Линклар

logo-print

O‘zbekistonning barcha viloyatlarida g‘alla o‘rim-yig‘imi davom etmoqda. Fermerlar bu yilgi g‘alla xirmoni ham qo‘shib yozishlar va ko‘zbo‘yamachiliklardan holi bo‘lmasligini aytmoqdalar.

Buxoroning Jondor tumanidan bo‘lgan fermer G‘ofur Qurbonov joriy yilda 45 gektar maydonda bug‘doy hosili yetishtirdi.

Fermer Qurbonov gektariga 33 sentnerdan hosil olib, davlatga 130 tonna topshirishi lozimligini aytadi.

Oilasiga ham 30-40 tonna bug‘doy qolishini rejalashtirmoqda fermer.

Shu kunlarda dalasida o‘rim ketayotganini aytgan Qurbonovga ko‘ra, bug‘doy yetishtirgan fermerlarni nazorat qiluvchilar anchagina.

- Fuqarolar yig‘inining raisi umumiy nazoratda bo‘ladi. Mahallaning raislari nazorat qiladi. Keyin tuman hokimligida tashkilotlar bor. Tegishli tashkilotlar, qishloq xo‘jalik tashkilotlari bor. Shu tashkilotlardan bitta doimiy kombaynni ishlash rejimini ta‘minlash uchun bitta mas‘ul shaxs bo‘ladi. Masalan, dalaga keldi. Mashinalar bormi, mashinalardan o‘t chiqmaydimi, tashiydigan mashinalar borku, ishlaydigan mexanizmlar bor, glushitellari nimami, hammasi qonun-qoidaga to‘g‘ri keladimi degan ma‘noda o‘t o‘chiruvchilarning vakili bo‘ladi. U nazorat qiladi. Undan tashqari tumanning hokimi doimiy nazorat qiladi,- deydi G‘ofur aka.

Fermer Qurbonovning aytishicha, g‘alla davlatga bozor narxidan qariyb 50 foiz arzoniga topshiriladi.

- Davlat zakazi bo‘lgani uchun bizlardan olaëtgan donga davlat narxni belgilaydi. Davlat zakazini 338 so‘mdan oladi. Bozor narxidan kam bu ukajon. Bozor narxi aytishlaricha 500 so‘m ham bor, 600 so‘m ham bor,- deydi fermer.

Lekin Qurbonov davlatga g‘allani arzon topshirganidan norozi emas. Boisi deydi fermer, ularga davlat tomonidan arzon narxda ma‘lum xizmatlar ko‘rsatiladi.

- O‘g‘itni bizga yetkazib berayaptiku davlat o‘zining narxida. Ëqilg‘ining narxi qancha, bizga qanchaga yetkazib berayapti. Ana shu tomonlari borda. Albatta ikkalasini ham arzon yetkazib berayapti. Suvni oling. Bizlar buxoroliklarga suvni Amudaryodan uch marta ham ko‘tarib keltiradi. Bir so‘m ham to‘lamayapmizku bizlar,- deydi jondorlik fermer.

Buvaydalik fermer Hasan akaning aytishicha, bug‘doy pishig‘i davrida firibgarlikka qo‘l urishga to‘g‘ri keladi.

- Ko‘zbo‘yamachiligi mana hozir boshlandida. Endi bug‘doy yerlari ichida rezervlari bor, qo‘shimcha yerlar bor. Masalan, menda 50 gektar yer bo‘ladigan bo‘lsa, o‘shandan 10-12 gektar rezerv yer bo‘ladi. Hokimiyatdagilar biladi. Shunaqa qilishga majbur qiladida o‘g‘irlik qilishga,- deydi buvaydalik fermer.

Fermerning aytishicha, yashirin yerda yetishtirilgan bug‘doy hosilining puli paxta sotib olish va hokimliklar tomonidan talab qilinadigan hayriya tadbirlar uchun sarflanadi.

Jizzaxlik sobiq fermer Mamirjon Azimov o‘zining bug‘doy yetishtirgan paytlaridan kelib chiqib aytishicha, g‘alla o‘rimi payti fermerlarga nisbatan qattiq bosim bo‘ladi.

- Nazorat juda kuchli bo‘ladi. Fermerlarga planni bajarmaguncha bir kilo ham olishga yo‘l berishmaydi. Imkonini topadigan fermerlar bo‘lsa, planidan chiqa olmaydigan holat bo‘lsa, 2-3 tonna olish uchun kombayn haydovchisi bilan bir amallab kelishmasa, fermerlarga yo‘l berilmaydi. Agar planni bajarmaydigan bo‘lsa, boshqa fermerlardan bo‘lsa ham olishga majbur. Yoki bozordan bo‘lsa ham olib planni bajarishga majbur qilinadi,- deydi sobiq fermer.

Mamirjon Azimovga ko‘ra, sobiq sho‘ro davridagi qo‘shib yozish holatlari hanuz kuzatilayapti.

- Qo‘shib yozish. Usiz plan bajarish qiyin. Paxtada ham, g‘allada ham qo‘shib yozish oddiy holga aylangan. Har yil g‘alla planini bajarishda qo‘shib yozishlar ko‘p bo‘ladi, juda ko‘p kuzatiladi,- deydi Azimov.

O‘tgan yili o‘zbek g‘allakorlari 6 million 800 ming tonna g‘alla yetishtirib, davlat rejasini oshig‘i bilan bajargan edi.

O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi ma‘lumotiga ko‘ra, joriy yildagi g‘alla bo‘yicha davlat rejasi 6 million 703 ming tonna.
XS
SM
MD
LG