Линклар

Afg‘onistondagi ingliz tilida xabar tarqatadigan Khaama Press Internet nashri mamlakat xavfsizlik xizmati rasmiylariga tayangan holda¸ O‘zbekistonni Amudaryo hafzasidagi neftni o‘zlashtirishga xalal berayotganlikda aybladi.

Ismi ochiqlanmagan Afg‘oniston xavfsizlik rasmiylarining 25 iyun kuni mahalliy matbuotga bildirishicha¸ O‘zbekiston Afg‘oniston hukumati mamlakat iqtisodi uchun ustivor qilib belgilagan Amudaryo hafzasidagi neft konlarini o‘zlashtirish loyihasini barbod qilishga urinmoqda.

Bu ayblov e‘lon qilinishidan bir kun oldin - 24 iyun kuni Afg‘oniston shimolidagi Saripul viloyatida mazkur hafzadan neft o‘zlashtirish loyihasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi va unda yuqori darajali Kobul rasmiylari ishtirok etdi.

Xitoy Milliy neft korporatsiyasi (National Petroleum Corporation) o‘tgan yil dekabr oyida Saripuldagi konlarni o‘zlashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro tenderda g‘olib deb topildi.

Afg‘oniston prezidenti Hamid Karzayning jiyanlariga qarashli Vatan shirkati bilan birgalikda Xitoy davlat korporatsiyasi qimmati 3 milliard dollarlik loyihani birgalikda amalga oshirishga oid kelishuv imzoladi.

Bundan ikki hafta oldin Afg‘oniston shimolida katta ta‘sirga ega o‘zbek generali Abdurashid Do‘stum mazkur loyiha ijrosi boshlanishiga to‘sqinlik qilayotganlikda ayblandi.

Prezident Karzayga hisob beruvchi Afg‘oniston Milliy xavfsizlik kengashi mamlakat prokuraturasiga¸ afg‘onlar taraqqiyoti uchun o‘ta muhim deb ko‘rilayotgan bu ulkan loyihaga to‘sqinlik qilayotgan Do‘stumga nisbatan vatanga xiyonat aybi bilan jinoiy ish ochishni so‘rab murojaat qildi.

Ammo Abdurashid Do‘stum rahbari bo‘lgan Afg‘oniston milliy jabhasi bunday ayblovni Karzay hukumatining o‘z muxolifiga nisbatan tazyiqi deya baholashda davom etmoqda:

- Ular ayblaydiki¸ go‘yo Afg‘onistonni shimolidagi konlarni o‘zlashtirmoqchi emishu u konlarni ishlatmoqchi bo‘lib kelgan injenerlar guruhiga ruxsat bermagan emish. Bu mutlaqo yolg‘on. Bor haqiqiqat shuki¸ Amudaryo neft havzasi tenderga qo‘yilganida¸ bir kompaniya yutgan. Yutgan kishilar kelganda shu joyning siyosiy rahbari sifatida general Do‘stim maslahat berganlar – Afg‘onistonning ba‘zi bir boshqa joylarida bo‘lgandek ishchilarni mahalliy xalqdan¸ shu joyning o‘zidan oling¸ deb. “Xalq o‘zi ezilgan¸ oxirgi sel xalqni juda ezdi¸ ishsizlik bor¸ shuning uchun konga tashqaridan odam olib kelmang”¸ deganlar. Endi shuni bahona qilib¸ muttahamchilik qilishayapti¸ degan edi 11 iyun kuni Ozodlik bilan suhbatda Abdurashid Do‘stum nomidan gapirgan Milliy jabha so‘zchisi Fayzulloh Zakiy.

Oradan ikki hafta o‘tib¸ general Do‘stumga qarshi rasman jinoiy ish ochilganiga oid biror rasmiy xabar chiqmadi¸ ammo 25 iyun kuni anonim afg‘on rasmiylari matbuot orqali Do‘stumga qarshi yangi ayblov ilgari surdilar.

Bu gal o‘zbeklar siyosiy yetakchisi O‘zbekiston maxsus xizmatlari topshirig‘i asosida Xitoy va jiyan karzaylar boshlamoqchi bo‘layotgan 3 milliard dollarlik neft o‘zlashtirish loyihasiga to‘g‘anoq bo‘layotganlikda ayblanmoqda.

Afg‘on matbuoti nomi va lavozimini ochiqlamayotgan bu xavfsizlik rasmiylari¸ o‘z ixtiyorlarida O‘zbekiston maxsus xizmatlarining Amudaryo hafzasidagi neft loyihasiga aralashayotganini tasdiqlovchi ishonchli hujjat-dalillar borligini iddao qilgan.

Khaama Press Internet nashri shuningdek¸ Afg‘oniston Kon vazirligi ham mintaqadagi ayrim davlatlarning Afg‘onistondagi yirik tabiiy zahiralarni o‘zlashtirish jarayoniga salbiy aralashuvidan tashvish bildirgan.

Xususan¸ vazirlik matbuot kotibi Javid Umar¸ mintaqa razvedka xizmatlari Afg‘onistondagi neft va gaz o‘zlashtirish loyihalari boshlanmasligi uchun maxsus to‘siqlar qo‘yayotganini aytgan.

Ayni paytda¸ o‘z ismi sir tutilishini so‘ragan Afg‘oniston xavfsizlik rasmiylari¸ O‘zbekiston hukumatining Abdurashid Do‘stum va uning guruhiga Saripul konlarini o‘zlashtirishni paysalga solish uchun pul berayotganini iddao qilgan.

Bu ayblovlarga munosabat bildirgan Afg‘oniston parlamentidagi saripullik deputat Said Anvar¸ Karzay hukumatining mamlakatdagi asosiy muxolifat yetakchisi general Do‘stumga qarshi davom etayotgan siyosiy bo‘hton kampaniyasining davomi deya baholadi.

- Bular hammasi yolg‘on gaplar. Bularning (tuhmat qilayotgan Kobul rasmiylari nazarda tutilmoqda – tahr.) asosiy rohatsizliklari general Do‘stum va Milliy jabhaning faoliyati bilan bog‘liq. Shuning uchun bular general Do‘stumga qarshi qo‘llarida nima usul bo‘lsa¸ bu matbuot orqali yolg‘on tarqatishmi¸ har turli propaganda¸ ularni ayamay to‘xtabdilar¸ deydi Afg‘oniston parlamenti deputati Said Anvar.

Mintaqadagi ayrim davlatlar¸ Afg‘onistonga beqarorlik eksport qilib turgan bir paytda¸ O‘zbekiston biz uchun katta ishlar qilayotgan yaxshi qo‘shni va bu kabi ayblov¸ nafaqat Do‘stum¸ balki qo‘shnimizga nisbatan ham tuhmatdir¸ deb qo‘shimcha qiladi Said Anvar.
XS
SM
MD
LG