Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:04

O‘sh voqealaridan keyin sudlanganlarning 98 foizi o‘zbek


2010 yil, iyun voqealaridan so‘ng Qirg‘iziston janubida o‘tkazilgan sudlovlardan 22 tasida hammasi bo‘lib 102 fuqaro sudlandi va sudlanganlarning 97 nafari o‘zbeklardir. Bu haqda Ozodlikka BMT inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining O‘shdagi vakili Renate Freyx ma‘lum qildi. Uning aytishicha, sudlanganlarning aksariyati tergov jarayonida turli ko‘rinishdagi qiynoqlarga solingan.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissarining O‘shdagi vakili Renate Freyxga ko‘ra, 2010 yil, iyun voqealarida ishtirok etganlikda ayblangan 61 kishi tergov davomida qiynoqqa solingan va mazkur masala yuzasidan davlat organlarining bironta ham amaldori javobgarlikka tortilgan emas.

BMT vakilining bu bayonoti iyun voqealari bo‘yicha o‘tkazilgan sudlovlar monitoringiga asoslangan.

Xalqaro hamjamiyat vakillari Qirg‘iziston janubida 102 shaxs ustidan o‘tkazilgan 22 sud jarayonini bevosita kuzatgan.

Renate Freyxga ko‘ra, sudlanganlarning aksariyati ayblovlarni qiynoqqa solinganlari tufayli bo‘yniga olishga majbur bo‘lgan.

Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati savollariga javob berar ekan, Renate Freyx, jumladan, bunday dedi:

- Biz kuzatgan 22 ish bo‘yicha sudlangan 102 fuqaroning 97 nafari o‘zbek, 4 nafari qirg‘iz va 1 nafari qozoq millatiga mansub fuqarolar edi. Tilga olingan 102 kishidan 61 nafari tergov jarayonida turli ko‘rinishdagi qiynoqlarga solinganlari to‘g‘risida sud majlislarida ochiq aytgan, dedi Renate Freyx.

BMT vakili qiynoq faktlari ochiq aytilganiga qaramay, ularni qo‘llagan biron kishi ham javobgarlikka tortilmaganidan, bunday holatlar hanuzgacha kuzatilayotganidan norozilik bildirdi.

Renate Freyxga ko‘ra, BMT vakillari qiynoqqa solinganlar bilan bog‘liq ishlarni bundan buyon ham nazorat qiladi.

Qirg‘iziston huquq-tartibot organlari BMT vakilining bayonotida keltirilgan faktlarni inkor etmoqda.

O‘sh shahri prokurori Atay Shakir uuluning aytishicha, Renata Freyx bayonotida keltrilgan faktlar tekshirilgan, lekin qiynoq faktlari aniqlangan emas.

- Biz Freyx aytgan 61 ish bo‘yicha maxsus tekshiruv o‘tkazdik. Biroq bu faktlar o‘z tasdig‘ini topgani yo‘q, dedi O‘sh shahri prokurori.

O‘sh fojeasi kunlari oddiy fuqarolarning militsiya xodimlari tomonidan kaltaklanganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan inson huquqlari himoyachisi, “Qilim shami” tashkiloti rahbari Aziza Abdurasulova mana bunday fikrni bildirdi.

- Prokuratura bir tomondan davlat qoralovchisidir, ikkinchi tomondan qiynoq qo‘llash yo‘li bilan ochilgan jinoyatlarni fosh qilishga ishtirok etmoqda. Demak, prokuratura jinoyatni ochishdan manfaatdor bo‘lgani uchun, o‘z manfaatiga yotmaydigan qadamlarni tashlay olmaydi, deydi Aziza Abdurasulova.

Avvalroq BMTning qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma‘ruzachisi Xuan Mendos iyun fojeasi yuzasidan o‘tkazilgan tergov ishlari davomida qiynoqlar qo‘llanilganini e‘lon qilgan va mamlakat hukumatini bu ko‘rinishga qarshi chora qo‘llashga chaqirgan edi.

Qirg‘iziston prezidenti farmoyishiga binoan ikki oy mobaynida ishlab chiqilgan O‘sh qirg‘inining rasmiy versiyasiga ko‘ra, O‘sh voqealari bo‘yicha 545 kishi jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ulardan 400 nafari (73,3%) o‘zbeklardir.
XS
SM
MD
LG