Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 08:30

Blog: Toshkentda futbol ko‘rish kamida 30 mingga tushadi


Chastota yaxshi uzatilmagani uchun ispan muxlislari ham Italiya-Irlandiya o‘yinini ko‘rishga majbur bo‘ldi.
Chastota yaxshi uzatilmagani uchun ispan muxlislari ham Italiya-Irlandiya o‘yinini ko‘rishga majbur bo‘ldi.

Yevropa chempionati boshlandi-yu, o‘zbekistonlik koptoksevarlarning kuni tug‘di. Futbolga suyagi yo‘q muxlislar azza-bazza mehnat ta‘tiliga chiqvola qoldi: to‘rt yilda bir bo‘ladigan mazaxo‘rak tomoshani xayolni bir joyga qo‘yib, bemalol-bahuzur ko‘rish uchun-da.

Ko‘cha-ko‘yda Yevropa chempionati haqida bir-biriga gap bermay suhbatlashayotgan yosh-yalang ko‘p uchraydi. Lekin to‘ng‘ich avlod orasida futbol ruhi unchalik sezilmayotgandek. Kim bilsin, kattalar ishqibozlikni kichiklarga qo‘shqo‘llab topshirib, o‘zlari turmush tashvishlari bilan andarmonmi...

Qayerga borsam ekan?..


Futbol desa o‘zimni tomdan tashlamasam ham, hartugul, pichoqqa ilinadigan jamoalar bahsini kuzatib boryapman. Xabaringiz bor, kecha S guruhi taqdiri hal bo‘ldi. Bu yoqda Ispaniya va Xorvatiya, u yoqda Italiya va Irlandiya maydonga tushdi. Har ikki o‘yin Toshkent vaqti bilan 23:45 da boshlandi. Ko‘pdan italyanlarga ishqibozlik qilib yurganim uchun ikkinchi o‘yin qiziq tuyuldi menga.

Shu desangiz, uyda yostiq quchoqla-ab, Ukrainayu Polsha stadionlariga sayohat qilish jonga tegdi. Biror kafedami, xiyobondami, klubdami – xullas, besh-o‘n muxlis yig‘iladigan joyga borgim keldi.

Do‘stlarning tavsiyasi bilan Toshkentdagi “Premier League” sport bariga yo‘l oldim. Match boshlanishiga bir soatcha vaqt bor, lekin barda odam siyrak. Eshik og‘zida g‘ozdek turgan xizmatchi yigitdan buning sababini so‘radim.

– Bilmadim, oxirgi kunlar tomoshabin qadami uzilib qoldi. Rossiyaning o‘yiniga odam ko‘p kelardi. Oldindan telefon orqali joy buyurtirib qo‘yishardi. Gruppadan chiqolmadi-ku Rossiya. Endi... qancha odam yig‘ilishi komandalarga ham bog‘liq. Lekin, menimcha, chorak final boshlanganidan keyin ishqibozlar ko‘paysa kerak, – deya vaziyatga oydinlik kiritdi eshikog‘a.

Bilsangiz, futbolni ko‘pchilik bilan tomosha qilish kerak. Ashaddiy muxlislarning baqir-chaqiri, olqish-qarg‘ishiga qo‘shilishib, ko‘nglingizdagi g‘uborlar tarqaydi-da.

“Premier League”dan kutganim – gurros-gurros tomoshabinni topmadim. Shu sabab zaxiradagi ikkinchi joy – “Soccer resto-club” restoraniga qarab ot soldim.

1000 dollar to‘lab qo‘ygan korchalon


Bino peshtoqiga yopishtirilgan ulkan koptok ishqibozlarni sirli imlayotgandek.

Ichkariga kirganingiz zahoti, boshingiz ustidagi bahaybat qo‘g‘irchoq – to‘pga qarab sapchiyotgan darvozabon e‘tiboringizni tortadi. Futbol restoranining har bir qavati, har bir burchagi koptoksevarlarning didiga mos bezatilgan.

Bir necha oshyonli bino devorlariga futbol yulduzlarning turfa alfozdagi suratlari yopishtirib tashlangan. Istasangiz, xorijning nomdor jamoalari uslubida bezatilgan xos hujrada (ammo ixchamroq ekranda), istasangiz 3x4 metrli monitorda – ko‘pchilik davrasida tomosha qilasiz o‘yinni. Katta ekran o‘rnatilgan asosiy tomoshaxonaga 60 chog‘li odam sig‘adi. Lekin bugun bu yerda ham 15-20 tomoshabin yig‘ilgan.

Azamat ismli oyoq-qo‘li yengil yigit “Soccer resto-club”da futbol tomosha qilish shartini tushuntirdi.

Har bir mehmon futbol ko‘rish bilan cheklanmay, kamida 30 ming so‘mli yegulik tanovul qilishi kerak. Ham tomoshaxona, ham tamaddixona!

Qulog‘ingizga chalingandir, bu yil O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi Yevropa chempionati translyatsiyasi huquqini ko‘tarasiga sotib oldi.

O‘zMTRK futbol ko‘rsatmoqchi bo‘lgan restoran, kafe, klub, choyxona, kinoteatr, istirohat bog‘lariga 1000 dollarlik shartnoma imzolash talabini qo‘ydi.

Mo‘‘jaz tamaddixonalar uchun bu to‘lov og‘irlik qilgani rost. Lekin aksar kafeyu restoranlar ko‘zni chirt yumib teleradiokompaniya bilan shartnoma imzoladi. Alomat musobaqa bahona uch-to‘rt tanga ishlab olish mumkin-da.

Oyog‘i olti, qo‘li yetti bo‘lib muxlis-xo‘randalarga xizmat qilib yurgan Azamat gap orasida litsenziya borligini pisanda qilib qo‘ydi. Demak, happoi halol o‘yin ko‘ramiz.

Mabodo teleradiokompaniyadan biror taftishchi kelib qolsa ham (bilib bo‘ladimi, butun ommaviy axborot vositalari orqali translyatsiya uchun shartnoma qilmaganlar ogohlantirib chiqildi-ku!), xotirjam o‘tirsak bo‘ladi: “Soccer resto-club” rahbariyati bizdek muxlislar uchun naqd 1000 dollar sanab bergan!

Baqir-chaqir taqiqlan...maydi!


Ana-mana bilan qo‘sh o‘yin ham boshlandi. Katta xonaga jam bo‘lgan aksar muxlis Ispaniya–Xorvatiya bahsi uchun kelgan ekan. Men esa, boya aytganimdek, Italiya–Irlandiyani ko‘ray degan ilinjida edim. Ikki o‘yin ham parallel kechayotgani uchun ulardan birini tanlash kerak. Ko‘pchilikning gapi gap! Alhosil, qarshimizdagi mahobatli ekran “Yoshlar” telekanali efirga uzatayotgan Ispaniya–Xorvatiya o‘yinini ko‘rsata boshladi.

Shu texnika degani zap mavhum-mujmal narsa-da. O‘chakishgandek, hali ovoz yo‘qolib qoladi, hali tasvir deng! Padari qusur qurilmaning aybi bilan sharhlovchi Davlat Turdialiyevning biyron gaplari ham xuddi xumdan chiqayotgandek eshitiladi-ya! Xizmatchi yigit arzanda matohini sozlolmay garang, mijoz-xo‘randalar asabi tarang!

“Chastotani yaxshi uzatishmayapti, bizning aybimiz yo‘q” deb qo‘yadi orada. Baribir bo‘lmadi. Ispan muxlislarining ham, axiyri, sabr kosasi to‘ldi. “Italiyaga olib ko‘r-chi!” deyishdi noiloj. Mijozning istagi qonun! Kanal “Yoshlar”dan “Rossiya 2”ga almashdi. Xudo degan muxlis ekanman, bu kanal Italiya–Irlandiya o‘yinini bip-binoiy ko‘rsatyapti. Andak asabiylashuvlar ortda qolib, o‘zim kutgan tomoshaga oshno bo‘ldim...

Tomoshaxonaga kengish oromkursilar qo‘yilgan. Yalpayibmi, yastanibmi – o‘zingizga qulay pozada ko‘raverasiz o‘yinni. “Baqir-chaqir taqiqlanadi!” degan e‘lonni ham ko‘rmadim. Demak, qisinib-qimtinmay, bemalol “o‘z uyingizdagidek” o‘tirishingiz mumkin (Restoranda baqir-chaqir taqiqlanmasa ham, suratga olish man qilingan ekan, qarang! Bitta-ikkita suratga olganimni ko‘rgan xodim oshig‘ich ogohlantirdi. “Ul-bul yozsam, foydalanarman, reklama-ku sizlarga”, deya murosaga chaqirmoqchi bo‘lsam, “Reklamaga muhtoj emasmiz” dedi qat‘iy. Shu tomonlarga yo‘lingiz tushib qolsa, suratga olib, menga o‘xshab dakki eshitib yurmang-a tag‘in!)

Futbol bahona... ulfatchilik g‘animat


Qurama izdihom. Futbol desa chimildiqni ham tashlab chiqqudek jur‘atga ega ashaddiy ishqiboz ham shunda. Do‘stlarining tortqilashlaridan uyalibmi, bezor bo‘libmi, ko‘pchilikdan qolmay deb kelgan ham shunda.

Xotinining ta‘na-dashnomi (“Bitta koptokning ketidan Halokuning itidek chopayotgan ahmoqlarga sherik bo‘lmay, foydali ish qilsangiz bo‘lmaydimi?!”) jonidan o‘tib ketib, tinchlik istab kelgan “mazlum” ham shunda...

Ha, o‘z nomi bilan tomosha bu! Huv chekkada o‘tirgan yigitlar o‘yinga ham qaramay, oldidagi serko‘pik pivoni semirgancha gap sotib o‘tiribdi: futbol bahona ulfatchilik g‘animat.

Yonqatordagi o‘rta yashar er-xotin muxlis mo‘l-ko‘l buyurtma berib, paqqos taomxo‘rlikka ixtiyor bergan.

Yo‘q, haytovur, ashaddiy muxlislar ham bor ekan. Ana, o‘rta qatordagi yigit og‘ziga solmoqchi bo‘lgan bodrog‘i qo‘lida qolib, italyanlarning navbatdagi hujumini angraygancha kuzatib o‘tiribdi...

“Evropani moviyga bo‘yaymiz!” degan shior bilan to‘p tepayotgan Italiyaning ishqibozi ko‘p azaldan. Tomoshaxonadagi aksar muxlislar ham italyanlarga “bolet” qildi shu kuni.

Kampisand Irlandiyaga yon bosgan odam bo‘lmadi. 2:0 hisobida Italiya g‘alabasi bilan yakunlangan o‘yin tafsilotlariga to‘xtalib o‘tirmayman.

Shirin uyqusidan kechib, tun yarmigacha bahsni ko‘rgan muxlislar izohlarimga muhtoj emasdir.

Ammo-lekin Italiyaning sevimli zanjisi Balotellining goli hammasidan ham chiroyli chiqdi, a, to‘g‘rimi?..
XS
SM
MD
LG