Линклар

logo-print

19 iyun kuni Venada Norvegiya Helsinki qo‘mitasi va Moskvadagi “Memorial” tashkilotining O‘sh qirg‘ini yuzasidan tayyorlagan hisoboti jamoatchilikka taqdim etildi.

“...O‘shda kasalxonaga keltirilgan eng birinchi jasadalar ko‘cha to‘qnashuvlarida emas, “Alay” mehmonxonasi oldidagi tungi maxsus amaliyoti paytida huquq-tartibot tuzilmalarining o‘qotar quroldan fuqarolarga qarshi asosiz foydalanish oqibatida halok bo‘lgan shaxslarga tegishlidir” deb yoziladi Norvegiya Helsinki qo‘mitasi va Moskvadagi “Memorial” inson huquqlari tashkilotining O‘sh qirg‘ini yuzasidan tayyorlagan hisobotida.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, bundan avval O‘sh qirg‘ini yuzasidan tekshiruv o‘tkazgan xalqaro komissiya, Qirg‘iziston milliy komissiyasi va qirg‘iz parlamenti komissiyalari negadir ko‘plab guvohlar tomonidan tasdiqlangan mana shu holatni chetlab o‘tishgan.

Yangi hisobot mualliflariga ko‘ra, 10 iyun kuni “Alay” mehmonxonasi oldiga kaltaklangan millatdoshlarini himoya qilish uchun yig‘ilgan bir necha yuz o‘zbekka qarshi militsiya rezina o‘qlar, BTRdagi harbiylar esa jangovor o‘qlar bilan o‘t ochishgan. Voqea joyida kamida 5 kishining o‘lgani va ularning ism – shariflari hisobotning 51 sahifasida aytiladi.

Norvegiya Helsinki qo‘mitasi va Moskvadagi “Memorial” inson huquqlari tashkiloti fuqarolarga qarshi kuchishlatar tuzilmalar tomonidan qurol ishlatilgani Qirg‘izistonning o‘sha paytdagi rahbari Roza O‘tunbayevadan ham, keng jamoatchilikdan ham sir tutilganini iddao qiladi.

-Bu hisobotda voqeaning barcha mayda-chuyda jihatlari ham qamrab olingan. Bu yerda xronologiya yozilgan. Bu xronologiyani hukumat va bizning komissiyalarimiz yaxshi yoritib bera olmagan. Yangi hisobot mualliflari esa erkin va tanqidiy nuqtai nazardan yondoshib, materiallarni to‘plashgan, rasmiy manbaalar hamda surishtiruvlarga tayangan. Shu orqali o‘sha voqealarni ko‘rsatishga harakat qilishgan. Hisobotda u yoki bu taraf ayblanmagan, -dedi hisobot bilan tanishgan bishkeklik huquq himoyachisi To‘laykan Ismoilova.

Qirg‘izistonning Venadagi elchisi maslahatchisi Murat Bayxodjoyev yangi hisobot ekspertlar hamda diplomatik vakolatxonalar vakillari ishtirok etadigan tor doirada ko‘rib chiqilganini bildirdi. Uning aytishicha, hisobot ma‘lumot uchun qabul qilingan va muhokama etilmagan.

Rasmiy ma‘lumotlarda aytilishicha, Qirg‘iziston hukumati mazkur hisobot bilan avvalroq tanishitirilgan. Qirg‘iz hukumati, norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, bu hisobotning Venada taqdim etilishiga qarshi chiqqan. Biroq Murat Bayxodjoyev bu ma‘lumotni tasdiqlamadi.

Norvegiya Helsinki qo‘mitasi va Moskvadagi “Memorial” inson huquqlari tashkilotining O‘sh qirg‘ini yuzasidan tayyorlagan hisoboti internet tarmog‘ida yoyinlangan esa-da, Qirg‘iziston hukumati unga munosabat bildirgani yo‘q.

Hisobot mualliflarining 2010 yilning 10 iyunidan 11 iyuniga qadar Qirg‘iziston kuchishlatar tuzilmalari tomonidan Qirg‘iziston fuqarolarining otib o‘ldirilishi yuzasidan bildirgan ma‘lumotlari Bosh prokuratura tomonidan tergov qilinadimi yoki yo‘qmi degan savol ham javobsiz qolmoqda.
XS
SM
MD
LG