Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:51

Tojikistonda vaqtinchalik nikoh ommalashmoqda


Tojikistonlik din peshvolari xorij fuqarolari, xususan, vaqtinchalik nikoh (mut‘a) keng tarqalgan mazhab vakillariga turmushga chiqishga rozi bo‘layotgan tojikistonlik ayollarni hushyorroq bo‘lishga chaqirmoqda.

Tojik jamiyatida tanilgan ruhoniy Eshon Abdulbasir Saidov kuzatuvicha, vaqtinchalik nikoh Dushanbe shahrida so‘nggi ikki-uch yil ichida tendentsiyaga aylangan. Unga ko‘ra, ayrimlar tojik ayollarining diniy savodsizligi va soddaligidan o‘z manfaati yo‘liga foydalanishi ortidan o‘nlab qiz va juvonlar mut‘a - eronliklarga xos vaqtinchalik nikoh qurboni bo‘lib qolayotir.

Mut‘a zinomi?


Mut‘a shia mazhabida keng tarqalgan va erkak bilan ayol o‘rtasida ma‘lum bir muddatgacha bog‘lanib, belgilangan muddatdan so‘ng o‘z-o‘zidan bekor bo‘ladigan vaqtinchalik nikohdir. Bu nikoh turi asosan Erondagi shialar orasida keng tarqalgan va u qonuniy sanaladi.

Ammo mahalliy din peshvolari aksariyat tojikistonliklar ergashadigan Hanafiya mazhabida (“Ahli sunna val jamoa”dagi to‘rt mazhabning biri) mut‘a yoki vaqtinchalik nikoh harom ekanini aytadi.

Eshon Abdulbasir Saidovning ta‘kidicha, sunniy mazhab vakillari mut‘ani qabul qilmaydi va hatto uni “zino”ga yaqinroq, deb sanaydi.

- Kimda kim ana shunday nikoh bilan turmush qurar ekan, u zino qilgan hisoblanadi. Ya‘ni bunday nikohning zinodan farqi yo‘q, - deydi u.

Eshon Abdulbasir sunniy musulmonlar faqatgina eru xotinning o‘lim vaqtigacha birga bo‘lishga ahdu paymon qilib tuzgan nikohni tan olinishini uqtiradi.

- Agar shu niyat bilan nikoh bog‘lansa, durustdir. Lekin bir oylik, ikki oylik bo‘lsa, unday nikoh nodurust, - deydi Eshon Abdulbasir.

Huquqsiz va himoyasiz qolayotgan ayollar


Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi mas‘uli Zarafo Rahmoniy shu kunlarda bu mamlakatda yashayotgan eronlik fuqarolar bilan mut‘a nikohi bog‘layotgan tojikistonlik ayollarni tez-tez uchratayotganini aytadi.

- Bu ayollar oxir-oqibat huquqsiz va himoyasiz qolib ketadi. Hamma holatlarda erkaklar vaqtinchalik ayollarini tark etadi. Hammadan ayanchlisi, bunday nikohlardan bolalar tug‘ilayotganidir, - deydi Zarafo Rahmoniy.

Rahmoniy xonim bu tendentsiyaning jamiyatda tobora kuchayayotganiga mamlakatdagi iqtisodiy ahvolni sabab deb biladi.

- Tojikistonlik ko‘plab erkaklar mavsumiy ish izlab mamlakatni tark etgan. Ish yuzasidan Tojikistonga kelayotgan erkaklar ko‘p, buning ortidan vaqtinchalik nikohlar ko‘paymoqda. Mamlakatdagi ijtimoiy va iqtisodiy omillar so‘ngi yillarda bu holatning avj olishiga imkoniyat yaratayotir, - deya mulohaza bildiradi Zarafo Rahmoniy.

Tojikistonda shu kungacha qancha ayol vaqtinchalik nikohdan o‘tgani haqida aniq ma‘lumot yo‘q, ammo Zarafo Rahmoniy yuzlab tojikistonlik ayollar ana shunday nikohdan o‘tganiga ishonadi.

Eron Islom respublikasining Dushanbedagi elchixonasi shu kungacha tojikistonlik fuqarolardan vaqtinchalik nikoh bilan bog‘liq shikoyat olmaganini bildirdi.

Ammo taxminan bir oycha avval mahalliy matbuot tojikistonlik bir guruh ayollar Eron elchixonasining konsullik xizmatiga murojaat qilib, eronlik turmush o‘rtoqlarini so‘rab-surishtirayotgani haqida yozgan edi.

Asl ismini aytishdan tiyilgan dushanbelik 25 yoshli Maya eronlik savdogar - sobiq turmush o‘rtog‘i bilan o‘tgan yili shahar restoranlarining birida tanishgan ekan.

Nikoh, Mayaning aytishicha, kuyovning do‘sti tomonidan o‘qilgan va yana ikki o‘rtog‘i esa guvoh tariqasida bu tadbirda qatnashgan.

- Hammasi juda tez sodir bo‘ldi. U vaqtinchalik nikoh haqida nimadir degandek bo‘ldi, lekin men u shunchaki ehtiyotkorlik qilayapti, deb o‘yladim, - deydi Maya.

Ayolning gapiga qaraganda, olti oy o‘tgach, kuyov bola yosh ayolini tashlab ketgan. Hozirda Maya vaqtinchalik nikohdan tug‘ilgan qizalog‘i bilan yashamoqda ekan.

- Men undan hech qanday moddiy va ma‘naviy ko‘mak olmayman, - deydi Maya.

Tojikiston qonunlari ham mut‘ani tan olmaydi


Yaqin yillargacha mut‘a (yoki siyg‘a) tojik jamiyati uchun yot mavzu sanalardi. Lekin so‘nggi paytlarda ruhoniylar bilan savol-javoblarda bu mavzuning qayta-qayta ko‘tarilayotgani uning jamiyat, xususan, dindorlarning tashvishiga sabab bo‘layotganini dalillaydi.

Tojikiston qonunchiligida vaqtinchalik nikoh borasida hech qanday ishora yo‘q. Tojikistonda faqatgina Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organida qaydga olingan nikoh rasmiy, deb tan olinadi.

Shuni nazarga olgan holda, tojikistonlik huquqshunoslar mulohazasicha, nikoh xoh doimiy bo‘lsin, xoh vaqtinchalik - davlat idoralari tomonidan umuman e‘tiborga olinmaydi. “Boshqa tomondan, - deydi huquqshunoslar, ZAGSdan o‘tmagan ayollar turmushi buzilgan taqdirda merosdan mosuvo bo‘lib qoladi”.

Bir yoki undan ortiq kishi bilan nikohdan o‘tish Tojikistonda jinoyat hisoblanadi va buning uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish ko‘zda tutilgan.
XS
SM
MD
LG