Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:18

Ijtimoiy muammolar - o‘zbek matbuoti nigohida


Hafta davomida O‘zbekiston matbuot nashrlarida “qaynoq” siyosiy voqealardan tortib, ushlasa qo‘l kuymaydigan ilmiliq hodisalargacha – turfa mavzular qalamga olindi.

Rasmiy gazetalar O‘zbekiston-Xitoy munosabatlariga bag‘ishlangan “Hamkorlikning yangi ufqlari” maqolasini yoppasiga chop etdi. Maqola O‘zbekiston milliy axborot agentligi tomonidan tayyorlanganini izohlashga hojat bo‘lmasa kerak (ushbu sarlavha uzoq yillar davomida agentlikning xorijiy hamkorlikka doir materiallarida navbatchi yorliq sifatida sadoqat bilan xizmat qilib kelayotgani o‘quvchilarga ma‘lum).

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 12 iyun kuni AQSh Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Uilyam Bernsni qabul qilgani xususidagi xabar ham butun mamlakat gazetalarini kezib chiqdi.

Deyarli har bir nashrda oilaviy tadbirkorlik uchun yaratilgan imtiyozlar xususida maqola berildi.

Mahalliy matbuot ko‘pdan buyon chaynalgan dabdabali to‘y mavzusida ham hafsala bilan yozishda davom etdi (“Hozir ham tekinga osh beriladimi?”, “Inson va qonun”, 12 iyun, “To‘ylarimiz ibratlimi yoki illatli?”, “Adolat”, 14 iyun va b.)

“Xalq so‘zi” 15 iyun kuni “Qarindoshlik rishtasi muqaddas, ammo...” maqolasini chop etdi. Siyosat yoki iqtisodga oid tanqiddan xoli hukumat nashrida, hartugul, maishiy mavzuda bo‘lsa-da, “tishliroq” maqola e‘lon qilindi.

Muallif – Respublika “Ona va bola” markazi direktori Madina Sharipova Yevropada qarindoshlar nikohi 1 foiz bo‘lgan bir paytda, bu holat O‘zbekiston qishloqlarida ko‘payib borayotganini qayd etadi.

“Tarbiya o‘yinchoq emas” maqolasida ommaviy madaniyatni targ‘ib etayotgan xorij o‘yinchoqlari tanqid qilingan (aksar nashrlar O‘zAchilar qalamidan chiqqan mazkur materialga ham bajonidil joy ajratgan).

Mamlakat parlamenti deputati Jahongir Boboyev masalaga hozirjavoblik bilan, keskin munosabat bildiradi, o‘yinchoqlardan foydalanishning huquqiy asosini yaratish zarurligini aytadi.

Maqola “Qizlarimiz mini yubka kiygan “Barbi” bilan emas, uzun atlas kiygan “Barchinoy”lar bilan do‘stlashsa... vatanparvarlik tuyg‘ulari yanada teranroq shakllanishi shubhasiz” degan tesha tegmagan xulosa bilan yakunlanadi.

Toshkentda ko‘p qavatli uylar oldida joylashgan garajlarni tekislash jarayoni ketmoqda. “Novыy vek” gazetasi 14 iyun kuni “Garajlarni buzish – yengillikmi yoki boshog‘riq?” (Snos garajey – blago ili problema?) maqolasida bunga munosabat bildirdi.

Aytilishcha, Olmazor tumanida mulk egalarining xohishiga zid ravishda garajlar kunfayakun qilinmoqda. Gazeta garajbuzarlik qaysi hujjatga ko‘ra amalga oshirilayotganini savol ostiga oladi: “Hokimiyatdan buzish uchun asos hujjat so‘ralganida, negadir militsiya chaqirishdi. Militsiya xodimlari shunday hujjat borligini aytishdi, lekin baribir uni ko‘rsatishmadi”.

“O‘zbekiston ovozi” 14 iyun sonida “Davlat byudjeti ijrosi deputatlar muhokamasida” korrespondentsiyasini e‘lon qildi. Materialda joriy yil birinchi choragida yangi ish o‘rni, yalpi ichki mahsulot, sanoat ishlab chiqarish hajmi oshishi borasida qator umidbaxsh raqamlar keltirilgan. Biroq o‘quvchini qiziqtirgan asosiy masala – so‘z yuritilayotgan davrda davlat byudjetidan, deylik, mudofaa va xavfsizlik maqsadida qancha mablag‘ sarflangani xususida yozish muallifning “xotirasidan ko‘tarilgan”.

O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi muassisligida chiqadigan ushbu gazetaga oid yana bir tafsilot. “O‘zbekiston ovozi”ning bir muddat oldin liberal demokratik partiya haqida tanqidiy maqola chiqargan muxbiri ishdan haydalgan. “XXI asr” gazetasi payshanba kungi sonida qayd etishicha, jurnalistning ishdan bo‘shatilishiga Surxondaryo viloyat matbuot va axborot boshqarmasi rahbari O‘.Oltiboyev nomidan soxta intervьyu yozgani sabab bo‘lgan.

“Asrandi qizning soxta hujjatlari” sud ocherkida (“Iste‘molchi” gazetasi; 14 iyun) pasport tizimidagi qalloblik xususida hikoya qilinadi. Aytilishicha, toshkentlik Zemfira Yanbarisova 15 yil oldin vafot etgan qizi Go‘zalya Gaynuddinova nomiga o‘zga shaxs uchun soxta pasport olgan, mutasaddilar ko‘magi bilan boshqa hujjatlarni ham soxtalashtirgan. Ushbu jinoiy ishda Uchtepa tumani ichki ishlar boshqarmasi mulozimi, FHDYo mutasaddisi va Toshkent shahar “Vatanparvar” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi ham ayblangan.

Gazetalar chaqaloqfurushlar ushlangani haqida axborot berdi. Qo‘shko‘pir tuman tibbiy birlashmasi xodimlari P.Sultonova, B.Annaquliyeva, J.Ro‘zimetova so‘nggi 3 yil nikohsiz homila orttirgan ayollarni xilvat uyda tug‘dirib, dunyoga kelgan go‘daklarni pullab kelgan. Bu haqda Xorazm viloyat IIB boshlig‘i Rahmat Mamatov “Mahalla” gazetasining 21-sonida ma‘lum qildi. Mamatovga ko‘ra, Xazorasp tug‘ruqxonasi akusher-ginekologi Rahimova, vrach-ordinator Usmonova, doya Saidnazarova ham chaqaloq savdosi bilan shug‘ullangan.

“Huquq” gazetasi 22-sonida yozishicha, Toshkent shahar 3-sonli tug‘ruqxona majmuasining ismi ochiqlanmagan hamshirasi va huquqshunosi ham bola sotgani uchun hibs qilingan.

“Adolat” gazetasi 15 iyun kuni meva-sabzavotchilikni rivojlantirish muammosini ko‘tarib chiqqan. Maqolada aytilishicha, mamlakatda yetishtirilayotgan meva-uzum mahsulotlari o‘sib borayotgan ehtiyojni to‘liq ta‘minlay olmaydi. Gazeta bog‘dorchilik bilan shug‘ullanuvchi xo‘jaliklarga iqtisodiy erkinlik berish, xorijdan ko‘chat olib kelishiga imkon yaratish zarur, deb hisoblaydi.
XS
SM
MD
LG