Линклар

“Erk” faoli Isroil Xoldorovning jazo muddatiga yana uch yil qo‘shib berildi. 2007 yilda olti yillik qamoqqa hukm qilingan muxolifatchi yarim yildan keyin ozodlikka chiqishi kerak edi.

Bu haqda O‘zbekistondagi “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati ma‘lum qildi. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi tizimidagi 64/29-koloniya (Navoiy shahri) da jazo muddatini o‘tayotgan “Erk” partiyasining Andijon viloyati bo‘limi sobiq raisi 62 yashar Isroil Xoldorovning jazo muddatiga jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi tomonidan yana uch yil qo‘shib berilgan.

Muxolifatchi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 221-moddasi (Jazoni ijro etish muassasasi ma‘muriyatining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik) bilan ayblangan.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, Isroil Xoldorov 2007 yilning 19 fevralida jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati sudining hukmi bilan O‘zbekiston Respublikasi JKning 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 216-moddasi (Jamoat birlashmalari yoki diniy tashkilotlarni qonunga xilof ravishda tuzish), 223-moddasi (Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish) hamda 244/1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash yoki tarqatish) bilan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Huquq himoyasi tashkiloti tarqatgan xabarga ko‘ra, "18.10.2005 yilda fuqaro I. Xoldorovning yashash uyida tintuv o‘tkazilib, 86 turdagi go‘yo O‘zbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga, hamda O‘zbekistondagi vaziyatni berqarorlashtiruvchi fikrlar mavjud bo‘lgan kitob, varaqalar va risolalar aniqlanib olingan. Shu sababli 02.11.2005 yilda unga nisbatan sirtdan O‘zbekiston Respublikasi 159-moddasi 1-qismi bilan ayb e‘lon qilinib, qidiruv e‘lon qilingan".

Rasmiylarga ko‘ra, 2006 yil 7 sentyabrь kuni Isroil Xoldorov O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilib, o‘zini topshirgan. Norasmiy manbalarga ko‘ra, muxolifatchi 2006 yil 10 iyul kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahridan o‘g‘irlab ketilgan.

So‘ngra Andijon voqealari ishtirokchisi sifatida ayblangan Isroil Xoldorov 2007 yilning fevralida qamoqqa hukm qilingan.

O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Ijroiya Kodeksi talablariga muvofiq, Isroil Xoldorovning keksaligi, salomatligi yomonligi va jazoni o‘tashga qodir emasligini inobatga olib, uni ozodlikka chiqarish lozim, deb hisoblagan va yuqori instantsiya sudlarini hukmni bekor qilishga chaqirgan.
XS
SM
MD
LG