Линклар

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlangan Mirjalol Qosimov o‘zbek futbolini jahon va Osiyo chempionatlari finallariga olib chiqa oladimi? O‘zbekistonlik futbol sharhlovchisi va ashaddiy futbol ishqibozi ana shu mavzuda bahslashadi.

Futbol bo‘yicha Jahon chempionati saralash o‘yinlari to‘rtinchi bosqichining birinchi o‘yinida O‘zbekiston terma jamoasi eronliklarga 0-1 hisobida yutqazib qo‘yganidan so‘ng, jamoa bosh murabbiysi Vadim Abramov iste‘foga chiqarildi.

Uning o‘rniga “Bunyodkor” jamoasiga bosh murabbiylik qilib kelgan Mirjalol Qosimov tayinlandi.

Mirjalol Qosimov bundan to‘rt yil oldin O‘zbekiston terma jamoasida bir muddat bosh murabbiy bo‘lib ishlagan, biroq Osiyo Kubogi-2011 saralash o‘yinlarida o‘zbek futbolchilari BAA jamoasiga yutqazib qo‘yganidan so‘ng bu vazifadan olingan va Vadim Abramov bosh murabbiy etib tayinlangan edi.

Mana, oradan to‘rt yil o‘tib, O‘zbekiston terma jamoasining bir qator muvaffaqiyatsiz o‘yilaridan so‘ng jilov yana Mirjalol Qosimov qo‘liga o‘tdi.

Xo‘sh, Mirjalol Qosimov rahbarligida o‘zbek futbolchilari jahon va Osiyo chempionatlari final o‘yinlariga chiqa oladimi?

Marhum kulgu ustasi Hojiboy Tojiboyev aytganidek, hech bo‘lmasa finalga chiqib, “o‘ynamasa ham mayli, Germaniyaga borib muzqaymoq yalab kela oladimi?”

Bahs maydoni qatnashchilari o‘zbekistonlik taniqli sport sharhlovchisi Haydar Akbarov va navoiylik ashaddiy futbol ishqibozi Muxtor Mirzoqulov.

Haydar Akbarov Mirjalol Qosimovning terma jamoani ilg‘orlar safiga olib chiqishiga ishonmaydi. Uning fikricha Mirjalol Qosimov o‘zbek futboli tarixida nom qoldirgan futbolchi, biroq u terma jamoani torta olmaydi.

Muxtor Mirzoqulov fikricha, O‘zbekiston tera jamoasi endi haqiqiy va milliy murabbiyga erishdi va keyingi o‘yinlari yaxshi bo‘ladi.

Haydar Akbarov: Agar to‘rt yil oldin Mirjalol O‘zbekiston terma jamoasidagi faoliyatini davom ettirganda edi, balki niyatini amalga oshirishi mumkin edi. Jahon chempionatining oxirgi bosqichida, qolaversa jamoa juda og‘ir ahvolga tushib qolgan hozirgi bosqichda yana bosh murabbiylikka tashlab qo‘yishlari noto‘g‘ri ish bo‘ldi. Chunki unga juda qiyin bo‘ladi. Mirjalol o‘zbek futbol tarixida nom qoldirgan futbolchi, lekin bugun jamoaning yarmi tezkor o‘yin ko‘rsata olmaydi, u jamoani eplay olarmikin? Shunga men unga ko‘p ham ishonmayapman...

Muxtor Mirzoqulov: Bundan to‘rt yil oldin bosh murabbiy Rauf Inileyev o‘zbek futbolini botqoqqa botirib, Mirjalolga tashlab ketgan edi. Bu o‘zi katta xato edi. Chunki o‘shanda Mirjalol endigina futbolchilik faoliyatini tugatgan va murabbiy sifatida tajribasi yo‘q edi. endi uning tajribasi oshdi, "Bunyodkor" jamoasi murabbiyi sifatida har yili xalqaro musobaqalarda qatnashib kelmoqda. U Skolarini qo‘l ostida tarbiya olgan. Men hozir terma jamoaga undan munosib kadr ko‘rmayapman. Mirjalol eplaydi...

Bahsning to‘liq variantini quyida tinglang:

XS
SM
MD
LG