Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:08

Skypening o‘zbekchasi ishga tushdi


Internetdagi Skype aloqa dasturining o‘zbek tilidagi versiyasi ishga tushdi. O‘zbekistonlik foydalanuvchilar endi o‘zbekcha Skypeni kompyuterlariga yuklashlari mumkin.

Internetdagi Skype aloqa dasturini o‘zbekistonlik bloger Gulasal Kamolova o‘zbek tiliga tarjima qildi.

– Bir oycha oldin belarus tanishim Skype dasturini belaruschaga ham tarjima qilgan edi. Skype foydalanuvchilarini o‘zi ushbu dasturni o‘z tillariga tarjima qilishlari mumkinligi haqida bilmas edim. Buni eshitib qiziqib qoldimu, shu ishni boshlashga qaror qildim, deydi o‘zbekistonlik blogger.

O‘zbek tilidagi Skype dasturidan foydalanish uchun tarjima qilingan "til" faylini yuklash kerak. Buning uchun kompyuteringizda Skype dasturining eng so‘nggi versiyasi bo‘lishi kerak.

- Til faylini yuklaganingshizdan so‘ng Skype to‘laligicha o‘zbek tilida paydo bo‘ladi. Bu ingliz tilidagi Skype dasturining o‘zbek tilidagi versiyasi¸ xolos. Ba‘zi so‘zlar ingliz tilida saqlanib qolgan, ularning o‘zbek tilidagi muqobilini topa olmaganim bois ularni shundayligicha qoldirdim, deydi Gulasal Kamolova.

Skype Internetdagi eng ommabop aloqa vositasi hisoblanadi. Millionlab odam shu dastur yordamida bepul video muloqot qilishadi.

Shu paytgacha Skype Markaziy Osiyo o‘lkalari orasida faqat qozoqcha va qirg‘izchaga tarjima qilingan edi.

O‘zbekistondagi kompyuter foydalanuvchilari esa Skype dasturining ruscha va inglizchasidan foydalanib kelishadi.

Gulasal Kamolovaning aytishicha, Skype O‘zbekistonda muqobil va arzon aloqa vositasi sifatida ommalashib borar ekan¸ uning o‘zbekchaga tarjima qilishga ehtiyoj yuzaga kelgan.

- Skype o‘zbekchaga tarjima qilinsa bu o‘zbekzabon foydalanuvchilar orasida yana ham mashhurlashadi¸ deb o‘ylayman. Rus tilini bilmaydiganlar O‘zbekistonda ancha, ingliz tilini u qadar bilmaydigan yoshlar ko‘p. O‘zbekistonning chekka qishloqlaridan chet elga, Janubiy Koreyaga ketib oilasi bilan Skype orqali gaplashadiganlar bor. Aynan ular uchun qulaylik yaratish maqsadida bu ishga qo‘l urdim, deydi Gulasal Kamolova.

O‘zbekistonlik ayrim foydalanuvchilar esa o‘zbek tilidagi Skypeni yuklashga shoshmayapti.

- Ko‘nikma yo‘q. Qolaversa bu lotin alifbosida ekan. Hozircha rus tilidagisi menga ma‘qul, ko‘zim shunga o‘rganib qolgan, deydi toshkentlik 32 yashar Tohir.

Qirg‘izistonlik Yangi media sohasi mutaxassisi To‘lqin Umaraliyev esa Skypening o‘zbek tiliga tarjima qilingani O‘zbekistonda ushbu dastur foydalanuvchilarini oshishiga hizmat qiladi, degan fikrda.

- Bunday taniqli dasturning o‘zbek tiliga tarjima qilinishi ayni muddao. Birinchidan¸ bu Internetdagi o‘zbek tilidagi kontentni boyitadi. Ikkinchidan¸ Skype bilan foydalanadiganlar sonini ham oshiradi, deydi Yangi media O‘zbekistonda sohasi mutaxassisi, jurnalist To‘lqin Umaraliyev.

Hozirda Internetdagi Odnoklasniki, Facebook kabi ijtimoiy tarmoqlar ham o‘zbek tiliga tarjima qilinmoqda.

Bugunga kelib Skype xizmatidan jahon bo‘ylab 700 milliondan ortiq odam foydalanadi.

O‘zbekiston ichkarisida bu dasturdan qancha odam foydalanishi haqida statistik ma‘lumot yo‘q.
XS
SM
MD
LG