Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:59

Musulmon sportchilari ro‘za tutadimi?


Bu yil Ramazon oyiga to‘g‘ri kelayotgan London Olimpiadasi musobaqalari payti ro‘za tutish yoki tutmaslik ushbu nufuzli sport turnirida qatnashajak qariyb 3000 musulmon sportchisini o‘ylantirmoqda.

Olimpiada medallaridan birini qozonishga umid qilayotgan afg‘onistonlik 27 yashar taekvondochi Nesar Ahmad Bahaviy bu yil Ramazon oyida Olimpiada musoboqalarida qatnashishi bois ro‘za tutmasligi, qarzini esa¸ keyin ado etishini aytadi.

- Oldimizda juda muhim musobaqalar turibdi. Olimpiada medalini qozonish har bir sportchining orzusi. Aynan shuning uchun ro‘za tutmay turamiz. Chunki, musoboqalar payti ro‘za tutish umuman imkonsiz. Hech bo‘lmaganda suv ichishga majbursiz. Har bir tuta olmagan kunim uchun boshqa payt ro‘za tutaman endi, deydi afg‘onistonlik sportchi.

Yugurish bo‘yicha britaniyalik 24 yashar musulmon sportchi Mo Sbihi ham bu yilgi ro‘za ibodatini kechiktirib turishga majbur.

- Olimpiada sportchi hayotida beriladigan kamdan-kam imkoniyat. Musoboqalar payti ro‘za tutishlik biroz xavfli, deydi Sbihi.

Shifokorlar ham sportchilarga musoboqalar payti ro‘za tutmaslikni tavsiya qilishadi.

Saudiya Arabistoni yoki Eron kabi konservativ islomiy mamlakatlar Olimpiya qo‘mitalari esa o‘z sportchilarining musoboqalar deb Ramazon an‘analarini buzishlarini kechirmaydi.

Bu mamlakat sportchilari uchun Ramazon oyi har tomonlama sinov.

Islom ulamolaridan biri Siddiquolloh Fidoiyning aytishicha, musulmonlarning safarda ro‘za tutishlari farz emas.

- Agar biron sportchi musoboqalarda qatnashish uchun boshqa mamlakatga safar qiladigan bo‘lsa Qur‘onda safar qiluvchilar ro‘zani boshqa kunga qoldirishlari mumkinligi yozilgan, deydi Fidoiy.

Chexiyadagi Islom madaniyati markazi imomi Saodatidin Xo‘ja fikricha, sport musoboqalari deb ro‘zani kechiktirish gunoh emas.

- Sportchilar musobaqa payti ro‘za tutmaydi, boshqa bir kuni ado etadi. Ko‘pchilik turk sportchilari shunday qilishadi. Lekin ular Ramazon savobidan bebahra qoladi¸ deydi Saodatidin Xo‘ja.

Inson huquq himoyachilari bu yilgi Olimpiyada o‘yinlari Ramazon oyiga to‘g‘ri kelgani sabab London olimpiya musobaqalarini boshqa kunga ko‘chirishni talab qilgan edi.

Lekin Xalqaro olimpiya qo‘mitasi musobaqalar sanasini o‘zgartirmadi.

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi vakili Ronald Maugxanning aytishicha, musobaqalar sanasini ko‘chirish bo‘yicha ularda qatnashadigan sportchilarning o‘zlaridan e‘tiroz bo‘lmagan.

- Musobaqalar sanasini mezbon shahar London belgiladi. Bu yuzadan e‘tirozlar bo‘lsa qabul qilinadi, deb aytildi, sportchilarni o‘zlaridan e‘tiroz bo‘lmagach o‘zgarishsiz qoldirildi, deydi Xalqaro olimpiya qo‘mitasi vakili Ronald Maugxan.

Janob Maugxanning aytishicha, faqat ayrim guruhlar yoki shaxslardan e‘tirozlar bo‘lgan, musoboqalarda qatnashadigan sportchilarni o‘zlaridan e‘tiroz bo‘lmagan.

Ayni paytda London Olimpiadasi payti musulmon sportchilar uchun ramazon oyi payti vaqtida saharlik va iftor qilishlari uchun sharoitlar yaratiladi.

- Ramazon Olimpiya o‘yinlari tashkilotchilari e‘tiboridan chetda emas. Musulmon sportchilari sahar va iftorni vaqtida qilishlari uchun alohida ovqatlanish xonalari tashkil qilinadi, deydi Xalqaro olimpiya qo‘mitasi vakili Ronald Maugxan.
XS
SM
MD
LG