Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:31

"MTS O‘zbekiston" rahbari Interpol orqali qidirilmoqda


O‘zbekiston huquq idoralari qalloblik va pul yuvish amaliyotlarida ayblanayotgan "MTS O‘zbekiston" mobil aloqa shirkati rahbari Behzod Ahmedovga Interpol orqali xalqaro qidiruv e‘lon qildi.

Interpol sahifasida 38 yashar Behzod Ahmedovning qalloblik va shirkat pullarini noqonuniy yo‘lda ishlatish ayblovlari bo‘yicha qidirilayotgani aytiladi.

O‘zbekistondagi eng yirik uyali telefon shirkati hisoblangan "MTS O‘zbekiston" shirkati bosh direktori Behzod Ahmedovning o‘tgan hafta mamlakatdan qochgani xabar qilingan edi.

Ahmedovning kompaniya moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirish davomida jiddiy qonunbuzarliklar aniqlanishi ortidan oilasini mamlakatdan olib chiqib, o‘zi ham g‘oyib bo‘lgani aytilmoqda.

“MTS” shirkatining Moskvadagi markaziy idorasi O‘zbekistondagi bo‘limi rahbari yo‘qolib qolgani haqda hamon izoh bermayapti.

- Vaziyatni to‘liq o‘rganib chiqmagunimizcha bu yuzadan izoh berolmaymiz, dedi “MTC” matbuot vakili Valeriya Kuzmenko.

Ayni paytda O‘zbekiston hukumatidagi yaqin manbalarga ega ayrim agentliklar "MTS" Behzod Ahmedovni topishda yordam berishni so‘rab O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga ariza yo‘llagani haqida xabar tarqatdi.

Xususan¸ O‘zbekiston xavfsizlik tizimlariga yaqinligi aytiladigan Uzmetronom Internet gazetasi "MTS" shirkatining Moskvadagi bosh qarorgohi prezidenti Andrey Dubovskov xati nusxasiga ega bo‘lganini yozdi.

“MTS” prezidenti arizasida Behzod Ahmedov va “MTS-O‘zbekiston”ning boshqa mas‘ul shaxslari tomonidan boshqaruvda insofsizlikka yo‘l qo‘yilgani, Moskvadagi rahbariyat chalg‘itilgani, mablag‘lardan o‘z o‘rnida foydalanilmagani va shirkat mulki o‘marilgani qayd etilgan.

“Bu shaxslarning hatti-harakatlari natijasida shirkat mablag‘larni naqdinaga aylantirish va soliqdan qochish kabi shubhali va noqonuniy ishlarga aralashib qolgan ”, deya iqtibos keltiradi Uzmetronom Andrey Dubovskov xatidan.

“MTS” prezidenti o‘z arizasida, shuningdek, Behzod Ahmedov shu kunda hech bir izohsiz ishga chiqmayotgani va uning hozirda qayerda ekani noma‘lumligi yuzasidan ham tashvish izhor qilgan.

"Ushbu fursatdan foydalanib, bu ish yuzasidan tekshiruv olib borayotgan O‘zbekiston prokuratura organlaridan shirkatdagi odatiy vaziyatni qayta tiklash va Ahmedov Behzod Bahodirovichning qayerda ekanligini aniqlash ishida hamkorlik qilishini so‘raymiz", deyiladi "MTS" prezidenti murojaatida.

O‘zbekistonda yirik shirkat rahbarlari va taniqli ishbilarmonlarning qamalish xavfi bois qochishlari so‘nggi yillarda ko‘payib bormoqda.

Bundan sal avvalroq xorijiy sarmoya asosida tashkil etilgan Carlsberg Uzbekistan shirkatining Rossiya fuqarosi bo‘lgan rahbari Yevgeniy Shevchenko ham O‘zbekistonni butunlay tark etgan.

Janob Shevchenkoning qochishiga ham tekshiruvlar payti shirkat faoliyatida aniqlangan kamchiliklar sabab bo‘lgan.

"Qizilqumtsement" birlashmasi direktori Rajabboy Jumanazarov, Toshkentdagi "Karvonbozor" ulgurji bozori direktori Dmitriy Lim kabi qator yirik korchalonlarning mamlakatdan qochib ketganlari haqida norasmiy ma‘lumotlar bor..

Bugunga qadar ko‘plab taniqli ishbilarmonlar, jumladan "Alp Jamol-Bank" egasi Muhiddin Asomiddinov, "Kapital-Bank" ta‘sischisi va "Paxtakor" futbol jamoasining prezidenti Botir Rahimovlarning hibsga olingani, ba‘zi manbaalarga ko‘ra esa, mamlakatdan qochib ketgani haqida xabarlar mavjud.
XS
SM
MD
LG