Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:51

O‘zbek telekanallari qamrovi kengaymoqda


O‘zbekiston hukumatining bu borada maxsus strategiyasi yo‘qligiga qaramay¸ o‘zbek tilidagi telekanallari qo‘shni davlatlardagi o‘zbek jamoalari orasida ommaviylashib bormoqda.

Qirg‘iziston axborot xavfsizligini kuchaytirmoqchi


Qirg‘izistonlik mutaxassislar guruhi Botken viloyatida teleradioeshittirishlar sifatini tekshirar ekan, Isfana shahri markazida quvvati 30 vattli hamda Laylak tumanidagi Beshkent qishlog‘ida 10 vattli translyator ishlayotganini aniqlashdi, deb xabar qildi Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati.

Aytilishicha, tilga olingan inshootlar O‘zbekiston televideniyelari ko‘rsatuvlarini o‘sha hudud xalqiga yetkazib bermoqda.

Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati muxbiri O‘zbekiston TVlari ko‘rsatuvlarini uzatayotgan retranslyatorlar nima uchun Qirg‘iziston hududida ishlayotganini aniqlashga uringan.

“Mahalliy darajada bu savol javobini biladiganlar javob bermadi. Aytilishicha, retranslyatorlarning biri 30 yil ilgari o‘rnatilgan, ikkinchisini esa, mahalliy aholining o‘zi o‘rnatib olgan”, deb xabar qildi muxbir.

Masalaga Qirg‘iz Respublikasi Milliy aloqa agentligi raisi o‘rinbosari Chingiz Bektashev aniqlik kiritdi.

- Bu sohadagi ishlarning barchasi o‘zaro kelishuvlar asosida olib borilmoqda. Retranslyatorni qo‘shnilar o‘rnatmoqchi bo‘lsa, biz bilan, biz o‘rnatmoqchi bo‘lsak, ular bilan kelishamiz. Barcha retranslyatorlar to‘g‘risidagi ma‘lumotlar bizda mavjud. Bundan tashqari ular xalqaro reyestrlarda ham qayd etiladi, degan Chingiz Bektashev Ozodlik muxbiriga.

Qirg‘iziston hukumati mamlakat informatsion xavfsizligini ta‘minlash yo‘lidagi harakatlarini davom ettirmoqda.

Mutaxassislarning Botken viloyatida o‘tkazgan tekshiruvi ham ana o‘sha urinishlardandir.

Biroq informatsion texnologiyalar rivoji kishilarni o‘z tilida informatsiya olish imkoniyatlarini kengaytirib yubordi.

Sun‘iy yo‘ldosh chiqqandan beri¸ retranslyatorlarga hojat qolmadi


Bu fikrga O‘zbekistonning chekka hududlarida hamda qo‘shni davlatlarning O‘zbekistonga chegaradosh hududlarida yashaydiganlar bilan qilgan muloqotlarimiz natijasida keldik.

O‘zbekistonning So‘x tumani Qirg‘izistonning Botken viloyati bilan chegaradosh.

So‘xlik Kamoliddinning aytishicha, mamlakatning chekka hududlaridan bo‘lgan bu tuman aholisi ham O‘zbekiston telekanallari ko‘rsatuvlarini ko‘ra oladi.

- "Sport" kanali, "Yoshlar" va "O‘zbekiston 1-kanali"ni oladi, deydi Kamoliddin.

Lekin yaqin-yaqinlargacha ham tumandagi ba‘zi Chashma, Hushyor, G‘aznob, Xanacha
qishloqlari ahli O‘zbek TVsi ko‘rsatuvlarini ko‘ra olmas edi.

- Uch-to‘rt yil bo‘ldi. O‘zbekiston kanali sputnikka chiqqandan keyin o‘sha joylarda qo‘shimcha antennalar qo‘yildi. Sputnik orqali oladiyu. O‘sha orqali qo‘yildi, deydi Kamoliddin.

Va natijada, tilga olingan qishloqlar ahli ham “O‘zbekiston” kanali ko‘rsatuvlarini tomosha qilishni boshlagan, deb xabar qildi so‘xlik Kamoliddin.

O‘zbek tilida chiqadigan “Janubiy Qozog‘iston” gazetasining ismini aytishni istamagan xodimasiga ko‘ra, uning yurtdoshlari ham “O‘zbekiston” telekanali ko‘rsatuvlarini ko‘ra oladi.

- Sputnik antenna bilan qo‘ysa ko‘radi. Chet qishloq joylarda baland-baland joylarda prostoy antenna bilan ko‘ra oladi.

Ozodlik: Shaxsan sizning uyingizda siz O‘zbekiston televideniyesini ko‘rasizmi?

- Ko‘ra olmaymiz.

Ozodlik: Sizlarda agar sputnik bo‘lmasa ko‘ra olmaysizlar.

- Ko‘rsatmaydi. Prostoy antenna bilan ko‘rsatmaydi, deydi “Janubiy Qozog‘iston” gazetasining ismini aytishni istamagan xodimasi.

Tojikistonning Xatlon viloyati, Kolxozobod tumanidagi Guliston qishlog‘idan Afg‘onistongacha 30, O‘zbekistongacha 150 kilometr.

Gulistonlik Xidiralining aytishicha, qishloq ahli

- O‘zbekistonning birinchi programmasi va ForumTVni shu yerdagi o‘zbeklar ko‘radi.

Ozodlik: Tojikiston televidenisini ham ko‘ra olasizlarmi?

- Tojikistonnikini oddiy antenna bilan ko‘rsa bo‘ladi. Afg‘onistondagi o‘zbeklarning televideniyesi borku. "Oyna" televideniyesini ham ko‘ramiz. Buning hammasi sun‘iy yo‘ldosh orqali ko‘riladi, deydi Xidirali.

Afg‘onistonning shimolidagi qator viloyatlarda ham o‘zbeklar yashaydi va keyingi yillarda ular ham o‘zbek TVsi ko‘rsatuvlarini tomosha qilmoqda.

Afg‘oniston Sog‘liqni saqlash vazirligida mas‘ul lavozimda xizmat qiluvchi doktor Hafiz bunday dedi:

- Afg‘oniston shimolidagi aksar viloyatlarda O‘zbekiston televideniyesi, xususan Kanal-1 ni ko‘ra olishadi. Bu oddiy antennalar bilan emas. O‘zbekiston televideniyesi sun‘iy yo‘ldoshga chiqaqandan keyin Afg‘onistondagi televideniye kabellari buni olib nashr etish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Hozir Mozori Sharif, Shibirg‘on, Saripul, Foryob, Toxor viloyatlari O‘zbekiston televideniyesini tomosha qilish imkoniga ega. Afg‘onistonlik o‘zbeklarning ko‘pchiligi bu televideniyelarni tomosha qilishadi, deydi afg‘onistonlik doktor Xafiz.
XS
SM
MD
LG