Линклар

logo-print

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari saflarida xizmat qilgan abituriyentlar uchun oliy o‘quv yurtlariga kirishdagi imtiyozlar bekor qilingani yo‘q, aksincha, imtiyozlar yanada ko‘paydi. Bu ma‘lumotni Ozodlik O‘zbekiston Respublikasi oliy va maxsus ta‘lim vazirligi mas‘ul xodimidan oldi. 12 iyun kuni ba‘zi axborot vositalari sobiq askarlar uchun imtiyozlar bekor qilingani to‘g‘risida yozgan edi.

Mavzuga oid yangilik 12.uz saytida paydo bo‘ldi.

Saytga ko‘ra, “harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasiga ega, lekin konkursdan (test sinovlaridan) o‘ta olmagan va zarur miqdordagi ball yig‘a olmagan abituriyentlarni pedagogika, qishloq xo‘jaligi, tabiiyot-ilmiy va texnikaviy yo‘nalishlardagi oliy o‘quv yurtlariga to‘lov shartnomasi asosida qabul qilishda imtiyozlar bekor qilindi.”

Bu 12.uz xabarining birinchi abzatsi edi.

Xabarning ikkinchi abzatsi birinchisini inkor qiladi.

“O‘zbekiston Respublikasi oliy o‘quv yurtlariga 2012/2013 o‘quv yili uchun qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasining kengaytirilgan majlisida aytilishicha, tilga olingan kategoriyadagi abituriyentlar konkursda boshqalar bilan bir qatorda ishtirok etadi va ular yiqqan ballar imtiyoz sifatida qo‘shiladigan ballar bilan birgalikda o‘tish ballidan yuqori bo‘lsa, ular o‘qishga qabul qilinadi”, deb yozdi 12.uz sayti.

Xo‘sh, armiyadan qaytgan yigitlar uchun imtiyozlar bekor qilindimi-yo‘qmi?

12.uzning chuchmal xabaridan paydo bo‘lgan bu savolni berish uchun O‘zbekiston Respublikasi oliy va maxsus ta‘lim vazirligi matbuot xizmati bilan bog‘landik.

Xizmatning o‘zini tanishtirmagan xodimi savolimizga javobini “Ko‘ngillariga kelganini yozaverishar ekanda”, deb boshladi-da, masalaga oid vaziyatni mana bunday tushuntirdi.

- Agar u (harbiy xizmatni o‘tab, harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasini olib qaytgan abituriyent) hujjat topshirgani oliy o‘quv yurti konkursidan o‘ta olmasa, unga Davlat komissiyasi boshqa oliygohni tavsiya qiladi. Abituriyent arizasida o‘sha – boshqa oliygoh ko‘rsatilgan bo‘ladi, dedi vazirlik mas‘ul xodimi.

Uning aytishicha, yana bir yangilik bor: harbiy xizmatdan qaytgan abituriyent uchun imtiyoz sifatida qo‘shib beriladigan balllar miqdori biroz ko‘paytirilgan.

- Ilgari 25 edi, hozir 27 foiz maksimaldan. 61 ball qo‘shilayapti, dedi vazirlik xodimi.

Vazirlik vakili tilga olgan yangiliklar to‘g‘risidagi rasmiy hujjat shu kunda tayyorlanmoqda.

- Buni hozir nimasi chiqayapti, ishlanayapti. Mana yaqin kunlarda chiqadi nizomi,
dedi O‘zbekiston Respublikasi oliy va maxsus ta‘lim vazirligining o‘zini tanishtirishni istamagan mas‘ul xodimi.

Xullas, O‘zbekiston armiyasidan harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasi olib qaytgan abituriyentlar uchun hukumat belgilab qo‘ygan imtiyozlar bekor qilingani yo‘q, aksincha ko‘paydi.

O‘zbekiston prezidenti 31 may kuni imzolagan qarorda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari saflarida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va tegishli tavsiyanomaga ega bo‘lgan yoshlarning oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarida yiqqan ballariga maksimal o‘tish ballining 27 foizi qo‘shilajagi belgilab qo‘yilgan.

Harbiy qism rahbariyati zimmasiga esa xizmatni munosib o‘tagan yoshlargagina oliygohlarga kirish uchun tavsiyanoma berish mas‘uliyati yuklatilgan.

Qo‘mondonlik bergan tavsiyanoma berilgan kunidan boshlab uch yil mobaynida yaroqlidir.
XS
SM
MD
LG