Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:38

Chet el kinochilarining film olish tartibi belgilandi


Nemis kinochisi Helmerning "Uzbek Express" filmi Vazirlar Mahkamasining yangi tartibi joriy qilinishidan oldin suratga olingan edi.
Nemis kinochisi Helmerning "Uzbek Express" filmi Vazirlar Mahkamasining yangi tartibi joriy qilinishidan oldin suratga olingan edi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi chet el kinoshirkatlari tomonidan mamlakat hududida kino-videofilmlar olish tartibini tasdiqladi. Unga ko‘ra¸ xorij kinochilari ijodi ustidan ham tsenzura o‘rnatiladigan bo‘ldi.

18 iyun kuni rasmiy nashrlarda e‘lon qilingan bu tartibga ko‘ra¸ O‘zbekistonda film suratga olmoqchi bo‘lgan chet el kinochisi ikki oy oldin “O‘zbekkino” milliy agentligi litsenziya bo‘limiga hujjatlarni topshirishi kerak.

Bu hujjatlarda kinochining O‘zbekistonda nimani qayerda va qanday suratga olishi aniq ko‘rsatilishi lozim.

“O‘zbekkino” milliy agentligi litsenziya bo‘limi rahbari Mannop Qo‘chqorovning Ozodlik radiosiga bildirishicha¸ bundan buyon chet el kinochilari o‘zbek xalqi urf- odatlarini kamsituvchi¸ tarix¸ madaniyat va an‘analarni buzib ko‘rsatuvchi tasvirlarni O‘zbekiston hududida suratga olishi mumkin emas.

- O‘zi "O‘zbekkino"ga topshirilgan ruxsat olish uchun. Tasdiqlangan forma bo‘yicha zayavka yoziladi. Stsenariy oltita nusxada. Ikki oy oldin hamma qog‘ozlarni yuborish kerak.

Ozodlik: Nimani olish kerakligi aniq yozilishi kerak, deyilgan ekan. Lekin rejissyor ish jarayonida o‘zining fikrini o‘zgartiradiku. Masalan¸ qo‘yning o‘rniga qo‘chqor, eshakning o‘rniga ot bo‘lishi mumkin. Rejissyor tupikka tiqilib qolmaydimi?

- Rejissyorskiy stsenariy bo‘yicha film olinadi. Postanovochniy plan bo‘yicha ish qilinadi. Qo‘chqormi, echkimi, boshqami hammasi yozilgan bo‘lishi kerak bo‘ladi.

Ozodlik: Qo‘chqorni echkiga almashtirgisi kelib qolsachi?

- O‘sha zayavkani beradi, boshqatdan ko‘rib chiqadi "O‘zbekkino".

Ozodlik: Bir-ikkita rejisyorlar bilan gaplashsam, “Undan ko‘ra Tojikiston yoki Qirg‘izistonga boraman” deyaptida. Ikki o‘rtada O‘zbekiston pul yutqazmaydimi?

- Tojikistonga boradigan bo‘lsa, Tojikistonga boraversin. Rejissyor o‘zi tanlagan joyida olaveradi.

Ozodlik: Nima uchun bu hujjat chiqdi? Qandaydir siyosiy zarurat paydo bo‘ldimi?

- Kechirasiz, bu savolga javob berish mening kompetentsiyamga kirmaydi. Qaror chiqdimi, o‘shaning ijrosini bajarishimiz kerak. Nimaga chiqdi, qachon chiqdi, qanaqa chiqdi – bu savollarga men javob bera olmayman. Konkretniy birorta savolingiz bo‘lsa, ayting.

Ozodlik: O‘zbekistonda odob-axloq normalariga zid kadrlar olinishi mumkin emas, deyilgan.

- Bunaqa sahnalarni bizlarning O‘zbekistonda olish mumkin emas. Boshqa joyga borib o‘sha yerda oladi. Tojikistonga borib oladimi kinosini, qayerda olsa ham olaveradi. Bu yerda bunaqa sahnalarni olish mumkin emas¸ deydi Mannop Qo‘chqorov.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ shuningdek ekstremizm¸terrorizm, zo‘ravonlik va shafqatsizlikni ulug‘lovchi hamda pornografik filmlarning O‘zbekistonda suratga olinishiga izn berilmaydi.

Alvido Fellini


Hozir Moskvada ijod qilayotgan taniqli kinochi Ali Hamroyevga ko‘ra bunday qaror o‘z soyasidan qo‘rqadigan o‘zbek kinomulozimlariga oid yopiq zehniyat mahsulidir.

- Ular endi o‘zlarining soyasidan qo‘rqadida. Bizlarda kino davlatning qo‘lida. Bilasizku ular hammasini tekshiradi. Daje Moskvadan mana Elyor Eshmuhammedov borib s‘yomka qilmoqchi edi, ruxsat berishmadi. Bir-ikki marta janjal bo‘ldi. Moskvalik Zinoviy Royzman Samarqandda kino olgan, serial. (“Egizaklar “ seriali haqida gap ketyapti.) Militsiyani yomonlagan. Srazu janjal ko‘tarildida. Shuning uchun ular endi tekshirishayaptida hamma yoqni. Bular xo‘jayinda endi nima qilasiz. Agar kinochilar xohlamasa, bormasin u yoqqa, kino olmanglar. Qirg‘izistonga borsin, Tojikistonga borsin.

Ozodlik: O‘zbekiston iqtisodiy jihatdan nima yutqazadi?

- Yutqazadi. Hech kim kelmaydi. Ruxsat olishga to‘rt-besh-olti oy ketadi to‘g‘rimi? Kim kutadi? Hech kim kutmaydi. Bu narsa yana korruptsiya¸ ber-ber ga ham sabab bo‘ladi. Mana buni olib tashlamasang, ruxsat bermaymiz. Mayli, ozgina tashlagin, 5-10 ming dollar tashlaydi ruxsat beraveradi. Mana shunaqa¸ deydi Ali Hamroyev.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ O‘zbekistonning o‘z eshiklarini dunyo kino ustalariga yopgani noto‘g‘ri siyosat.

"Apachi"ning otini sug‘or¸ pulini ol


“O‘zbekfilm” shirkatida uzoq vaqt rahbar lavozimlarida ishlagan va ismi aytilishini istamagan iste‘fodagi kinodramaturg bu qaror ikki jihatdan noto‘g‘ri ekanligini aytdi.

- Lo‘lini eshagini¸ sug‘or pulini ol¸ degan maqol bor. Shu ma‘noda¸ biz chet el kinochilariga hizmat qilib pulini olishimiz kerak. Puling kerak emas¸ deb noz qiladigan holatda emasmiz. Demak¸ bu qaror iqtisodiy jihatdan zararli. Ikkinchi tarafdan¸ bu kinochining ijodini cheklab qo‘yuvchi qaror. Samarqandda ikki erkakning mushtlashgani suratga olinsa¸ buni shafqatsizlikni ulug‘lash deb talqin qilib suratga olish jarayonini taqiqlab qo‘yishlari mumkin¸ deydi kinodramaturg.

O‘zbekiston doimo chet el kinochilari diqqatini tortib keladi. 1973 yili nemis kinochisi Gotfrid Kolьditts (Gottfried Kolditz ) vestern janridagi “Apachi” filmini Samarqand va Toshkent viloyatlarida suratga olgan edi.

Ushbu kinokartinada Kitob dovonidagi o‘zbek kolxozchilarining “Hindilar” rolini o‘ynab choychaqa olishgani aytiladi.

Bosh rolni ijro qilgan Goyko Mitich (Gojko Mitic) mingan otga qaragan o‘zbek zootexnigining yaxshi maosh olgani haqida “Apachi” filmi haqidagi xotira kitoblarda yoziladi.


Tartibning ijobiy tomoni


18 iyundagi hujjatga ko‘ra¸ chet el kinoshirkati o‘zbek kinochilarini jalb qilib¸ O‘zbekiston davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘ hisobidan kino olinadigan bo‘lsa¸ bunga ruxsat kerak emas.

Bu holat O‘zbekiston kinometografiyasi rivoji uchun xizmat qilishi mumkin¸ deydi “O‘zbekfilm” shirkatida uzoq vaqt rahbar lavozimlarida ishlagan dramaturg.

- Ko‘pincha chet el kinochilari o‘zbek kino mutaxassislarini jarayonga jalb qilishmaydi. Bu qaror mana shu qusurni tuzatsa¸ bu ham yomon emas¸ deydi kinodramaturg.
XS
SM
MD
LG