchramoqda.

Lekin, Vyacheslav Oxunov ham, Bahodir Musayev ham avvallari chiqish vizasini olishda hech qanaqa muammoga duch kelmaganliklarini aytmoqda.

Ular muxolifatdagi O‘zbekiston Xalq Harakatining navbatdagi quriltoyida ishtirok etish uchun Yevropaga borishlari arafasida viza olish mushkulotlari bilan yuzma yuz kelmoqdalar.

- Aftidan, ular Stokholmdagi anjumanda qatnashishimni bilib qolishgan va shu yo‘l bilan mening borishimga to‘sqinlik qilishyapti. Sababi, Bahodir Musayev ham shu anjumanga taklif etilgan, unga ham berishmayapti. Biz u yerda O‘zbekistondagi siyosiy, ijtimoiy ahvol haqida ma‘ruza qilmoqchi bo‘lib turuvdik, lekin bu amalga oshmaydigan ko‘rinadi,- deydi Vyacheslav Axunov.

Lekin, Bahodir Musayev ham, Vyacheslav Axunov ham chiqish viza olishdan umidlarini uzganlari yo‘q.

- Oxir-oqibat ular chiqish vizasini berishga majbur bo‘lishadi. Chunki, meni huquqlarim buzilyapti. Fuqaro sifatidagi huquqlarim buzilyapti. Meni hech qanaqa maxfiy hujjatlarga aloqadorligim ham yo‘q, sudlanmaganman. Men doim erkin rassom bo‘lganman,- deydi Vyacheslav Axunov.

Ozodlik mazkur masalaga aniqlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Xorijga chiqish, kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasiga ham qo‘ng‘iroq qildi. Boshqarmaning o‘zini tanishtirmagan xodimi bu borada telefon orqali ma‘lumot berilmasligini aytib, go‘shakni qo‘yib qo‘ydi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda fuqarolarning chet elga chiqishi uchun maxsus ruxsatnoma beriladigan yagona davlat bo‘lib qolmoqda.
XS
SM
MD
LG