Линклар

logo-print

Blog: Shou bizneschilarning paytavasiga qurt tushdi


Prezidentning to‘ng‘ichi Gulnora Karimova ham Gugusha taxallusi bilan mashhur qo‘shiqchilar ashulalarini remake qilish bilan tanilgan.

Prezidentning to‘ng‘ichi Gulnora Karimova ham Gugusha taxallusi bilan mashhur qo‘shiqchilar ashulalarini remake qilish bilan tanilgan.

O‘zbekistonda shu kunlarda shou bizneschilarning boshi qotgan, nopobroq taxallus tanlagan qo‘shiqchilarning-ku naq paytavasiga qurt tushgan. Nega deysizmi? Iye, eshitmadingizmi? Bo‘lmasa, hammasini bir boshdan aytay...

O‘tgan hafta “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi xonandayu sozandalarni yig‘ib ka-atta yig‘ilish o‘tkazdi. Majlisda jahon moliyaviy bo‘hroni yo Gretsiyadagi iqtisodiy tanglikdan ham “dolzarbroq” masala – shou-bizneschilarning taxalluslari muhokama qilindi. Mashvaratga birlashmaning azamat rahbari Azamat Haydarov boshu qosh bo‘ldi.

Hammasidan ham, Sayyorai jahon, Zamzama, Kaniza, Mango taxalluslari bilan yallachilik qilayotgan xonandalarga qiyin bo‘ldi. Yana bir talay guruhlarning boplab po‘stagi qoqildi. San‘atga politsiyachilik vazifasini dadil zimmasiga olgan “O‘zbeknavo”ga ko‘ra, shu va shunga o‘xshash boshqa taxallusli shou bizneschilar yoshlarning tarbiyasiga salbiy ta‘sir qilayotibdi ekan. Taxallusining ma‘no-mazmuni “risoladagidek” emas ekan-da.

Endi... bu xonandalar boshini qaysi devorga urishni bilmay turibdi. Ularga taxallus borasida oshig‘ich o‘ylab ko‘rish tavsiya etilgan-da. Ko‘hli ko‘rinish uchun kiyilgan yasama soch bo‘lsa ekan, shartta yulib bahridan o‘tsa... Ko‘zini chirt yumib, taxallusdan voz kechay desa, muxlisu muxlisalari shu nom – “brend” bilan tanigan. Eskisining bahridan o‘tib, yangisini olgani haqida uyma-uy yurib xabar berib chiqishning imkoni yo‘q. Odam gavjum bozor-pozorda “Xaloyiq, taxallusimni o‘zgardim!” degan mazmunda varaqa tarqatib chiqish ham xavfli – niqoblilar qo‘lini qayirib olib ketishi aniq. Haq deb ko‘ngilsizlik keltirgan taxallusga sodiq qolay desa... masala ko‘ndalang qo‘yilgan.

Uzunquloq gap-so‘zlarga qaraganda, shu kunlarda kitob do‘konlarida chang bosib yotgan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ga ham talab oshib ketganmish. Pashsha qo‘rib o‘tirishga ko‘nikib qolgan kitobfurushlar ilkis jonlanishdan hayronmish. Keyin ma‘lum bo‘lishicha, bu galcha tanqiddan omon qolgan xonandalar ham yoppasiga lug‘at titib, taxallusi, ismu sharifi mag‘zini chaqishga tushib ketganmish (Ehtiyot shart-da, “O‘zbeknavo” keyingi majlisda qo‘qqis ularni ham turg‘izib savolga tutib qolishi ehtimoldan xoli emas).

Oldindan aytib qo‘yay, ur kaltak-sur kaltak qilingan xonandayu guruhlarga shinavandalik joyim yo‘q. Boz yana, to‘y-po‘yga aytganimda bebiliska xizmat qilib bermagan ular.

So‘zmi, sozmi, ishqilib, biror ijod sohasini tanlagan mardum borki, o‘ziga taxallus oladi. Daqyonus davridan qolgan ko‘hna an‘ana bu! Shu mahalgacha biror yerda ijodkorning taxallusiga osilganlarini eshitganmisiz?! (Ayting-ayting, forsiy baytlariga “Foniy” deya imzo chekkan Navoiy ham xo‘b zamonlarda yashab o‘tib ketgan ekan! Bugungi arboblar “Taxallusing yoshlarni tarki dunyochilikka boshlayapti” deb Hazratning yoqasidan olishi ham mumkin edi-da) Balkim, o‘tmishda – aytgani aytgan, degani degan mustabidlar davrida ijod ahlining taxallusiga e‘tirozlar bo‘lgandir. Lekin tsivilizatsiya qozoni qaynab toshayotgan XXI asrda, yana deng, demokratik davlat qurishni bayroq qilgan davlatda ijod erkinligiga aralashish, uni cheklash... qanday bo‘larkin? Uyat emasmikin?..

Qolaversa, O‘zbekiston Fuqarolik kodeksining 19-moddasiga darj etilganidek, taxallus davlat tomonidan fuqaroning ismi kabi himoyalanishi haqidagi qonuniy kafolat qayerga ketadi?!

O‘zi, e‘tibor berdingizmi, oxirgi mahallar idoradagi arbobiyam, ko‘chadagi nobopiyam ijodkor ahlini har bob bilan urishga, xumordan chiqib tepkilashga o‘rganib qolgandek. Mayli, qalam ahlini gapirmay. Bir qarashda to‘kin-sochin yashayotgan, matbuotu radioyu televideniyeni bo‘shatmayotgan shou bizneschilarga ham qiyin bo‘lib qoldi, chamasi.

“O‘zbeknavo” yaqindagina chet elga iznsiz chiqqan xonanda Botir Qodirovning litsenziyasini tortib olib, “persona non grata”ga chiqargandi. Kamiga, mahalliy matbuot orqali toshbo‘ron qilingandi “o‘zbilarmon”. Shundan beri xonandalar har bir qadamini o‘ylab bosadigan bo‘lib qoldi. Endi tegirmoni navbati taxalluslarga kelibdi. Bu ketishda mazkur idora xonandalarning nima yeyishi – kundalik ratsionigacha belgilab beradi-yov!

“O‘zbeknavo” birlashmasi qoshida taxalluslar bo‘yicha boshqarma ochish vaqti kelganga o‘xshaydi. Qo‘shiqchimi, bastakormi, klipmeykermi, taxallus tanlamoqchi bo‘lsa, avvalo, kabinetda qo‘r to‘kib o‘tirgan galstukli zotdan ruxsat olsin. Yo‘q, oldin so‘rasin, tanlayotgan taxallusi maqsadga muvofiqmi, mabodo yoshlar tarbiyasiga salbiy ta‘sir qilib qolmaydimi... Keyin mutasaddilar bir parcha vasiqa bersin arizachiga. Buning evaziga, shou bizneschilar, marhamat qilib, taxallus uchun davlat boji to‘lab qo‘ysin! Pul ishlashning original yo‘li, a? Nima dedingiz?!

Teshik quloq eshitarkan, yaqinda Gugusha degan xonandaning qo‘shiqlarini tinglab qoldim. Taxallusi g‘irt ajnabiycha-ku. Nima degani ekan bu: Gugusha? “O‘zbeknavo” birlashmasidan iltimos, galdagi majlislarda shu xonanda ham chaqirtirilib, taxallusi muhokama qilinsa, yoshlarga tushunarli, risoladagidek yorliq olish kerakligi tushuntirib qo‘yilsa. Agar so‘zlarini yerda qoldirsa, hammaga ibrat uchun azza-bazza litsenziyasini olib qo‘yishsa (O‘zi, litsenziyasi bormikin bu xonandaning?..)

Kinoya-kesatiqlar yetar. “O‘zbeknavo”ga jiddiy maslahat. O‘zbekiston Adabiyot va badiiy asarlarni muhofaza qilish bo‘yicha Bern konventsiyasiga qo‘shilganiga 7 yil bo‘ldi. Xalqaro hujjat uni imzolagan davlatlarga barcha ijod sohalari qatori qo‘shiqchilikda ham plagiatorlik – ko‘chirmakashlik, o‘g‘riliklarni bartaraf etish majburiyatini yuklaydi. Bugun o‘zbek shou biznesida xorij qo‘shiq va musiqalarini kuppa-kunduz kuni o‘g‘rilash ommaviy, zamonaviy usulga aylangani ma‘lum.

Agar “O‘zbeknavo”ning taxalluslar bilan shug‘ullanishdan boshqa yumushi qolmagan bo‘lsa, do‘stona maslahat, birovning tahoratiga namoz o‘qiyotgan, tayyor oshga bakovullik qilayotgan o‘g‘ri xonandalarga qarshi kurashsin! Shunisi jo‘yaliroqmikin deyman-da...

Blogger: Ayub Umar
XS
SM
MD
LG