Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:50

Texnologiyalar hayotingizga qanday ta‘sir qilmoqda?


Sizningcha, texnologiyalar taraqqiyotining kelajakda O‘zbekiston jamiyati, davlatiga ta‘siri, oqibatlari qanday bo‘lishi mumkin? Ozodlik Online muloqotining keyingi mavzusi ana shu haqda.

Apple, Nokia, Samsung, Siemens, HTC, Blackberry, Motorola kabi shirkatlar butun dunyoni insonning bitta kaftiga joylab berdi.

Bugun ishlatib yurganimiz qo‘l telefonlari orqali bu nomlar ko‘pchiligimiz uchun tanish. Bir-biri bilan SMS yozishadigan yoshlar iPhone yoki HTC telefonlari qadriga yetadi, albatta. Bu shirkatlar smartfon bozoridagi yetakchilik uchun raqobatga kirishishi natijasida mobil telefon apparatlari kundan-kunga mukammalashib bormoqda.

Bunday so‘nggi avlod mobil telefonlari foydalanuvchilarga keng imkoniyatlarni yaratmoqda. Masalan, Internet foydalanuvchilari uchun hukumatlar nazorat qila olmaydigan aloqa kanallari bunday imkoniyatlardan biridir. Ekspertlar oxir-oqibat yaqin kelajakda hukumatlar mutlaqo nazorat qila olmaydigan aloqa vositalari va mobil telefonlar tizimlari dunyoni egallab olishiga shubha qilmayotir.

Kechagina telefon simlari orqali daxmazadek kompyuterlarning tarmoqqa ulanishi Internet dunyoga kelishiga sabab bo‘ldi. 1990 yillarga kelib, insonlarning nigohi teleekranlardan kompьyuterlarga ko‘chdi. 2000 yillar boshlarida kompyuterlarga tikilgan ko‘zlar mobil telefonlar va smartfonlarga ko‘chdi. Bugun har bir inson to‘laqonli mobil informatsion markaz bo‘lish imkoniyatiga ega.

Informatsion texnologiyalar hayotingizga qanday ta‘sir qilmoqda? Sizningcha, bu taraqqiyotning kelajakda O‘zbekiston jamiyati, davlatiga ta‘siri, oqibatlari qanday bo‘lishi mumkin? Siz, aytaylik, 2025, 2035 yillarni texnologik jihatdan tasavvur qila olasizmi?

Ozodlik Online dasturining kelgusi dushanba, 2 iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da internet orqali jonli efirga chiqadigan sonida shu mavzu atrofida suxbatlashamiz.

Wikipedia Internet entsiklopediyasining o‘zbek tilidagi sahifasi faollaridan biri, Budapesht oliygohlaridan birining talabasi Nodir Otayev hamda Ozodlik radiosining informatsion texnologiyalar bo‘yicha mutaxassisi To‘lqin Umaraliyev dasturimiz mehmonlari bo‘lishadi.

Muhtaram tinglovchi, o‘z fikr-mulohazalaringizni, savol va e‘tirozlaringizni jonli efirda, yoki dasturdan oldinroq skayp orqali, Ozodlik saytida yoki Facebookdagi sahifamizda qoldirishingiz mumkin. Skaypdagi manzilimiz – Ozodskype.

Ozodlik Online o‘zbek tilidagi yagona interaktiv muloqot dasturidir. Biz bilan bog‘laning, va o‘z qarashlaringizni bildiring!
XS
SM
MD
LG