Линклар

“Qirg‘iziston janubiy viloyatlarida shaxsini tasdiqlaydigan hujjatlari yo‘q qariyb 300 nafar ayol mavjud. Ularning aksariyati O‘zbekistonga turmushga chiqqan, lekin bu mamlakat fuqaroligiga qabul qilinmagan va natijada O‘zbekistondan chiqarib yuborilgan ayollardir”.

Qirg‘izistondagi “Tinchlik saqlovchi ayollar” markazi vakili Jamila Qaparovaning aytishicha, Qirg‘iziston janubida farzandlarini qo‘shib hisoblaganda 1,5 – 2 ming kishi hujjatsiz yashamoqda.

Ular to‘laqonli tibbiy yordam, ta‘lim va nafaqa pulidan mahrum.

Aytish mumkinki, deydi Qaparova xonim, ular osmon bilan yer orasida muallaq qolgan kishilardir.

Uning aytishicha, tashkilot hujjatsiz kishilar to‘g‘risida rasmiy idorlardan ma‘lumot izlagan, lekin topa olmagan.

Qaparovaga ko‘ra, O‘sh viloyatining birgina Aravon tumanida hujjatsiz yashayotgan 300 ayol bor. Ular O‘zbekistondan Qirg‘izistonga turmushga chiqqan ayollardir. (Ma‘lumotlarga qaraganda, bu tuman aholisining aksariyati - etnik o‘zbeklar)

- Shuningdek, deydi Jamila Qaparova, hududda Qirg‘izistondan O‘zbekistonga turmushga chiqib, 5 – 10 yil yashagach, farzandlari bilan majburan Qirg‘izistonga qaytarilgan ayollar ham ko‘p.

“Ularning yoshi kattaroq bolalari, erlari O‘zbekistonda qolgan. Natijada ko‘plab oilalar buzilib ketgan”, dedi Jamila Qaparova.

Hujjatsiz yashayotgan ayollar va ularning farzandlari taqdirini yengillatish va umuman bu sohadagi vaziyatni izga solish uchun, “Tinchlik saqlovchi ayollar” markazi fikricha, O‘zbekiston yoki Qirg‘izistonda 5 yildan ziyod yashagan kishilar uchun fuqarolik masalasini hal qilishda yengilliklar berilishi, ikki davlat o‘rtasida bu masala yuzasidan biron bir kelishuv imzolanishi kerak, deydi Jamila Qaparova.

Bu masala yuzasidan “Tinchlik saqlovchi ayollar” markazi Qirg‘iziston parlamentiga o‘z takliflarini kiritgan.

Qaparova xonim fikricha, O‘zbekistondan o‘z vataniga qaytarilgan ayollarning, hech yo‘q, farzandlariga nafaqa berilishi kerak.

Uning aytishicha, hujjatsiz, demakki, haq-huquqsiz yashayotgan ayollarni O‘zbekiston bilan chegaradosh Jalolobod viloyatining Bozorqo‘rg‘on, Novken, Suzoq, O‘sh viloyatining Aravon, Qorasuv, Botken viloyatining Qadamjoy va Botken tumanlarida ko‘plab uchratish mumkin.

Tilga olingan tumanlar aholisining sezilarli qismini (birida ko‘proq, birida ozroq bo‘lishi mumkin) etnik o‘zbeklar tashkil qiladi.
XS
SM
MD
LG