Линклар

1979 yilgi Eron islom inqilobidan so‘ng mamlakatda qaror topgan islomiy tuzum spirtli ichimliklarni¸ shariatga ko‘ra¸ haromga chiqargan va ular iste‘molini taqiqlagan. Islomiy jumhuriyatda axloq jandarmlari doimo ko‘z-quloq bo‘lib turadigan ichkilikbozlik va spirtli ichimlik saqlash uchun jarima¸ kaltaklash va qamoqqa tashlash kabi jazolar tayinlangan.

Ammo taqiq mevasining shirinligini bugungi kunga kelib Eron rasmiylari ham tan olishga majbur bo‘lmoqdalar – kuni-kecha mamlakat Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari eronliklar o‘rtasida ichkilikbozlik ko‘payib borayotgani xususida bong urdi.

Sharobxo‘rlarga har turli og‘ir jazolar tayin qilinishiyu yiliga millionlab litr sharobning musodara etilib¸ yerga to‘kilishiga qaramay¸ eronliklar sharob madaniyatidan voz kechish fikridan yiroq.

Eron davlat matbuotining yozishicha¸ o‘tgan yili mamlakatda musodara etilgan spirtli ichimliklar miqdori undan avvalgi yilga nisbatan 69 foizga oshgan.

Mamlakat Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Alirizo Mesdog‘iniya esa spirtli ichimliklar iste‘molining yil sayin ko‘payib borayotgani xususida bong urdi.

Tehron rasmiysiga ko‘ra¸ islomiy jumhuriyatning diniy va axloqiy qadriyatlariga zid bo‘lgan ichkilikbozlik oqibatida turli axloqsiz hatti-harakatlar ham ko‘paymoqda¸ millat salomatligiga ziyon yetmoqda.

“Jamiyatda ichkilikbozlik ko‘payishi ortida asosan shaxsiy sabablar yotibdi. Ayrimlar hayotdan siqilgan paytda spirtli ichimlik ichishni muammoni hal etish vositasi deb bilmoqda”¸ deb iqtibos keltiradi Eron rasmiy nashrlari Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari gaplaridan.

Eron Ijtimoiy mehnat jamiyati rahbari Mustafo Eg‘lima¸ ayrim eronliklar muammolardan qutulish uchun sharob ichayotgani haqidagi fikrga qo‘shiladi.

- Spirtli ichimliklar odamni sarxush qiluvchi vositalardan biri. Bugun biz iqtisodiy bosim¸ ijtimoiy muammolar va inflyatsiya darajasi juda yuqori bo‘lgan bir jamiyatda yashamoqdamiz. Odamlar muammolardan tug‘ilgan og‘riqni bosish uchun spirtli ichimlik ichmoqda¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Eg‘lima.

Eron Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra¸ ichkilikbozlik¸ ayniqsa¸ Tehronning asosan kambag‘al oilalar yashovchi janubiy rayonlarida keng tarqalgan.

Ayni paytda¸ kasalxonalardan olingan ma‘lumotlar asosida vazirlik¸ Eron viloyatlarida ham bu muammo ko‘lamining kengayib borayotganini ta‘kidladi va hukumat rahbarlaridan vaziyatga alohida ahamiyat berishni so‘radi.

Rasmiylarga ko‘ra¸ bugungi kunda Eronda ikki millionga yaqin bangi bor va ularning aksari bir paytning o‘zida ichkilikka ham ruju‘ qo‘ygan.

Mahalliy matbuotning yozishicha¸ har yili Eronga 80 million litr spirtli ichimlik kontrabanda qilinadi va undan faqat uchdan birigina musodara etilmoqda.

Oddiy eronliklarning aytishicha¸ qora bozorda uyda qilingan arman arog‘idan tortib¸ pivo¸ viski va frantsuz sharoblarini kunning istagan paytida topish mumkin. Hatto oziq-ovqat do‘konlarida ham “prilavkaning tagidan” istaganlari sharobni sekingina sotib olishlari mumkin¸ yoki yashirin alkogolfurushlar bu matohni¸ so‘ralgan mahali¸ uyga keltirib berishlari mumkin.

Eronda spirtli ichimliklarga o‘rnatilgan taqiq mamlakatda yashovchi nasroniy jamoalariga qo‘llanilmagani bois¸ nasroniy oilalarida qo‘lbola aroq va sharob tayyorlash an‘anasi saqlanib qolgan.

Eronda chiqadigan “Sharq” gazetasi o‘tkazgan surishtiruv oqibatida¸ o‘tgan oy islomiy jumhuriyatda istalgan shaxsning narkotik moddalar bilan savdo qiluvchi shaxs va joylarni topib¸ ko‘ngli tusagan bangni sotib olishiga 22 daqiqa¸ spirtli ichimlikni topib¸ sotib olishiga 17 daqiqa yetarli ekani aniqlangan.

Eron Ijtimoiy mehnat jamiyati rahbari Mustafo Eg‘limaning Ozodlikka aytishicha¸ taqiqqa qaramay¸ mamlakatdagi aksar ziyofat va o‘tirishlarda¸ albatta¸ spirtli ichimlik iste‘mol qilinadi.

- Birorta to‘y ziyofati yo‘qki¸ unda alohida xonada sharob istaganlarga spirtli ichimlik tortilib¸ kayfu safo qilinmasa! Hozirga qadar¸ bu haqda rasmiylar lom-mim demas edi. Ammo bugun e‘lon qilinayotgan raqamlar haqiqatning bir chekkasini ko‘rsatayotir¸ deydi eronlik kuzatuvchi.
XS
SM
MD
LG