Линклар

Шошилинч хабар
08 май 2024, Тошкент вақти: 16:31

Toshkentdagi “Beshyog‘och” bozori buzilayapti


Chilonzor tumanida joylashgan “Beshyog‘och” bozori filialining buzilishi natijasida 40 ta do‘kon yer bilan yakson qilinmoqda; do‘kon egalariga hech qanday tovon puli berilmayapti.

Chilonzordagi Farhod va Bunyodkor ko‘chalari chorrahasida, Chilonzor metrosidan chiqqan joyda joylashgan “ Beshyog‘och” bozorida ikki kun avval buzish ishlari boshlandi.

Bu haqda bozorning buzilishi bilan bog‘liq vaziyatni o‘rgangan toshkentlik huquq faoli Abdulla Tojiboy o‘g‘li Ozodlikka ma‘lum qildi.

- Chilonzor metrosida joylashgan dehqon bozor buzilayapti. Orqa taraflardan buzilib kelayapti. Bozor orqasida hozirgi qurilgan kompleks bilan bozorning oralig‘ida qurilgan binolar, do‘konlar barchasi buzilayotganini ko‘rdim. Chilonzordan tushdingiz, Ulug‘bek park tomonga qarab ketayotganingizda chap qo‘lda hokimiyat bor, Chilonzor hokimiyati. Hokimiyat bilan dehqon bozor oralig‘ida zavod bor edi. Zavod nomini bilmayman. O‘sha yerda qandaydir torgoviy bir markaz qurildi. Katta territoriyada u. Do‘konlar, shunga o‘xshagan narsalar qurildi. Ammo hali u ishga tushgani yo‘q. O‘shaning o‘rniga ko‘chiriladimi yo fasadi uzoqdan ko‘rinib turishi uchun bozor buzilayaptimi, hali anig‘ini aniqlay olmadim, deydi Abdulla Tojiboy o‘g‘li.

Ozodlikning Toshkentdagi boshqa manbasi “Beshyog‘och” bozorining buzilishini o‘rganib, bozordagi do‘kon egalari bilan suhbatlashdi.

Ushbu manbaga ko‘ra, bozor hududidagi gul va go‘sht rastalari, sut va meva mahsulotlari sotiladigan rastalar va yana bozor hududida joylashgan 40 ta do‘kon buzilayapti. Biroq hech bir tadbirkorga tovon puli berilmayapti, deya xabar qildi bu suhbatdosh.

Bozordagi do‘kon egalaridan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, unga buzilayotgan do‘koni evaziga yer maydoni berish yoki shaharning boshqa bozorlaridan joy ajratish va‘da qilingan. Bu savdogar “Ippodrom” bozoridan joy olishga umidvor bo‘layotganini aytdi.

Bozorda savdo qilib kelgan tadbirkorlar bilan Ozodlik so‘roviga ko‘ra maxsus suhbatlashgan manbaga ko‘ra¸ savdogarlarga “Beshyog‘och” bozori yonida yangi qad rostlayotgan savdo majmuasidan ham do‘kon taklif qilingan, biroq ularning narxi o‘ta qimmatligi bois tadbirkorlar boshqa bozorlarga ko‘chishni ma‘qul ko‘rayapti.

Chilonzor tuman hokimligining o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, “Beshyog‘och” bozorini buzish bo‘yicha Toshkent shahar hokimining qarori bo‘lib, endilikda bozor o‘rnida mashinalar turar joy tashkil qilinadi.

- Bozor o‘rniga qayta qurilmaydi, u yerda turargoh bo‘ladi. Bozorni orqaga olishayapti ozgina. Bozor orqasida katta polya bor, o‘sha yerni olishayapti. Bu yoqdan buzilib, bu yoqdan qurilayapti uje. Bozor yopilgani yo‘q, ishlayapti. Produktoviy rastalar ishlayapti. Atrofida magazin bor edi. O‘sha magazinlar buzilayapti xolos. Bu yoq tomonidan ikki etajli magazinlar qurilayapti. Ular o‘sha yerga ko‘chadi keyin, dedi Chilonzor tuman hokimligining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Ozodlik suhbatlashgan manbalarga ko‘ra¸ oziq-ovqat va meva-sabzavot sotuvchi savdogarlarga avvalgi gul rastalari o‘rnidan joy ajratilgan, biroq joy kichikligi bois Farhod ko‘chasi bo‘ylab savdogarlar tarqalib ketgan holda savdo qilayapti.

Toshkentda so‘nggi bir yilda o‘nga yaqin bozor butunlay yakson qilindi yoki boshqa joylarga ko‘chirildi.

Jumladan, shahardagi Yunusobod, Parkent bozorlari hamda Toshkent shahri metropolitenining “Mashinasozlar” bekati ustida joylashgan bozorning ayrim qismlari buzildi.

Oloy bozoridagi kiyim-kechak rastasi va buyum do‘konlari o‘rnida yashil maydon va mashinalar uchun to‘xtash joyi barpo etildi.

Poytaxtning Uchtepa tumanida joylashgan Farhod savdo yarmarkasi yer bilan tekislandi va keyin uning ma‘lum qismigina qayta qurildi.

Shaharning Navoiy ko‘chasidagi yarmarka ham buzilib, u yerdagi do‘konlar shahardagi O‘rikzor bozori va sobiq “Malika” tikuv fabrikasi binosida ochilgan savdo majmuasiga ko‘chirildi.
XS
SM
MD
LG