Линклар

Qozog‘istonda o‘zboshimchalik bilan zastavani tashlab ketgan 11 harbiy ushlandi. Bu haqda Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Chegara xizmati ma‘lum qildi.

Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Chegara xizmati ma‘lumotiga ko‘ra, qozoq-xitoy chegarasidagi “Tersayriq” chegara zastavasini o‘zboshimchalik bilan tashlab ketgan 11 harbiy 19 iyun kuni soat 13 dan 40 daqiqa o‘tganda Sharqiy Qozog‘istonning Tarbagatay tumani Janatalap qishlog‘i yaqinidan ushlangan.

Chegara xizmatining o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, Chegara xizmati, Ichki ishlar departamenti va Milliy xavfsizlik qo‘mitasi departamenti tomonidan tuzilgan maxsus qidiruv guruhi 11 chegarachini “Tersayriq” chegara zastavasidan 18 kilometr uzoqlikda qo‘lga olgan.

- Ular chegaradan qochib ketmagan, balki zastavani o‘zboshimchalik bilan tashlab ketgan. Hozirda 11 chegarachi avtomashinada chegara zastavasiga olib ketilayapti, deydi rasmiy.

Chegara xizmati avval e‘lon qilgan bayonotda “Joriy yilning 18 iyun kuni tong saharda 2011 yilning noyabrida muddatli xizmatga chaqirilgan o‘n bir harbiy “Shig‘is” mintaqaviy boshqarmasi Zaysan chegara otryadining “Tersayriq” chegara zastavasini o‘zboshimchalik bilan, qurolsiz tashlab ketgan”, deya xabar qilindi.

Chegarachilar qochib ketganidan xabar topgan zastava boshlig‘i mustaqil ravishda qidiruv tashkil qilishga uringan va bu favqulodda vaziyat haqida qo‘mondonlikka faqat oqshomga borib ma‘lum qilgan.

Dastlabki rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, chegarachilarning o‘zboshimchalik bilan zastavani tashlab ketishiga chegarachilar o‘rtasidagi harbiy nizomga muvofiq bo‘lmagan munosabatlar sabab bo‘lgan.

Chegara xizmatidan ma‘lum qilishlaricha, bu joyda davlat chegarasini qo‘riqlash Chegara xizmatining qo‘shimcha bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.

Ayni paytda mazkur hodisa yuzasidan harbiy prokuratura tomonidan Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 380-moddasi 1-qismi (harbiy qism qo‘mondonligi, mansabdor shaxslari tomonidan xizmat vakolatlarining suiiste‘mol qilinishi yoki oshirib yuborilishi) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Bu qozoq-xitoy chegarasida so‘nggi bir oy mobaynida sodir bo‘lgan ikkinchi noxush hodisadir. May oyi oxirida Olmaota viloyatidagi “Arqankergen” chegara maskanida 14 chegarachi va o‘rmon qo‘riqchisining kuygan jasadi topilgandi.

Mazkur qotillikda chegara zastavasi tirik qolgan yagona askar Vladislav Chelax gumonlanmoqda. Huquq-tartibot idoralari ma‘lumotlariga ko‘ra, hozir u so‘roq qilinayapti. Ammo Chelaxning onasi jurnalistlarga o‘g‘li bilan uchrashuv chog‘ida Vladislav o‘z xizmatdoshlarining o‘limiga aloqasi yo‘qligini aytganini bildirgan.
XS
SM
MD
LG