Линклар

Viktor Tsoy hayot bo‘lganida 21 iyun kuni 50 yoshga to‘lar edi. Kun bo‘yi dunyo yangiliklarini kuzatb, Viktor Tsoyning ashaddiy muxlisi sifatida uni xotirlab ikki og‘iz gapirib qo‘ymaganim uchun uyga hijolatda qaytdim.

Muallif: Farruh Yusufiy

Viktor Tsoy bilan ilk bor 1989 yilda “Igna” filmi orqali tanishganimda, hali 13 yoshdagi sho‘hroq bir o‘spirin edim. Viktorning “Quyosh ismli yulduz”, “Qon gruppasi”, “O‘zgarishni istaymiz”, "Er va Osmon o‘rtasida urush", "Sharqqa yo‘l olgan trolleybus" kabi taralmagan sochdek, qofiyasiz tuzilgan va bir paytning o‘zida qandaydir yashirin faylasufona ma‘nosi bo‘lgan qo‘shiqlarini hali g‘o‘r bir yosh bola bo‘lganim uchun o‘zimcha tushunishga harakat qilardim va ularda 13 yashar o‘spirin topishi mumkin bo‘lgan hayot haqiqatini topgandek bo‘lardim. Bu qo‘shiqlar yoshlikdagi ba‘zi qiliqlarimidan uyaltirdi, qiyin vaziyatlarda keyin uyalib qolmaydigan qaror berishga harakat qilishni o‘rgatdi.

Viktor Tsoy qo‘shiqlarini eshitib yurgan kishi, har safar, har bir qo‘shig‘idan yangi ma‘no topib, o‘zicha qoyil qolishi mumkin. 1990 yil avgust o‘rtalarida tanishlarimdan biri Viktor Tsoy avariyaga tushibdi, deb qoldi. U paytlarda hali Internet yo‘q, oradan ikki haftacha o‘tgach, “Argumenti i fakti” gazetasida voqea tafsilotlari berilgan kichik maqola chiqdi. Shunda ham uning halok bo‘lganiga ko‘nikish qiyin edi. “Kino” guruhi so‘nggi qo‘shiqlar albomini 1990 yilning dekabrida, Viktor o‘limidan bir necha oy o‘tib e‘lon qildi. "Romantika" magnitolasidan Viktorning yangi qo‘shiqlarni kuylayotganini eshitib turgan ko‘pchilik muxlislari kabi menda ham “Viktor Tsoy o‘lgani yolg‘on ekan” degan xayol o‘tdi. Hali romantikroq edik-da.

Oradan 20 yildan ortiqroq vaqt o‘tib, bugun Viktor Tsoy obrazi, uning ijodi va qo‘shiqlari aktual bo‘lib qolayotganini ko‘rib, “Viktor Tsoy o‘lgani yolg‘on ekan” degan xayol ko‘nglimdan o‘tdi.

Viktor rok-qo‘shiqchilikni 1980 yillar boshlarida boshlagan. Lekin uning sarkash, odam qalbida isyon hissini tug‘diruvchi qo‘shiqlari, albatta Sovet rejimini cho‘chitgan edi. Ko‘pchilik omma uning qo‘shiqlari bilan Gorbachyovning oshkoralik siyosati tufayli tanishdi. Uning qo‘shiqlari adolatsizlik va yolg‘onga qarshi isyonga yetaklashini Rossiyadagi norozilik harakati madhiyasiga aylanganidan ham ko‘rish mumkin.

Zamonamizning taniqli siyosatchisi 2012 yil 21 iyun kuni Sankt Peterburgda o‘tayotgan bir anjumanda “O‘zgarishlarga bo‘lgan ishtiyoq xavflidir” deya o‘zi istmagan holda, ko‘pchilikni shu kuni 50 yoshga to‘lgan Viktor Tsoyni eslashga undadi.

Viktor Tsoy o‘lgani yolg‘on ekan...

XS
SM
MD
LG