Линклар

Rus jurnalisti millatchilikda ayblanmoqda


Bishkeklik jurnalist Vladimir Farafonov haqida qirg‘iz matbuoti deyarli hech narsa yozmayapti.

Bishkeklik jurnalist Vladimir Farafonov haqida qirg‘iz matbuoti deyarli hech narsa yozmayapti.

Moskvalik siyosatchi Vladimir Jirinovskiy Bishkekda rus jurnalisti qamalsa, Rossiyadan barcha qirg‘izlarning chiqarib yuborilishini talab qilishini bildirdi.

Bishkeklik jurnalist Vladimir Farafonov bir qator internet nashrlarda millatlararo nizo qo‘zishga qaratilgan maqolalarni chop etishda ayblanmoqda. Uch oydan beri davom etayotgan sud jarayonlarida Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Farafonov 2010 yil voqealari haqida yozgan maqolalarida qirg‘iz va o‘zbeklarni bir-biriga gij-gijlashga harakat qilganinin isbotlashga urinayapti.

“Kloop.kg” sayti ma‘lumotiga ko‘ra, Farafonov “Russkoye yedinstvo” internet saytida chop qilingan maqolalaridan birida O‘sh qirg‘ini haqida “qon hididan quturgan va jazolanmasligini bilgan mast holatdagi, asosan qishloqlardan kelgan yosh qirg‘izlar balog‘atga yetmagan o‘zbek bolalarining kallasini olishdi”, deb yozgan. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi shundan kelib chiqib, jurnalistga nisbatan 11 ta ayblov bildirilgan jinoyat ishini ochgan.

- Prokuror sudda Farafonovga sakkiz yillik qamoq jazosi belgilanishini talab qilmoqda. Farafonov sud jarayonlarida o‘ziga qo‘yilgan ayblarni tan olmasligini bildirgan, - dedi jurnalistning advokati Leonid Lujanskiy.

Farafonov ishi yuzasidan bir-ikkita interenet saytlarini hisobga olmaganda qirg‘iz ommaviy axborot vositalari ma‘lumot bermayapti. Bu borada asosan Moskva matbuoti ko‘proq yozmoqda. Ayni paytda rossiyalik siyosatchilar ham Farafonov ishi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirishayapti.

18 iyun kuni Rossiya Dumasi deputati, Liberal Demokratik partiyasining raisi Vladimir Jirinovskiy ham bu borada bayonot tarqatdi.

“Rasman bildiramizki, agar qirg‘iz sudi adolatsiz hukm chiqarsa va jurnalist Farafonov qamoqqa hukm qilinsa, LDPR barcha qirg‘iz migrantlarini tezkorlikda vatanlariga deportatsiya qilinishini qat‘iy talab etadi”, deyiladi Jirinovskiy yoyinlagan bayonotda.

Vladimir Farafonovning o‘zi bilan suhbatlashish imkoniyati bo‘lmadi. Jurnalistning barcha aloqa vositalari o‘chiq, uning qayerda ekani esa noma‘lum. Farafonovning advokati o‘z himoyasidagi odam uchinchi davlatlarga boshpana izlab chiqib ketgan bo‘lishi mumkinligini ham ehtimoldan soqit qilmaydi.

-U kecha sudga ham kelmadi. Uning qo‘l telefoni ham, uydagi telefoni ham o‘chiq. Hamma narsa bo‘lishi mumkin. Balki boshqa davlatga qochib ketgandir, -dedi advokat Lujanskiy.

Bishkeklik rus jurnalistiga nisbatan o‘tkazilayotgan sudni Qirg‘izg‘iston Ombudsmeni Tursunbek Akun “bir taraflama jarayon”, deb baholadi.

Ombudsmenning aytishicha, Qirg‘izistondagi qirg‘iz tilli millatchilardan birortasi millatlararo nizo qo‘zg‘atuvchi chaqiriqlari va g‘oyalari uchun shu kungacha sudga tortilmagan. Jurnalist Farafonov qirg‘iz jamiyatida millatchilikda ayblangan birinchi jurnalist bo‘ldi.
XS
SM
MD
LG