Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:47

"G‘afur Rahimov hukumat bilan kelisholmay qoldi"


O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi tashkilot vitse-prezidenti G‘afur Rahimovni vazifasidan chetlatdi. MOQ Ijroiya qo‘mitasi tarqatgan xabarnomada aytilishicha, G‘afur Rahimovni tashkilot a‘zoligidan chiqarish va vitse-prezident vakolatini muddatidan avval to‘xtatish qaroriga uning boshqa davlat fuqaroligini olgani sabab bo‘lgan.

O‘zbekistonda eng nufuzli kriminal avtoritetlardan biri sifatida tanilgan G‘afur Rahimov bir necha yildan beri xorijda muqim yashamoqda. Bunga uning hokimiyat yuqori doiralardagi shaxslar bilan kelishmovchilari sabab bo‘lgani aytiladi.

G‘afur Rahimovning O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi va Milliy Boks federatsiyasidagi lavozimlaridan chetlatilgani haqidagi xabarlar shu oyning boshida paydo bo‘lgan edi.

O‘shanda Milliy Olimpiya qo‘mitasi rasmiysi Ozodlikka bu xabarlarni inkor qilgan edi. O‘zbekiston prezidentining sport ishlari bo‘yicha maslahatchisi Roman Itskov shuningdek, G‘afur Rahimov Rossiya fuqaroligini olgani haqida qo‘mitaga bildirishnoma yubormaganini ham aytgan edi.

25 iyun kuni milliy olimpiya qo‘mitasi vakili, Ozodlik bilan suhbatda, MOQ Ijroiya qo‘mitasining oxirgi majlisida G‘afur Rahimovni tashkilot a‘zoligidan chiqarish masalasi ko‘rib chiqilganini tasdiqladi.

- O‘tgan juma kuni ijroiya qo‘mitasi yig‘ini o‘tkazildi va unda kelgusi olimpiadaga tayyorgarlik masalalari, jumladan G‘afur Rahimovga doir masala ham ko‘rib chiqildi. Uni a‘zolik va vitse perzidentlik maqomidan chetlatish haqida qaror qabul qilindi, dedi Roman Itskov.

Olimpiya qo‘mitasi tarqatgan xabarda G‘afur Rahimov Milliy boks federatsiyasi a‘zoligidan ham chiqarilgani eslanadi. Lekin G‘afur Rahimovning Osiyo Boks konfederatsiyasidagi prezidentlik lavozimida qolish, qolmasligi haqida hech narsa dyilmagan.

Osiyo Boks konfederatsiyasi vitse prezidenti, ya‘ni Rahimovning o‘rinbosari Aziz Kujambetov Ozodlikka bularni ma‘lum qildi:

- Sizlarda nimalar ro‘y berayotganini bilmayman, balki kimdir uni konfederatsiya prezidenti lavozimidan tushirmoqchidir. Lekin uni hech kim bu lavozimdan bo‘shatgani yo‘q, bo‘shatmaydi ham. Bu hech kimning qo‘lidan kelmaydi. U o‘z lavozimida qolmoqda va yo‘q deganda 2015 yil vakolat muddati tugaguniga qadar qoladi, dedi Osiyo Boks konfederatsiyasi vitse prezidenti.

O‘zbekistonda eng nufuzli kriminal avtoritetlardan biri sifatida tanilgan 61 yoshli G‘afur Rahimov bir necha yildan beri majburiy muhojiratda yashab kelishi va bunga uning O‘zbekiston hokimiyatidagi nufuzli shaxslar bilan kelishmovchiliklari sabab bo‘lgani aytiladi.

Bi-Bi-Si telekanali uchun G‘afur Rahimov haqida hujjatli film tayyorlagan jurnalist Shohida Yoqub uning sport tashkilotlaridagi maqomlaridan ham mahrum etilishi bu konfliktning jiddiyligidan dalolatdir deydi.

- G‘afur Rahimov nafaqat sport federatsiyalaridan chetlatildi, umuman O‘zbekistondagi biznesdan chetlatildi. Eng asosiysi, mamlakatdan ham chetlatildi. Chunki mening bilishimcha, G‘afur Rahimov bir necha yil boshqa davlatlarda yashagan. Bu nimani anglatadi? Bu G‘afur Rahimov va O‘zbekiston hukumati, menimcha, shaxsan prezident Karimov orasida qandaydir qiyinchiliklar boshlandi. Shuning uchun G‘afur Rahimov O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘ldi, deydi jurnalist.

Kriminal avtoritet sifatida tanilganiga qaramasdan G‘afur Rahimov bundan bir necha yil avval shaxsan prezident Karimov tomonidan olqish va mukofotlarga sazovor bo‘lgani jurnalist Shohida Yoqubning fikrlariga tasdiq bo‘lishi mumkin.

O‘zini tadbirkor va metsenat sifatida taqdim qiladigan G‘afur Rahimovning ismi keyingi paytlarda tez-tez xorij matbuoti sarlavhalariga chiqmoqda. Joriy yil boshida AQSh Moliya vazirligining uyushgan xalqaro guruh yetakchilariga qarshi joriy qilgan sanktsiyalari ro‘yxatiga G‘afur Rahimov ismi ham kiritilgan edi.

AQSh Moliya vazirligi e‘lon qilgan hujjatda: “Postsovet fuqarolaridan tashkil topgan “Birodarlik xalqasi” (Bratva) dagi belgilovchi shaxs bo‘lgan G‘afur Rahimov o‘zbek uyushgan jinoyat olami yetakchilaridan biri va u Markaziy Osiyoda narkotik moddalar ishlab chiqarish bo‘yicha ixtisoslashgan. Rahimov dunyoning yirik narkosindikatlarida geroin kontrabandasi bilan bog‘liq operatsiyalarda qatnashib kelmoqda", deyiladi.

O‘zbekistondagi biznes doiralar vakilidan biri, Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, AQSh Federal qidiruv byurosiga G‘afur Rahimov haqidagi kompromatni ham O‘zbekiston hukumatidagi muayan shaxslar taqdim qilgan, deya ta‘kidladi. Uning aytishicha, hozirda Birlashgan Arab Amriliklarining Dubay shahrida istiqomat qilayotgan G‘afur Rahimov O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati xodimlarining doimiy kuzatuvida qolmoqda.

“G‘afur Rahimov O‘zbekiston hukumatidagi nufuzli shaxslar bilan chambarchas bog‘liqdir. Ular bilan turli ishlarni amalga oshirgan, jumladan, narkotiklar noqonuniy savdosiga ham aralshgan. Shu sababdan uning qo‘lida ham hukumatdagi odamlarga kompromat bor, lekin agar u og‘iz ochgudek bo‘lsa, buning jiddiy oqibatlari bo‘ladi. Shuning uchun uni doimiy nazoratda ushlab turishadi”, deydi suhbatdoshimiz.

2000 yildagi Sidney Olimpiadasi paytida G‘afur Rahimovga qarshi olib borilgan axborot kampaniyasi paytida uning huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullangan o‘zbekistonlik faol Marat Zohidov protejesi tushib qolgan vaziyat uning tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liqligiga shubha qilmaydi.

- G‘afur bilan anchadan buyon gaplashganim yo‘q. Lekin mening fikrim shunaqaki, u juda katta ish qilgan boks to‘g‘risida. Men uni aniq bilaman. Hammasi bu o‘yin. Hech qanaqa qoradorilariga uning aloqasi yo‘q edi. Hammasini batafsil tekshirdik. Hammasi bu o‘yin. Men o‘ylaymanki, u biznesga bog‘liq. Raqobatchilar juda ko‘p edi. Bu yoqdan biznes olib borish juda qiyin O‘zbekistonda, deydi Marat Zohidov.

Bundan 12 yil muqaddam Sidneydagi Olimpiada o‘yinlarida Osiyo olimpiya qo‘mitasi rasmiysi sifatida qatnashishga borgan G‘afur Rahimovni Avstraliya xavfsizlik idoralari “xalqaro narkobaron” degan shubha bilan mamlakat hududiga kiritmagan va bu voqea xalqaro maydonda shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.

G‘afur Rahimovning rasmiy saytida aytilishicha, u bir nechta shirkatda prezident lavozimini ham egallaydi. Mazkur firmalar orqali O‘zbekistonga xalq iste‘mol mollari, kimyo, avtomobil va yengil sanoati uchun xom ashyo kirib keladi.

Norasmiy manbalarga ko‘ra, prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bilan biznesdagi mavqeini saqlab qolish uchun raqobatga kirishganidan so‘ng G‘afur Rahimov hukumat, xususan, Islom Karimov marhamatidan mosuvo bo‘lgan va 2010 yilda O‘zbekistondan chiqib ketgan.
XS
SM
MD
LG