Линклар

Polsha va Ukrainada futbol bo‘yicha 2012 yilgi Yevropa chempionati so‘nggi bosqichga kirdi. 24 iyun kuni chempionlik uchun kurashni davom ettiradigan to‘rtta terma jamoa ma‘lum bo‘ldi.

Yevro-2012 taqvimiga muvofiq 27 iyun kuni Uktainaning Donetsk shahrida Portugaliya va Ispaniya, 28 iyun kuni Polsha poytaxti Varshavada Germaniya bilan Italiya terma jamoalari finalga yo‘llanma olish uchun bellashadi.

Ikkala o‘yinda g‘olib chiqqan jamoalar 1 iyul kuni Ukraina poytaxti Kiyev shahridagi Olimpiya stadionida bo‘ladigan final o‘yinida kuch sinashadi.

Millionlab futbol ishqibozlari, jumladan, o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari ham ushbu o‘yinlarni intiqlik bilan kutmoqda.

"Hafta savoli"ning bugungi sonida respondentlarga: “Sizningcha¸ qaysi futbol jamoasi Yevropa chempioni bo‘ladi?” degan savol bilan murojaat qildik.

Shuhrat, Buxoro, o‘qituvchi:


- Menimcha, Germaniya bo‘lsa kerak. Chunki “nemis mashinasi” hozir butun maydonda himoyachi, yarim himoyachi, hujumchi o‘zining pozitsiyasini to‘g‘ri egallab olgan. Italiyaning chempion bo‘lishi ham ehtimoldan holi emas. Lekin Italiya hujumchilari nemis hujumchilariga nisbatan sust. Chunki kecha ham ko‘rdik. Bir necha gollarni urolmadi Italiya hujumchilari. “Nemis mashinasi”da unaqa emas. “Nemis mashinasi”da hammasi rejalashtirilgan. Hujumchilar ham, himoyachilar ham o‘z vazifasini sidqidildan ado qilayapti. Shuning uchun Yevropa chempionatida Germaniya chempion bo‘lsa kerak. Ispaniya-Portugaliya o‘yinida Ispaniyaning qo‘li baland kelishi mumkin. Yulduzlar kamroqda endi Portugaliyada. Ronaldo, Nani, Poshtiga, Pepelar baribir Ispaniya yulduzlariga yetmaydida. Ispaniya bilan Germaniya chiqadi, albatta¸ Germaniya yutadi. Chunki Germaniyaning alami bor Ispaniyada. 2010 yilgi Jahon chempionatida Ispaniya Germaniyani mag‘lubiyatga uchratgan edi.

Namangan viloyat IIB navbatchisi:


- Aka men futbol ko‘rmayman. Ishdagi odam qayerdan futbol ko‘rsin? Men karatega qizikaman. Bu (IIB telefoni) o‘yinchoq telefon emas. Futbolingizni hal qiladigan narsamas bo‘t.

Haydar Akbar, sport sharhlovchisi:


- Kechagi o‘yinda juda ko‘pchilik Angliya terma jamoasi g‘olib bo‘ladi¸ deb bashorat qilgan edi. Lekin Italiya Angliyaga qarshi yaxshi bir taktikani qo‘lladi. O‘yin davomida 80 foiz to‘p italiyaliklarda bo‘ldi. Ular yaxshi jamoaviy o‘yin namoyish qila olishdi. Agar imkoniyatlardan to‘liq foydalanganda hisob bundanda yirikroq bo‘lishi kerak edi. Masala asosiy vaqtning o‘zida hal bo‘lishi kerak edi. Italiya chempion bo‘ladi¸ deb ayta olmayman, lekin chiroyli o‘yin namoyish qildi. Finalga Ispaniya bilan Germaniya chiqadi¸ deb o‘ylayman. Juda qattiq murosasiz kurashdan keyin Germaniya terma jamoasi g‘olib bo‘lsa kerak bu safar.

Nabijon, Samarqand:


- Televizorga men qaramayapman. Vaqt bo‘lmayapti. Daladamanda men, ogorodda yuraman ekinlarni sug‘orib, parvarishlab. O‘g‘lim ham kino ko‘radi, futbolga qiziqmaydi. Kino, kontsert ko‘rib yotadi. Qiziqish yo‘qda. 20 sotix ogorodimiz bor. Shunda piyoz, sabzi, ro‘zg‘orga yarasha hamma narsa ekamiz. Qo‘shiq eshitaman radiodan¸ xolos.

Nodira, iqtisodiyot vazirligi xodimi:


- Gohida futbol ko‘raman. Vaqtimga qarabda. Italiyaga bolet qilamiz oilamiz bilan. Rossiyaga bolet qilayotgan edik, chiqib ketdiyu ular. Mening xo‘jayinim, o‘g‘lim Italiyaga bolet qiladi. Men unaqa juda ko‘rmayman, ko‘rishayotganda o‘tirib ozgina ko‘rmasam. Germaniya ham yaxshi o‘ynayapti lekin. Portugaliya ham yaxshi o‘ynaydi. O‘yinchilari yaxshiroq boshqalarga qaraganda. Kim chempion bo‘lishini bilmiyman.

Shuhrat, "Afrosiyob" biznes markazi xodimi:


- Konechno Germaniya. Italiya o‘ynashni bilmaydi, ular bir tiyinga qimmat. Portugaliya hujumda o‘ynaydi, lekin nemislarga kuchi yetmaydi. Ispanlarda Barselona stili. Ularning ham nemislarga kuchi yetmaydi. Ispanlar baribir yutqazib qo‘yadi. Ronaldo zo‘r, lekin “nemis mashinasi” baribir kuchlida. Germaniya favorit. To‘rtta komanda ichida favoriti Germaniya. Germaniyada yaxshi o‘yinchi ko‘pda. Myuller bor, Gomez bor, Shvanshtayger bor, O‘zil bor, Xedira bor. Ispolnitellar ko‘pda. Germaniya Yevropa chempioni bo‘ladi¸ Xudo xohlasa.

Jamshid, Rossiyadagi farg‘onalik yigit:


- Bilmadim. O‘zi futbolga fanatman, lekin bu yerda yurganligim uchun qiziqish ham qolmadi, vaqt ham. Ora-orada ko‘rib turibman. Portugaliya chempion bo‘ladi¸ deb o‘ylayman. Fanat bitta komandaga yopishib oladi, nimagaligini ham bilmaydi. Nimaga fanat bo‘layotganini ham, nimaga qiziqayotganini ham bilmaydi o‘zi. Portugaliyaga fanatman. Mening shunaqa xohishim bor, Portugaliya chempion bo‘ladi deb o‘ylayman.

Grigoriy, Fitness SPA xodimi:


- Germaniya Yevropa chempioni bo‘ladi. Bu jamoa menga yoqadi. Chunki bu juda kuchli terma jamoa. Yaxshi hujum uyushtiradi. Umuman intizomli jamoa. Men ular g‘olib bo‘ladi¸ deb o‘ylayman. Ularning laqabi “Nemis mashinasi”. Juda yaxshi jamoa. Har bir o‘yinchi o‘z o‘rnida vazifasini bajaradi.

Jonibek, Xorazm, usta:


- Ish bilan ovora bo‘lib futbolni ko‘rishga vaqtim yo‘q. Sportga qiziqishim yo‘q. Kechami, o‘tgan kuni bir o‘yin bo‘ldi 1:0 o‘shani ko‘rdim. Ispaniya-Portugaliya o‘ynadi menimcha, o‘shani ko‘rdim. Hozir ish bilan yuribman. Joy solyapmizda. Men sportdan boksni ko‘raman. Boshqasini ko‘rmiyman. Kim chempion bo‘lishini masalasida, Ispaniya bo‘lishi mumkin.


Jasur, "O‘zavtoyo‘l" shirkati xodimi:


- To‘g‘risini aytsam¸ ishxonadan kech chiqayotganim uchun futbolni ko‘ra olmayapman. O‘zim futbol o‘ynamayman. Lekin futbolni kam ko‘raman. Hozir futbol ko‘rmayotgan bo‘lsam, kim chempion bo‘lishini qayerdan bilaman?

Mashhura, uy bekasi:


- Men futbol o‘yinlarini ko‘rmayapman. Qiziqmiyman. Sport turlaridan suzishni, tennisni, figurniy kataniya, gimnastika bo‘lsa tomosha qilaman. Futbol ko‘rishni uncha xohlamayman. Shovqinidan boshim og‘rib ketadi.

Hurmatli mushtariy, Siz ham "Hafta savoli"ga javob yozmoqchi yoki shu mavzuda ma‘lumot bermoqchi bo‘lsangiz "Sharhlar" tugmachasini bosib, fikr-mulohazalaringizni yozib qoldirishingiz mumkin.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG