Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:56

Jizzaxlik ayol “Afrosiyob” zarbidan o‘ldi


16 iyun kuni Jizzax shahri hududida “Afrosiyob” tezyurar poyezdi 30 yoshli Nargiza Sarayevani urib yubordi va ayol voqea joyida vafot etdi.

Voqea o‘tgan shanba kuni ertalab soat 9 larda Jizzax shahrining Bog‘ishamol mahallasi hududida sodir bo‘lgan.

Toshkent-Samarqand yo‘nalishida harakatlanayotgan “Afrosiyob” tezyurar poyezdi jizzaxlik 30 yoshli Nargiza Sarayevani urib yuborgan.

Voqea guvohlariga ko‘ra, Nargiza olgan jarohati bois o‘sha joyning o‘zida olamdan o‘tgan.

Jizzax shahrining Qalya mahallasida yashagan Nargiza Sarayeva shahar SESida ishlagan va ishdan berilgan topshiriq bo‘yicha ketayotgan payti ushbu baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan.

Jizzaxlik huquq faoli Mamirjon Azimov Ozodlik iltimosiga ko‘ra ushbu voqeani o‘rganib, tafsilotlariga oydinlik kiritdi.

- Sarayeva Nargiza Sanepidstantsiyada xodima bo‘lib ishlar ekan. Ularni kommunal to‘lov bo‘yicha aholidan pul yig‘ish uchun chiqarib yuborishgan ishxonasidan. Bular kommunal to‘lov bo‘yicha chiqib turib, Bog‘ishamol hududidan Sharluq mahallasiga o‘tadigan poyezd yo‘lda maxsus punktdan o‘tmoqchi bo‘lgan. Bu yerda aholi o‘tishi uchun, o‘sha punkt ertalab soat 9 larda tezyurar poyezd kelar paytlarda yopilar ekan, poyezd o‘tib ketgandan keyin yana ochib qo‘yilar ekan. O‘sha kuni o‘sha yerda bo‘lgan nazoratchi yo‘q bo‘lgan u yerda, o‘sha punkt qulflanmay qolganda, bular poyezd yo‘ldan kesib o‘tayotgan paytda, kelinni poyezd urib yuborgan.

Bular uch kishi bo‘lgan, Nargiza telefonda gaplashib telefon bilan ovora bo‘lib qolgan. Telefon bilan gaplashib ketayotgan vaqtda xayol bilan e‘tibor bermagan. Tez yurar poyezd yetib kelib bu kelinchakni urib yuborgan. Ko‘krak qismidan yuqori qismi, asosan miya qismi qattiq jarohat olishi natijasida o‘sha joyda jon bergan, deydi voqea tafsilotlarini maxsus o‘rgangan Mamirjon Azimov.

Jizzax shahar Ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan navbatchi xodimi Nargiza Sarayevaning "Afrosiyob" poyezdi urib yuborgani oqibatida o‘lganini tasdiqladi.

Militsiya xodimiga ko‘ra, "Jizzax shahri hududidan o‘tgan temir yo‘l Samarqand shahriga qarashli bo‘lgani bois", Nargiza Sarayeva o‘limi bo‘yicha ochilgan jinoiy ishni Samarqand Transport prokuraturasi o‘rganmoqda.

Nargiza Sarayevaning o‘limi tezyurar poyezd bilan bog‘liq ilk favqulodda hodisa emas.

Joriy yilning 27 yanvar kuni Sirdaryo viloyati hududida – Oq oltin - Guliston temir yo‘l bekatlari oralig‘ida 7 yashar Aziza Faxriddionova “Afrosiyob”poyezdi shamolidan olgan jarohati bois o‘lgan edi.

Samarqand Transport prokuraturasi bu voqeani tasdiqlab, Aziza poyezd shamoli natijasida simyog‘ochga zarb bilan urilib, olgan og‘ir jarohatdan kasalxonada vafot etganini aytgan edi.

2011 yilning 21 sentyabrida Sirdaryo hududida soatiga 190 kilometr tezlikda ketayotgan “Afrosiyob” poyezdining pantografi ishdan chiqqach, reys bekor qilingan.

“Afrosiyob” tezyurar poyezdining 250 kilometr/soat tezlikda yura olishi aytiladi. Mutaxassislarga ko‘ra, transport bunday tezlikda harakatlangan paytda kuchli shamol yuzaga keladi.

Samarqand Transport prokuraturasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, temir yo‘l bo‘ylab o‘rnatilgan to‘siqlarni buzib, o‘g‘irlab ketish, belgilanmagan joydan to‘siqni oshib o‘tish, poyezdlarga tosh otish kabi qonunbuzarliklar uchrayotgani bois¸ "Afrosiyob" yo‘lida xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar tug‘ilmoqda.

Joriy yil boshida “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat kompaniyasi Jizzaxdan Dashtobodgacha 59 kilometrlik va Dashtoboddan Yangiyergacha 34 kilometrlik yo‘l qaytadan ta‘mirlangani, Toshkentdan Samarqandga qadar yo‘l bo‘yiga simto‘r tortilgani haqida hisobot bergan.

Toshkent va Samarqand o‘rtasida qatnovchi “Afrosiyob” tezyurar poyezdi Ispaniyaning “Patentes Talgo S.L.” shirkati tomonidan ishlab chiqarilgan. Ispan shirkati va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida 2009 yilda imzolangan oldi-sotdi bitimiga muvofiq, ikkita poyezd va ular ehtiyot qismlari qiymati 38 million yevroga baholangan.

Birinchi tezyurar poyezd 2011 yil 22 iyul kuni O‘zbekistonga olib kelingan va 2011 yilning oktyabridan beri doimiy qatnovga qo‘yuilgan. Ikkinchi “Afrosiyob” tezyurar poyezdi esa 2011 yil 9 dekabr kuni Toshkentga keltirilgan.

Tezyurar elektropoyezd ikki shahar o‘rtasidagi 344 kilometrlik masofani 2 soatu 30 daqiqada bosib o‘tmoqda.
XS
SM
MD
LG