Линклар

logo-print
Ispaniya futbol terma jamoasi Yevro-2012 chempionatining birinchi finalistiga aylandi.

27 iyun kuni Donetskning Donbas Arena stadionida o'tgan yarim final o'yinida Vinsente Del Boske shogirdlari Portugaliya terma jamoasini mag'lub etdi.

Qiziqarli o'tgan o‘yinning asosiy vaqti 0:0 hisobi bilan yakunlangani bois uchrashuv g'olibi penaltilar seriyasida aniqlandi.

Ikkala jamoaning ham birinchi zarbasi muvaffaqiyatsiz bo'ldi. Ispaniyalik Xabi Alonsoning o'ng burchakka bergan zarbasini Portugaliya darvozaboni Ruy Patrisiu qaytarishga muvaffaq bo'ldi. Ispaniya darvozaboni Iker Kasilyas ham Joau Moutinyoning chap burchakka bergan zarbasini osonlikcha qaytardi.

Ispaniyadan Andres Inyesta va Xerard Pike, Portugaliyadan Pepe va Nani bergan keyingi zarbalar nishonga aniq yetib bordi. Ispaniyaning Serhio Ramos tarafidan ijro etilgan to'rtinchi zarba ham darvozabonni dog'da qoldirdi. Rossiyaning "Zenit" futbol klubida faoliyat yurituvchi portugaliyalik Bruno Alvesh zarbasi esa darvoza to'sini tegib qaytdi. Hal qiluvchi pentaltini ispaniyalik Sesk Fabregas ijro etdi.



Yevro-2012 finaliga chiqgan Ispaniya terma jamoasi Germaniya Federativ Respublikasi terma jamoasi rekordini yangiladi. Futbol bo'yicha GFR terma jamoasi qatorasiga Yevro-1972, 1974 yilgi Jahon chempionati, Yevro-1976 o'yinlari finaliga chiqqan edi.

28 iyun kuni ikkinchi yarim final o'yinida Germaniya va Italiya bellashadi. Bu o‘yinda g‘olib chiqqan komanda Ispaniyaning finaldagi raqibi bo‘ladi.

Chempionatning final o‘yini 1 iyul kuni Kiyevda o‘tkaziladi.
XS
SM
MD
LG