Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:58

Toshkent ko‘chalariga videokameralar o‘rnatiladi


O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Aloqa va axborotlashtirish agentligi bilan birga amalga oshiradigan bu loyihaga davlat byudjetidan 20 million dollar mablag‘ sarflanadi.

Toshkent ko‘chalaridagi qatnovni nazorat qilish maqsadida o‘rnatilishi aytilayotgan avtomatik videokuzatuv tizimini joriy etishga sarflanadigan mablag‘ning yana bir qismi¸ aytilishicha¸ O‘zbekiston banklari tarafidan moliyalanadi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligida texnik jixozlash bilan shug‘ullanadigan mutaxassisning Ozodlikka bildirishicha¸ Toshkent ko‘chalarida videokuzatuv o‘rnatish loyihasi Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi tarafidan amalga oshirilmoqda.

- Boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari G‘ayrat Boltaboyev bu ishga rahbarlik qilayapti¸ dedi o‘zini tanishtirishni istamagan mutaxassis.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ avtomatik kuzatuv tizimi 2012 yil oxirigacha o‘rnatiladi¸
2013 yil boshiga borib butun Toshkent shahri kuzatuv tizimi kameralari bilan jihozlanadi.

Kuzatuv tizimlari o‘rnatish bo‘yicha o‘zbekistonlik 28 yashar mutaxassis Anvarga ko‘ra¸ bundan oldin Toshkent ko‘chalarida kuzatuv kameralari qisman o‘rnatilgan edi.

- Biz bu tizimni o‘rnatishda qatnashganmiz. Toshkent ko‘chalarida svetoforlar yoniga o‘rnatilgan bu uskuna mashina nomerlarini aniqlab rasmga olib¸ qayd qilib qo‘yadi. Ammo bu markazlashmagan tizim edi¸ deydi bu mutaxassis.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ Toshkent kabi katta shaharning hanuz markazlashgan kuzatuv tizimiga ega bo‘lmagani katta kamchilik.

Xavfsizlik uchun 20 million


Toshkentni kuzatish uchun davlat byudjetidan 20 million AQSh dollari ajratilishi bildirildi. Bu ko‘pmi yo oz?

Bu mablag‘ o‘zlashtirilmasdan korruptsiyachilar karmonidan joy olmasligiga qanday kafolat bor?

Kuzatuv kameralari mutaxassisiga ko‘ra, rasman 3 millionga yaqin odam yashaydigan¸ bir milliondan ziyod avtomobil qatnaydigan Toshkent kabi poytaxt shahar uchun tuzukroq kuzatuv uskunasi olinsa¸ 20 million yetmasligi ham mumkin.

Ayni paytda MDH hududida¸ xususan Rossiyada kuzatuv sistemasi tashkil qilish bilan bog‘liq korruptsion janjallar kuzatilgan.

2010 yili Rossiya Ichki ishlar vazirligi tashabbusi bilan Moskvadagi ko‘chalarga kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan edi. Keyin ma‘lum bo‘lishicha aksar kameralar soxta bo‘lib¸ bosh ekranga oldindan yozib olingan tasvirlarni uzatib turgan.

Bunday korruptsion sxema byudjetdan ajratilgan pullarning aksariyatini o‘zlashtirishda qo‘l kelishi aytiladi.

Ming ko‘zli shahar


Toshkent shahrida¸ norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra¸ 30 mingdan ko‘proq militsiya xodimi bor.

Bundan tashqari¸ ularga biriktirilgan posbonlar tizimi mahalla oqsoqollari bilan birgalikda shaharni doimiy “kuzatadi”.

Xalqaro standartlar va YeXHT tavsiyalariga ko‘ra¸ 5000 kishiga bir politsiya xodimi to‘g‘ri kelishi kerak. O‘zbekistonda esa bu standartdan 16 barobar ko‘p militsiya borligi aytiladi. Taxminlarga ko‘ra¸ O‘zbekistonda 350 kishiga bir politsiyaichi to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistonlik tahlilchi Malik Abdurazzoqovning aytishicha¸ O‘zbekistonda politsiya davlatiga xos barcha unsurlar bor.

- Total nazoratning barcha unsurlarini shaharda ko‘rishimiz mumkin. Ayniqsa¸ prezident o‘tishi ehtimoli bor ko‘chalar qattiq nazorat qilinadi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ bir qarashda Toshkentga yagona markazlashgan kuzatuv tizimi o‘rnatish joiz emasday.

Lekin mamlakatni kundan-kun chulg‘agan qo‘rquv yana ham qattiqroq nazoratni taqozo qiladi¸ deydi tahlilchi.

Kameralar nimani ko‘radi?


O‘zbekistonga kuzatuv tizimlarini o‘rnatgan mutaxassis¸ hozir Yevropada o‘rnatilgan kuzatuv tizimlar misolida bu savolga javob berdi.

- Bu kameralar yo‘ldagi ulovlarning butun harakatini izchil kuzatib¸ surunkali qayd qilib qo‘yish kuchiga ega.

Bu tizim mashina rusumi va davlat raqamlarini o‘qib maxsus ma‘lumotlar bazasi orqali solishtirib tekshirishi mumkin¸ deydi suhbatdosh.

Suhbatdoshimiz bunday tizimning ijobiy ekanligi va O‘zbekistondagi yo‘l harakatini tartibga solish hamda militsiya hodimlarining korruptsiyasiga barham berishiga ishonadi.

- Markazlashgan tizimda alohida olingan bir militsioner qizil chiroqni kesib o‘tgan haydovchini pora evaziga jazodan qutqara olmaydi. Buni qilish uchun butun sistemani o‘chirib qo‘yishga to‘g‘ri keladi. Bu esa qilib bo‘lmaydigan mushkul ish¸ deydi suhbatdosh.

Xalqaro hisobotlarda dunyoning eng avtoritar rejimi sifatida ko‘rilgan O‘zbekiston kabi davlatda kuzatuv kameralari fuqarolarning fundamental huquqlariga xatar sifatida ko‘riladi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligini texnik jixozlash bilan shug‘ullanadigan mutaxassisga ko‘ra¸ bu kuzatuv tizimi faqat yo‘ldagi transport qatnovini kuzatish uchun o‘rnatilmoqda.

Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi ma‘lumotlarida O‘zbekistonda 3 million avtomashina ro‘yxatga olingan¸ bu mashinalarning 40 foizi esa birgina Toshkent shahrida qayddan o‘tgan.
XS
SM
MD
LG