Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:20

O‘zbekistonlik siyosiy qochqinning qanchasi "siyosiy"?


Kuzatuvchilarga ko‘ra¸ BMTning Qochqinlar haqidagi konventsiyasini suiste‘mol qilib¸ G‘arbdagi yaxshi hayotga sherik bo‘lish ilinjida o‘zini O‘zbekistonda siyosiy va diniy tazyiqqa uchragan qilib ko‘rsatayotganlar soni ko‘paymoqda.

20 iyun BMT tomonidan Jahon qochqinlar kuni deb e‘lon qilingan va shu kuni xalqaro tashkilotlar dunyodagi o‘nlab million qochqin muammosiga jamoatchilik e‘tiborini qaratishga urinadilar.

1951 yil 28 iyul kuni Jenevada qabul qilingan Qochqinlar haqidagi konventsiya o‘z yurtlarida siyosiy qarashlari¸ diniy e‘tiqodi¸ irqi yoki jinsiy oriyentatsiyasiga ko‘ra tazyiqqa uchraganlarga xavfsiz mamlakatlardan boshpana berishni taqozo qiladi.

Ayni konventsiya joriy qilinganidan beri haqiqiy mazlumlar bilan birga yaxshi hayot ilinjida bo‘lgan¸ ammo o‘z yurtida jiddiy muammoga duch kelmagan avantyuristlarning ham qochqinlik maqomi olganligi aytiladi.

Har qochgan Furqat emas...


O‘zbekiston yaqin tarixida siyosiy qarashlari bois mamlakatdan qochganlar haqida hikoyalar ko‘p.

Ulardan eng mashhuri Turkiston general-gubernatorining ad‘yutanti Nikolay Grandukni hajv qilib she‘rni besh-olti nusxa ko‘chirtirib, har yerga yopishtirib chiqqanidan keyin o‘lim xavfi bilan yuzma-yuz bo‘lgan Furqat hikoyasi.

Osib o‘ldirilish xavfidan qo‘rqqan Furqat 1890 yil oxirlarida Toshkentdan qochib Buxoro, Marv, Ashxobod, Boku, Tbilisi, Botumi orqali Istanbulga o‘tadi.

1891 yil dekabridan 1892 yil mart oylariga qadar Bolgariya va Gretsiyada, sentyabr oyida esa Hindistonda bo‘ladi. Qolgan umrini Sharqiy Turkistonning Yorkentida o‘tkazadi.

Agar Furqat hozir yashaganida¸ uning hikoyasi bilan tanishgan BMT Qochqinlar idorasi unga qochqinlik maqomini bergan bo‘lar edi.

O‘z vatanida o‘lim xavfi bo‘lgan Furqat kabi qochqinlar sonining 2012 yilga kelib 43 milliondan ko‘proq ekani aytiladi.

"Ammo ular orasida yolg‘on ma‘lumot evaziga maqom olgan qochqinlar ham ko‘p"¸ deydi 1992 yilda Germaniyadan siyosiy qochqinlik maqomini olgan jurnalist Anvar Usmon.

- Bu holat eski sovet latifasiga o‘xshaydi. Bir bandit¸ ayol kishini zo‘rlaganlikda ayblanib qamoqqa olingan. Qamoqdagilar "Sen nima uchun jazolanding?" desa¸ siyosiy faoliyatim uchun¸ debdi. Yana ham aniqroq aytsam¸ komsomol qizni zo‘rlab qo‘ydim¸ debdi bandit. Yaqinda O‘zbekistondan bir kissavur o‘g‘ri kelib Germaniyadan siyosiy boshpana olishga urindi. Albatta¸ u fosh bo‘ldi. Bunaqalar ko‘p. Masalan¸ Toshkentdagi ruslar kelib bizni o‘zbek dindorlari ta‘qib qilyapti¸ deb aytadi¸ deydi Anvar Usmon.



Suhbatdoshga ko‘ra¸ Germaniyadagi qochqinlar lagerida "o‘zbek muxolifati faoliman" deb iddao qilayotgan soxta iltijochilar ko‘p.

O‘zbeklar qanday afsonalar bilan qochqin maqomi olmoqda?


O‘zbekistonlik sobiq siyosiy mahbus¸ yozuvchi Safar Bekjon Shveytsariyadan siyosiy boshpana topgan. Shveytsariyadagi BMTning Qochqinlar idorasi Safar Bekjon bilan¸ uning aytishicha¸ o‘zbekistonlik qochqinlik izlovchilar yuzasidan tez-tez maslahat so‘rab turadi.

Shu asnoda o‘zbek qochqinlari to‘qib chiqarayotgan “afsonalar” sistemasi bilan tanishdim¸ deydi suhbatdosh:

- Bir marta Toshkentdagi piketda rasmga tushib¸ shu rasmni ko‘rsatib qochqinlik maqomi olgan odamni bilaman. Hokimiyatda mansab talashib zada bo‘lgan odamning Shveytsariyadan maqom so‘raganini bilaman. Qaynog‘am qamoqda¸ deb maqom so‘ralgan hujjat bilan tanishganman¸ deydi Safar Bekjon.



Safar Bekjonga ko‘ra¸ keyingi yillarda umrida namoz o‘qimagan o‘zbekistonliklarning "dindorligim uchun ta‘qib ostidaman"¸ deya qochqinlik so‘rash hollari¸ ayniqsa¸ urchigan.


Salbiy oqibatlar


Yolg‘on ma‘lumotlar bilan qochqinlik maqomi olishdan kim zarar ko‘radi?

Bir o‘zbekning yolg‘on ma‘lumot evaziga bo‘lsa ham G‘arbda yaxshiroq hayotga intilishida nima qusur bor?

Londondagi O‘zbekiston tashabbus guruhi rahbari¸ jurnalist Shohida Yoqubga ko‘ra, bu holat haqiqatan ham yordamga muhtoj bo‘lgan mazlumlar haqqini yeyishdir.

- Masalan¸ bir o‘zbek mahkamani aldasa¸ keyingi safar mahkama haqiqiy tazyiq ko‘rgan o‘zbekistonlikka ham ishonqiramay qaraydi¸ deydi Shohida yoqub.

Shohida yoqubga ko‘ra¸ siyosiy sabablar bois O‘zbekistondan chiqdim¸ deganlarning aksariyati yaxshi hayot ilinjida G‘arbga intilgan odamlardir.

- Bir siyosiy masalada piket qilsak uch kishi chiqadi. Osh qilib¸ to‘yga chaqirsak 1000 kishi keladi¸ deydi Shohida yoqub.



Raqamlar


BMT qoshidagi Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarlik e‘lon qilgan raqamlarga ko‘ra¸ hozirgi kunda dunyo miqyosida 43.7 million qochqin yoki o‘z mamlakati ichida ko‘chib yurishga majbur bo‘lgan odam bor.

Dushanba kuni komissarlik e‘lon qilgan hisobotda aytilishicha¸ 2011 yilda jahonda yana 800 mingdan oshiq yangi qochqin paydo bo‘lgan.

Bu esa 822 ming qochqin qayd etilgan 2000 yildan keyingi eng katta raqamdir.
XS
SM
MD
LG