Линклар

logo-print

Gulnora Karimovaga qarashli “O‘zbekiston madaniyati va san‘ati forumi” jamg‘armasi – Fond Forum "homiyligida" o‘tkazilayotgan hashar to‘ylaridan so‘ng ayrim oilalar qaytadan mahallaga to‘y qilib berayapti.

Samarqand shahar Kattaqo‘rg‘on mahallasida yashovchi 28 yoshli Kamol Karimov uch o‘g‘il - 6 yoshli Jamol, 4 yoshli Davlat va 2 yoshli Eldorning otasi.

22 iyun kuni Samarqanddagi "Mo‘‘jiza" restoranida Fond Forum o‘tkazgan hashar to‘ylar sohiblari ro‘yxatida Kamol Karimov ham bor.

Fond Forum Kamol Karimovning birdaniga uch o‘g‘liga sunnat to‘ylarini o‘tkazib berdi.

O‘sha kungi to‘yni eslarkan Kamol, bunday dabdabali to‘yni umrida birinchi bor ko‘rganini aytadi.

- Artistlardan Manzura, Sato guruhi bor edi, o‘zimizdan Mardon Mavlonov bor edi. To‘g‘risi men bunday to‘y ko‘rmagan edimda. Kutmagandim bunday bo‘lishini, lekin gap yo‘q,- deydi suhbatdosh.

Kamol bu kabi hashamatli to‘yni ko‘rish o‘zining qarindoshlariga nasib qilmaganini aytadi. Boisi ularning hech biri bu to‘yga taklif qilinmagan.

- Qarindoshdan men hech kimni olib ketmagandim. O‘zim, keliningiz, uch o‘g‘lim keyin o‘zimizning mahalladan odam olib ketganman, mahallqo‘mlar,- deydi Kamol Karimov.

Hozirda shahardagi mashina yuvish shoxobchalaridan birining ishchisi bo‘lgan Kamolning aytishicha, mahalliy hokimlikka oilasi uchun moddiy yordam so‘rab borgan payti uni hashar to‘yga ko‘ndirishgan.

- Boshqa narsa sabab bilan hokimiyatga borgan edik. Shunday bo‘lib qoldi, to‘yimni qilib berishdida. Endi o‘zi sabab boshqa narsa edi borganimiz,- deydi Kamol.

Kamol uch o‘g‘lini ham 23 iyun kuni sunnat qildirdi. 25 iyun kuni esa mahallaga qaytadan dasturxon yozdi.

- Kecha mahallada osh qilib berdim o‘zim. Baribir o‘zim otasimanku. Osh qilib, mahallada alohida yana to‘yini boshqatdan qilib berdim. Xalq ham bilsin mahallalar deb. O‘zimning ham niyatim bor edida. Endi o‘zbekchilikda. Mahallada jo‘ralarim bor, o‘rtoqlarim bor, qarindoshlar bor. Keyin aytmasinda, bu o‘g‘lini kesdiyu birovni aytmadi deb. Bizlar ham to‘y yeganmiz, shuni qaytarib berish kerakku,- deydi Kamol Karimov.

"Kattaqo‘rg‘on" mahalla qo‘mitasining o‘zini tanishtirmagan xodimi Kamol Karimov moddiy yordam so‘rab hukumat idoralariga murojaat qilganda, uning o‘g‘illariga hashar to‘y o‘tkazish taklifi bo‘lganini tasdiqladi.

- O‘zi kelib murojaat qilgan edi, shu narsaga tushib qoldi. Ijarada turar ekan. Kelib aytdi ahvolimiz, sharoitimiz og‘ir deb. Shuni keyin tashkillashtirdikda. Uchta bolani bog‘chamizga joylashtirdik. Onasini shu bog‘chaga ishga joylashtirdik. Shu o‘rtada to‘yi ham nima bo‘lib qoldida hokimiyat tomonidan. Keyin shuni ham o‘tkazib yubordik,- deydi mahalla qo‘mitasi xodimi.

“O‘zbekiston madaniyati va san‘ati forumi” jamg‘armasi – Fond Forumning ismini oshkor qilmayotganimiz xodimi hashar to‘ylardan so‘ng uning sohiblari orasida qayta to‘y o‘tkazish holatlari bo‘layotganini tan oldi.

"Nukusda o‘tkazgan nikoh to‘ylarimiz sohiblari orasida shundaylar bor edi. Ikki juftlik biz o‘tkazgan to‘ylardan so‘ng o‘zlari pul yig‘ib, yana to‘y qilish istagini bildirgan edi. Bir kelin-kuyov menga juda yoqqandi. Ular bir-birini juda sevishi shundoq bilinib turardi. Ular to‘y qilish istagida bo‘lgan. Biroq nochorligi bois bunga erisha olmayotgan ekan. Biz ularni nikohdan o‘tkazib, to‘yini qilib berdik. To‘y kuni kelin bilan gaplashsam, baribir keyin boshqatdan to‘y qilishga qaror qilishganini aytdi", deydi Fond Forum xodimi.
XS
SM
MD
LG