Линклар

Bugun futbol bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi Bayrut shahrida Livan termasiga qarshi maydonga tushadi.

Toshkent vaqti bilan soat 18:00 da boshlanadigan o'yin 2014 yili Braziliyada o'tadigan Jahon chempionatiga saralash o'yinlari IV bosqichining ikkinchi turi doirasida o'tadi.

O'zbekiston Futbol Federatsiyasi matbuot kotibi Sanjar Rizayevga ko'ra, Mirjalol Qosimov boshchiligidagi terma jamoaning jangovor kayfiyati oliy darajada.

Terma jamoaning Bayrutga jo'nashidan oldin O'FF u yerdagi notinch vaziyatni o'rganish uchun atayin vakil yuborgan edi.

Sababi Livanning Suriya bilan bo'lgan chegarasida vaziyat hamon tarangligicha qolmoqda.

Sanjar Rizayevning Twitter mikroblogidagi sahifasida yozishicha, O'zbekiston terma jamoasini kuchli qurollangan harbiylar qo'riqlamoqda.

Eslatamiz, Jahon chempionatiga saralash o'yinlarining IV bosqichi birinchi turida O'zbekiston terma jamoasi Toshkentda Eron termasiga 0:1 hisobida mag'lub bo'lgan edi.

Ushbu mag'lubiyat ortidan terma jamoa bosh murabbiyi Vadim Abramov ishdan olinib, uning o'rniga Mirjalol Qosimov tayinlangan edi.
XS
SM
MD
LG