Линклар

Шошилинч хабар
08 май 2024, Тошкент вақти: 19:55

Piyoda ziyoratchilar Tolibonga yo‘liqdi


Hajga piyoda borishni qasd etgan tojikistonliklar guruhi.
Hajga piyoda borishni qasd etgan tojikistonliklar guruhi.

Haj qilish niyatida piyoda yo‘lga chiqqan tojikistonlik ziyoratchilar Afg‘onistonning Shibirg‘onida Tolibon jangarilari va NATO harbiylariga duch keldi.

Sakkiz ziyoratchidan iborat guruhga boshchilik qilayotgan Abdulaziz Rajabov Ozodlik radiosining tojik xizmati muxbiri bilan suhbatda Balx viloyatidan chiqaverishda Tolibon jangarilariga duch kelib qolganlarini aytdi.

- Balx viloyatidan Shibirg‘onga borish uchun yo‘lni kesib o‘tishga qaror qildik. “Toliblar bizni o‘ldirishi mumkin” degan xayolda ularga duch kelib qolishdan cho‘chirdik. Yo‘limizda uchragan Tolibon jangarilaridan ikki nafari: “Sizlar kimsizlar, qayoqqa ketayapsizlar?” deb so‘radi. Biz oddiy odamlar ekanimizni va Xudoning uyini piyoda ziyorat qilish uchun yo‘lga chiqqanimizni aytdik. Ulardan biri bizga do‘q-po‘pisa qilib, yuk xaltalarimizni tintib ko‘rdi, ammo boshqasi - nazarimda boshlig‘i edi - “ularni qo‘yib yubor”, deb buyurdi, - deydi Hoji piëda degan nom olgan tajribali sportchi Abdulaziz Rajabov.

Shu tariqa tojikistonlik ziyoratchilar o‘zlarini Tolibon jangarilari, deb tanishtirgan qurolli kishilardan qutilib qolgan, ammo ko‘p o‘tmay ular qurollangan boshqa bir guruhga duch kelib qolgan.

- Kiyimlaridan ular NATO askarlari ekanini fahmladik, lekin tillarini tushunmasdik. Ular bizni o‘rab olishdi, qurollarini namoyish qilgan holda chetroqqa olib borishdi. Bizni otib tashlashsa kerak, deb qo‘rqdik va Ollohga tavakkal qildik. Ammo birpasdan so‘ng tarjimon chaqirib, hujjatlarimiz bilan tanishib chiqishdi. Biz sayyoh ekanimizni va yagona maqsadimiz piyoda Saudiya Arabistoniga borib, Xudoning uyini ziyorat qilish ekanini tushuntirdik. Amerikaliklar jilmayishdi va “gud bay” deb, bizni qo‘yib yuborishdi, - deydi Abdulaziz Rajabov.

Tojikistonning Ko‘lob mintaqasidan bo‘lgan sakkiz ziyoratchining Haj ziyoratiga safari shu yil 8 may kuni faylasuf va shoir Mirsaid Ali Hamadoniyning Ko‘lobdagi maqbarasini ziërat qilishdan boshlangan edi.

Shu kunlarda Afg‘oniston hududida bo‘lib turgan ziëratchilar Makkaga yetib borish uchun Pokiston, Eron va Iroq hududini ham kesib o‘tib, oktyabr oy so‘ngiga qadar Saudiya Arabistoniga kirib borishni mo‘ljallamoqdalar.
XS
SM
MD
LG