Линклар

Taniqli o‘zbek rassomi Lekim Ibrohimovning ming bir polotnaga chizgan million farishtalar suvrati yuk mashinalarga ortilib Yevropaga qarab yo‘lga chiqdi. Ilk manzil Praga.

O‘zbekistonlik rassom Lekim Ibrohimovning “Mingta farishta va bir surat” mega-polotnosi Ginnes rekordlar kitobiga va Rossiya rekordlar to‘plamiga kirishga da‘vogarlik qilmoqda.

Balandligi 8 metr uzunligi esa 60 metr bo‘lgan bu gigant asar ilk bora Praganing qadimiy ko‘rgazmalar zalida 9 iyul kuni namoyish qilinadi.

Ko‘rgazma tashkilotchisi Murod Ibrohimovning Ozodlikka bildirishicha, ulkan kartina yuklangan avtomashina karvoni Toshkentdan Pragaga qarab yo‘lga tushgan.

Kartinalar ortilgan yuk mashinalarining 2 iyul kuni Pragaga yetib kelishi kutilmoqda.

Murad Ibrohimovning Ozodlikka bildirishicha, bu rasmni yaratish uchun 3 tonna bo‘yoq va 600 kvadrat metrga yaqin maxsus oxorlangan va nam o‘tkazmaydigan mato sarflangan.

- Biz bu asarni birdaniga ikki rekordlar kitobiga taqdim qildik. Pragadagi namoyishni Rossiyaning rekordlar kitobi vakili kuzatadi. Ginnes vakili esa kartinanaing Madriddagi namoyishiga kelishi kutilmoqda, deydi Murod Ibrohimov.

3 yil davom etgan bu loyihaga Rossiyadagi "Global Festina" shirkati homiylik qilgan. Shuningdek "Global Event and Construction" (Toshkent), "Apple Love" (Praga, Chexiya), "Deportpublic" (Madrid, Ispaniya), "Gusto's srl" (Florentsiya, Italiya) galereyalari loyiha hamkorlari hisoblanadi.

Lekim Ibrohimovning bu asari 9-21 iyul kunlari Pragadagi Incheba Expo ko‘rgazmalar markazida, keyin esa Madriddagi ochiq maydonda namoyish etiladi.

Ginnes rekordlar kitobi qo‘mitasiga ko‘ra, O‘zbekiston xalq rassomi loyihasi bir qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha noyob va rekordga munosibdir.

Biz O‘zbekiston xalq rassomi, professor Lekim Ibrohimovning o‘zi bilan bog‘landik.

- Asar 1000 ta badiiy jihatdan yakunlangan alohida kartinalardan iborat bo‘lib, ularning har birida farishtalar tasvirlangan, deydi rassom.

Ushbu mingta qism oxir-oqibatda Sharq afsonalari mavzusidagi o‘z syujetiga ega 528 kvadrat metr kattalikdagi kartinani shakllantiradi.

Muallif haqida:

Lekim Ibrohimov 1944 yili Olmaotaning uyg‘ur qishlog‘ida tug‘ilgan. 1971 yilda Toshkentdagi teatr va rassomlik institutiga o‘qishga kirib, uni 1977 yil tugatgan.

Lekim Ibrohimov Rossiya badiiy akademiyasi fahriy a‘zosi.

Lekim Ibrohimov nafaqat rassom balki, yoz falsafiy fikrlarini so‘z bilan ifoda qiladigan faylasufdir. Lekim Ibrohimovnin “Afsonalar” kitobi 1994 yili Germaniyada nemis tilida nashr qilingan.
XS
SM
MD
LG