Линклар

Anqara Suriya Turkiyaga qarashli uchqichni urib tushirgani masalasi NATO Kengashi yig‘ilishida muhokama etilishini bildirdi. Ayni paytda, Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Damashqqa norozilik notasi jo‘natdi.

Turkiya televideniyesi Suriya 22 iyun kuni O‘rtayer dengizida Turkiyaga qarashli uchqichni urib tushirgani uchun Anqara Damashqqa norozilik notasi yo‘llaganini xabar qildi.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovuto‘g‘li odatdagi mashq parvozini bajarayotgan “Phantom” rusumidagi uchqich Suriya havo hududiga yanglish kirib, so‘ng ko‘ngilli ravishda xalqaro havo hududiga qaytganidan keyin urib tushirilganini aytdi.

- O‘rtayer dengizining sharqiy qismidagi so‘nggi voqealar sababli mamlakat ichki radar tizimini sinash maqsadida Turkiya uchqichi mashq missiyasini bajarayotgan edi. Uning missiyasi Suriyadagi hozirgi bo‘hronga aloqador bo‘lmagan, deya bayonot berdi Ahmad Dovuto‘g‘li.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri urib tushirilgan samolyotda qurol bo‘lmaganini qayd etdi.

- Uchqich qurolsiz edi. Xatarli vazifani bajarish uchun jo‘natilgan uchqich qurolsiz bo‘lmaydi. U faqat mashq va sinov maqsadida parvoz qilgan. Buni barcha tomon bilgan, dedi Turkiya Tashqi ishlar vaziri.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, urib tushirilgan samolyot qoldiqlari O‘rtayer dengizida bir ming 300 metr chuqurlikda topilgan.

Ahmad Dovuto‘g‘li bu masalani NATO Kengashi yig‘ilishida muhokama qilishni so‘raganini bildirdi.

- Men bu masala kelasi haftada NATO Kengashi yig‘ilishida To‘rtinchi modda doirasida muhokama etilishini so‘radim. Bundan tashqari, ega bo‘lgan ma‘lumotlarimiz asosida biz agressiv munosabat deb qarayotganimiz voqea BMT Xavfsizlik kengashida ham muhokama etilishi uchun maktub yo‘llanadi, dedi Turkiya Tashqi ishlar vaziri.

Turkiya Prezidenti Abdulla Gul 23 iyun kuni Suriya Turkiya uchqichini urib tushirgani borasida jiddiy xavotir bildirgan.

Undan oldin Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdo‘g‘on kabinet a‘zolari va harbiy qo‘mondonlar bilan favqulodda yig‘ilish o‘tkazganidan so‘ng bayonot e‘lon qilib, voqea batafsil o‘rganilganidan keyin qanday chora ko‘rish to‘g‘risida qaror qabul qilinishini ma‘lum qilgan edi.

Ayni paytda Eron Tashqi ishlar vaziri Ali Akbar Solihiy Turkiya va Suriyani mintaqada barqarorlikni saqlash uchun masalani “tinch yo‘l bilan hal qilish”ga chaqirgan.
XS
SM
MD
LG