Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:55

Toshkentda temir garajlar buzilmoqda


Toshkentdagi metall garajni buzish jarayoni.
Toshkentdagi metall garajni buzish jarayoni.

Hukumatning "Namunali mahalla" dasturi doirasida Toshkent shahridagi barcha metall garajlarni bosqichma-bosqich buzish jarayoni bormoqda. Bundan so‘ng poytaxtdagi mashinalar umumiy to‘xtash joylarida saqlanadi.

Toshkent shahrining Sirg‘ali tumanidagi Abdurahmon Jomiy mahallasida aholiga tegishli 290 ta garaj bor edi.

Jomiy mahalla jamg‘armasining o‘zini tanishtirmagan mulozimiga ko‘ra, shu paytgacha ulardan 272 tasi buzib bo‘lingan.

- Qo‘yliq 6-7-massivi bizlarga tegishli. Ko‘p qavatli imoratlar hammasi. 7-massivdagi garajlar barchasi buzildi, to‘liq tugatilgan. Hammasini ikki oy oldin biz ogohlantirganmiz. Kimga kerak bo‘lsa, olib borib qo‘yadigan joyi bo‘lsa, garajini olib ketdi o‘zining joyiga. Bizlar ularni mashina va transport bilan ta‘minladik. Temir garajlarning ko‘p egalari metallolom sifatida topshirishni istadi, metallolomchilar kelib o‘z texnikasi bilan kelib buzib olib ketdi, deydi suhbatdosh.

Garajlar buzilish jarayonini o‘rgangan Ozodlikning Sirg‘alidagi manbasiga ko‘ra, garajlarni demontaj qilish garaj egalarining o‘z hisobidan amalga oshirilgan.

Jomiy mahalla jamg‘armasi mulozimiga ko‘ra, garajlar davlat ruxsatisiz qurilgan taqdirda¸ ular uchun tovon puli berish ko‘zda tutilmagan.

- Bizlarda mahalla tomonidan yoki hokimiyat tomonidan kompensatsiya degan narsa bo‘lgani yo‘q. Bizlarda faqat o‘shalarga yordam berildi. Transport bilan yordam berildi, kuchdan yordam berildi. Qolgani ularning o‘zining ixtiyorida bo‘ldi. Qayoqqa olib boradi, kimga sotadi, qanchaga sotadi bu o‘zining ishi. Chunki ularga davlatdan ruxsatnoma bo‘lmaganda, deydi Jomiy mahalla jamg‘armasi mulozimi.

Sirg‘ali tumanidagi garajlar narxi o‘rtacha 400-600 (Toshkent markazida 1000-1500) AQSh dollari atrofida bo‘lgan. Ozodlik manbasiga ko‘ra, ayrim sirg‘aliliklar garajlarining buzilishiga qarshilik bildirgan.

Jomiy mahalla jamg‘armasi mulozimi aholi orasida norozilik holatlari bo‘lganini tasdiqladi. Biroq unga ko‘ra, tushuntirish ishlari olib borilgach, mahalla fuqarolari garajlarini buzishga rozi bo‘lgan.

- Bizlar aholiga to‘g‘ri tushuntirdik. Deyarli hammasi to‘g‘ri tushundi. To‘g‘ri bir xillari norozi ham bo‘ldi. Bizlar ularga to‘g‘ri tushuntirdik. Pala-partish qurilgan. Bolalar maydonchasi yoki odamlar dam olish uchun tayyorlanayotgan bog‘larga xalaqit beradi¸ dedik. Xullas tushuntirish ishlarini yaxshi olib bordik, deydi suhbatdosh.

Keyingi oylarda mahalliy matbuot va Internet saytlarida Toshkentdagi garajlar buzilishi asosiy mavzulardan biriga aylandi.

Jumladan, O‘zbekiston havaskor haydovchilar portali - uzavto.net da garajlar buzilishiga norozi kayfiyatdagi fuqarolar ayni mavzuni keng muhokama qilayapti.

“Novыy vek” gazetasi 14 iyun kuni “Garajlarni buzish – yengillikmi yoki boshog‘riq?” (Snos garajey – blago ili problema?) maqolasida Olmazor tumanida garajlarni buzish jarayoni mulk egalarining xohishiga zid ravishda amalga oshirilayotgani aytiladi.

Uchtepa tumanida yashovchi Nozim akaning garaji hozircha buzilmagan. Garaj buzilishi haqida ogohlantirish olgan Nozim aka bunga qarshi emasligini aytadi.

- Yig‘ib aytayapti garajlaringni buzamiz¸ deb. Ayiramiz garajlarni, stoyanka qilamiz deb. Pojaluysta qiling, qo‘yamiz dedik. Preduprejdeniye bergan hammaga. Hozir bitta domda 50 ta kvartira bo‘lsa, shundan 20 tasida garaj bor, 30 tasida yo‘q. Hozir deyarli hammada mashina borku. Sig‘dira olmaysizku uni. Katta-katta garaj qurmasa bo‘lmayaptida. Hamma mashinalar ko‘chada qolib ketayapti. Shaharni qarab ko‘ring, kechqurun domlarning hamma yog‘ini mashina bosib ketadi. Qo‘yishga joy topa olmay qoladi odamlar. Qo‘riqlanadigan garaj bo‘lsa yaxshiyu bir tomondan, deydi hali garaji buzilmagan Nozim aka.

Toshkent shahar Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi ma‘sul xodimi Ozodlik muxbiri bilan suhbatda, shahardagi barcha metall garajlar buzilishini tasdiqlab, bu jarayonning shahar mahallalarida bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganini bildirdi.

Garajlarni buzish aholi manfaatlarini ko‘zlab, amalga oshirilayotganini aytgan suhbatdoshimizga ko‘ra, hozirda garajlar egallab turgan maydonlar o‘rnida dam olish maskanlari, bolalar maydonchalari barpo etiladi.

Shuningdek, uning aytishicha, endilikda umummiy "garaj"- to‘xtash joylari tashkil qilinadi.

Jomiy mahalla jamg‘armasining o‘zini tanishtirmagan mulozimiga ko‘ra¸ bu mahallada shunday "garajlar"dan uchtasi tashkil qilinayapti.

- Garajlarning o‘rniga hozir yangi, zamonaviy garaj qurish boshlangan. Garaj qo‘riqlanadigan ochiq turdagi bo‘ladi. Tasdiqlangan arxitektor loyihasi bo‘yicha qurilayapti. Atrofi 70-80 santimetr balandlikda o‘raladi. Atroflari gulzor, obodonlashtiriladida, ichkarida qo‘riqlanadigan ochiq stoyanka bo‘ladi. Asfalt qilingan, chizma chiziqlar chizilgan bo‘ladi. Ikkita joyda qo‘riqlovchi uchun maxsus butka bo‘ladi. Tunu kun qo‘riqlanadida. Shundan uchtasi loyhalashtirilgan. Hozir bittasining qurilishi uje boshlangan. Xudo xohlasa¸ Mustaqillik bayramigacha 250 o‘rinli birinchi garaj ishga tushadi, deydi Jomiy mahalla jamg‘armasi mulozimi.

Shahardagi garajlarni buzish tadbiri hukumatning "Namunali mahalla" davlat dasturi doirasida amalga oshirilayapti.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan mazkur dastur o‘tgan yilning mart oyidan boshlab kuchga kirgan.
XS
SM
MD
LG