Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 13:28

Chiqish vizasi yo‘q o‘zbekistonliklar qo‘shni davlatlarga chiqa olmaydi


O‘zbekiston hukumati Tojikiston, Turkmaniston va Qirg‘izistonga boradigan fuqarolar uchun chiqish vizasi olish tartibini joriy qildi. Bu o‘zgartishga qadar, o‘z pasportida chiqish vizasi bo‘lmasa-da, o‘zbekistonliklar qo‘shnilar hududiga o‘tishi mumkin edi.

27 iyun kuni respublika nashrlarida e‘lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining MDH hududiga, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi xorij fuqarolarining chet elga chiqishiga oid vaqtincha Yo‘riqnoma”ning 1 iyundan boshlab kuchga kirgani aytilmoqda.

O‘zbekistonda fuqarolarni biometrik pasport bilan ta‘minlash jarayoni tugatiladigan 2015 yil oxiriga qadar amal qiladigan bu Yo‘riqnomaga ko‘ra, qo‘shni Tojikiston, Turkmaniston va Qirg‘izistonga bormoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklar pasportida chiqish vizasi bo‘lishi shart.

Yo‘riqnomaga ko‘ra, Qirg‘izistonga chiquvchilar bu mamlakatda 60 kundan kam qoladigan bo‘lsa, chiqish vizasi talab qilinmaydi.

Turkmaniston va Tojikiston chegarasiga yaqin hududda istiqomat qiluvchi va ba‘zi toifadagi fuqarolarga ham bu mamlakatlarga borish uchun chiqish vizasi talab qilinmaydi.

So‘nggi ikki mamlakat bilan O‘zbekiston o‘rtasida viza rejimi amal qiladi. Lekin Toshkentdagi Tojikiston elchixonasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, yangi tartib joriy qilinguniga qadar O‘zbekiston fuqarolari Tojikistonga borish uchun chiqish vizasisiz, faqatgina bu mamlakat vizasi bilangina borishlari mumkinligini ma‘lum qildi.

- Bu tartib nafaqat bizga, boshqa mamlakatlarga nisbatan ham joriy qilindi. O‘zi bunday tartib avvallari ham bor edi, besh-olti yil avval bekor qilingan edi, hozir qayta joriy qilindi. Bir yarim oycha avval, Tojikistonga borish uchun chiqish vizasi talab qilinmas edi. Printsipda, bizga farqi yo‘q, hozir ham chiqish vizasisiz Tojikiston vizasini olishingiz mumkin, lekin O‘zbekiston chegarasidan o‘tishda muammolar paydo bo‘lishi mumkin, dedi Tojikistonning O‘zbekistondagi elchixonasi vakili.

Ayni paytda, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining xorijga chiqish-kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi vakili 1 iyundan kuchga kirgan tartibning qo‘shni respublikalarga safar qilishga oid qismida yangilik joyi yo‘q, deya ta‘kidladi.

- SSSR paytida viza yo‘q edi hozir bor. Bir yarim oy avval chiqish vizasisiz Tojikiston yo Turkmanistonga borib kelish mumkin edi, deganlar bekor gapni aytibdi. 3-4 yil bo‘lib qoldi, 2-3 oy emas, viza rejimi joriy qilinganiga 5-6 yil bo‘ldi, dedi IIV rasmiysi.

O‘zini tanishtirmagan suhbatoshimiz, yangi tartib joriy qilinishidan ko‘zlangan maqsadni izohlashdan bosh tortdi.

Tojikistondagi qarindoshlarini ko‘rish uchun tez-tez qo‘shni mamlakatga safar qiladigan sirdaryolik Ne‘matjon, yangi tartib joriy qilinganidan xabari bor. Bir oy avval bordi-keldimiz qiyinlashib qoldi, deydi u.

- To‘g‘ri, bu 1 iyundan kuchga kirdi. Oldin chiqish vizasini unchalik surishtirmas edi, o‘tib ketavarar edingiz, Tojikistoni vizasi bo‘lsa. Hozir O‘zbekiston bergan chiqish vizasi bo‘lmasa, chegarachilar o‘tkazmayapti, deydi 34 yoshli Ne‘matjon.

Ayni paytda, MDHning boshqa davlatlariga sayohat qilish tartibi o‘zgarmagan va bundan keyin ham O‘zbekiston fuqarolari o‘zaro viza tartibi joriy etilmagan Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Moldova va Gruziyaga chiqish vizasi bo‘lmasa ham borishlari mumkin bo‘ladi.

O‘zbekiston fuqarolarining xorijga chiqish tartibiga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, 15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar davlat chegarasidan tashqariga chiqish uchun notarius tomonidan tasdiqlangan ota-ona roziligiga ega bo‘lishi shart.

Shuningdek, 16 yoshga to‘lmagan bolani xorijga olib ketayotgan shaxs chegara xizmati xodimlariga bolaning pasporti bilan ota-onasining notarius tasdiqlagan roziligini ham taqdim etishi lozim bo‘ladi.
XS
SM
MD
LG