Линклар

logo-print

Bugun Rim qaysari, mustabid Oktavianni hech kim eslamaydi, ammo ijodkorlar homiysi Metsenatning nomi tarixda ham, dunyo xalqlarining izohli lug‘atida ham saqlanib qoldi.

Shartnoma pulini to‘lolmay yurgan magistrant do‘stim tunov kuni hasratidan tutun chiqib dardini to‘kib qoldi:

– "Kontrakt to‘lab ber", deb bosh urib bormagan idoram qolmadi. Ishonsang, shu pulni deb eshakni tog‘a, itni amaki deyishga to‘g‘ri keldi. Yo‘q, birortasidan sado chiqmayapti.

– Oldingi gal “Asakabank”dagi tanishing – xolavachchangmi, amakivachchangmi, o‘tkazdirib bergandi-ku. O‘shanga aytib ko‘r yana, – deyman tuzukroq maslahat yo yordam bera olmaganidan o‘ng‘aysizlanib.

– E-e, uyam bezor bo‘ldi, shekilli, tutqich bermayapti.

O‘zi, shu do‘stimiz ko‘p qoqildi hayotda. Sinfdoshlar allaqachon o‘qishni bitirib, ishini topib ketgan, benavo do‘stimiz hali ham filologiya fakulteti tuprog‘ini yalab yuribdi – adabiyotshunoslik bo‘yicha magistr diplomini olmoqchi bu kishim.

Shartnoma puli yiliga salkam to‘rt million so‘m. O‘tgan yili muammo uzoqroq bankir qarindoshining marhamati bilan yechilgandi. Bu gal... mana, o‘quv yili tugay deb qoldi, pul dahmazasi hal bo‘lay demaydi. Iqtisod, axborot texnologiyalari, ishqilib, shunga o‘xshash “avtoritetniy”roq yo‘nalishda o‘qisa ham mayliydi. U yoq-bu yoqdan pul undirsa bo‘lardi-da. Adabiyotshunosga... qaysi tashkilotning ko‘zi uchib turibdi deysiz!

Mung‘ayibgina o‘tirgan yurist do‘stimizga qaramaymiz. Lekin bilamizki, undan ham najot chiqishi gumon. Vazirlikda huquqshunos bo‘lib ishlaydi-yu, topgani arang ro‘zg‘origa yetadi. “Nomi ulug‘, suprasi quruq”lardan boyaqish.

– O‘ylab ko‘rish kerak, – deydi qonunchi do‘stimiz hardamxayollik bilan.
Oraga jimlik cho‘kadi.

– Nega bizda saxovatpesha boylar yo‘g‘-a? – shartnoma tashvishi yelkasini tog‘dek bosib turgan do‘stimiz sukutni buzadi. – Qani endi birorta mard boyvachcha chiqsa-yu, uka, qiynalab qolibsan, ke, kontraktingni to‘lab beraman desa.

– To‘g‘ri aytasan, oshna, – negadir chorasizlikda saxiy boylar “najot farishtasi” tuyulib ketdi menga ham. – Eshitgandirsan, amerikalik Uorren Baffett 37 milliard dollar pulini xayriya fondlariga bo‘lib beribdi. 37 milliard-a! O‘sha Hotamtoying ham shunchalik mardlik qilolmas. Bu pul senga o‘xshagan talabaning necha mingtasini kontrakt puliga yetadi.

– Baffet-maffetingni bilmayman, – adabiyotshunos do‘stimning odatdagidek “millatchiligi” tutadi. Odati shunaqa, suhbatlashib qolganda chet elliklarni maqtasangiz jahli chiqadi. – O‘zimizdan ham ko‘p chiqqan ma‘rifatparvar boylar. Fayzulla Xo‘jayev yonidan hamyon-hamyon pul sarflab talabalarni Germaniyaga o‘qishga yuborgan. 1910-yillarda aka-uka Komilbek va Karimbek ocharchilikda qolgan yarim Toshkentga bug‘doy ulashgan, yana qancha faqir talabaga yordam bergan...

Xayolimga birinchi kelgani rimlik Metsenat bo‘ldi. Imperator Oktavianning qiyomatli do‘sti, adabiyot, san‘at vakillariga bearmon yaxshilik qilgan o‘sha mashhur davlatmandni aytyapman. Shoir Vergiliyning boshini silagan, Goratsiyga hayhotdek hashamatli uyini sovg‘a qilib yuborgan! Qarang, oradan asrlar o‘tib, bugun Rim qaysari, mustabid Oktavianni odamlar eslamasligi mumkin, lekin Metsenat yodlanadi. Hatto bu nom “ilmu ma‘rifat homiysi” ma‘nosida lug‘atga ham tirkalgan.

Lekin dilimdagini tilimga chiqarmadim. Metsenatni eslasam, jadidlarga kasal manavi do‘stim yana birorta ma‘rifatparvar boyimizni maqtab qolishi aniq-da.

– Bo‘lmasa, ana Salimboygami, G‘afurboygami uchrash, – maslahat bergan bo‘laman unga.

– Yo‘q, talabaga yordam bermaydi ular. Odilboy bo‘lganda boshqa gap edi. Yupqaqo‘lroq bir tanishim qizini operatsiya qildirganda, Odilboy 2500 dollar bergan. Tanishim o‘zi aytib bergan.

Serdovruq “Zeromaks” shirkatini boshqargan, keyinchalik xorijga chiqib ketgan Mirodil Jalolovning qo‘li ochiqligi, beva-bechoraga yordam bergani haqida eshitganman. Ammo bu odamlar orasidagi mish-mishu ovoza, xolos-da. Ehtimol, Toshkent xalqi orasida “Odilboy” nomi bilan tanilgan bu ishbilgi chindan ham saxovatpeshadir...

– Bir narsani bilib olinglar...

O‘zimizcha boylarning “cho‘ntagidagini hisoblash”ga kirishib ketib, yurist do‘stimiz yonimizdagi o‘tirganini ham esdan chiqarayozgandik.

– Sizlar aytgan saxovatli boylar O‘zbekistonda oz bo‘lsa-da bor. O‘ng qo‘li berganni chap qo‘li bilmaydigan badavlatlar ham yo‘q emas, – yotig‘i bilan tushuntira ketdi qonunshunosimiz. – Shartnoma puli cho‘t ekanmi, maktab quraman, universitet ochaman degan boylarimiz ham bor. Lekin muammo shundaki, kimgadir yordam beraman, savob qilaman degan boylar, odatda, “organ”ning nazariga tushadi. Keyin, ularga jinoiy ish ochiladi. Shu-chun ham boylar “Och qornim – tinch qulog‘im” deb topganini bosib o‘tirishga majbur.

Men va adabiyotshunos do‘stim – ikkov omi masalaning “yuridik” jihatiga e‘tibor bermabmiz, qarang. Yurist do‘stimiz, zumda ko‘zimizni moshdek ochib qo‘ydi...
XS
SM
MD
LG