Линклар

“Tojik Eyr” shirkatining NATO yuklarini Afg‘onistonga tashigan ikkita MI-8 vertolyoti va yana 12 ishchisi Kobulda tutqunlikda qolmoqda.

Ular, “Supreme Food” nomli shirkat bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq, so‘nggi to‘rt yil davomida NATO noharbiy yuklarini Afg‘onistonga tashib kelgan.

“Tojik Eyr” shirkati muhandisi Ilhom Qayumovning Ozodlikka bildirishicha, shartnoma muhlati bir oycha avval tugagan, ammo Afg‘oniston xavfsizlik xizmati ularning vatanga qaytishi uchun ruxsat bermagan.

- Bir oydan buyon Kobul chetrog‘idagi binoda, nazoratchilar kuzatuvida yashamoqdamiz. Afg‘oniston xavfsizlik xizmati bu yerda bizni noqonuniy ushlab turibdi. Bu yerda qolayotganimizning sababini aniq bilmaymiz. Avvaliga bizni vertolyot o‘g‘irlashda ayblashdi. Endi esa bizni soliq to‘lamaganlikda ayblashmoqda. Axir soliqni biz emas, shirkat to‘lashi kerak. Tojikiston hukumatining bu masalaga befarqligidan juda tashvishdamiz, - deydi Qayumov.

Uning aytishicha, Afg‘oniston xavfsizlik xizmati 12 nafar tojikistonlikning hujjatlarini olib qo‘ygan.

“Uy qamog‘i”da qolayotgan tojikistonliklar taqdiri haqida Ozodlik radiosi “birozdan keyin” gapirib berishga va‘da qilgan Afg‘oniston Milliy xavfsizlik xizmati so‘zchisi Lutfullo va‘dasini tutmadi.

Afg‘oniston Mudofaa vazirligi matbuot boshlig‘i Zohir Azimiy esa bu masala “faqat mamlakat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligiga tegishli” ekanini, bu ishning o‘z idorasiga hech qanday daxli yo‘qligini ta‘kidladi.

Tojikiston hukumati, tojikistonlik uchuvchilar ta‘kidicha, so‘nggi bir oy ichida biror marta ham bu muammoni hal qilishga urinmagan.

Ilhom Qayumovning aytishicha, Tojikiston tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiyning Kobulga safaridan avval, ya‘ni ikki hafta muqaddam “Tojik Eyr” shirkati mas‘ullaridan biri Ismoil G‘afurov asirlikda qolayotgan xodimlar bilan uchrashib, muammoni ijobiy hal qilishga va‘da bergan.

- Biroq, afsuski, hozirgacha biror o‘zgarish bo‘lmadi, - deydi Qayumov.

“Tojik Eyr” shirkati ishchilarining yaqinlari ham yuzaga kelgan vaziyatdan juda tashvishda ekanlarini aytmoqdalar.

Ulardan birining ukasi Bahrom ismli yigit “tojikistonlik uchuvchilarning Afg‘onistonda ushlab turilishi siyosiy ahamiyatga ega”, degan fikrda.

NATO yuklarini tashish bilan shug‘ullanuvchi “Supreme Food” nomli shirkat hamkorlarining mushkul vaziyatga tushib qolgani haqida avval ham matbuotda gapirilgan.

O‘tgan yil kuzida “Supreme Food” bilan shartnoma imzolagan Rossiyaga tegishli “Rolkan” shirkatining ikki uchuvchisi - Vladimir Sadovnichiy va Aleksey Rudenko Tojikiston hududida hibsga olingan edi. Bu o‘z navbatida rus-tojik munosabatlarining sovushiga sabab bo‘lgandi.

Joriy yil fevral oyida esa Tojikiston Mudofaa vazirligining “Supreme Food” shirkati bilan hamkorlik qilgan MI-8 vertolyoti Afg‘onistonning Zobul viloyatida qulab tushishi natijasida to‘rt nafar tojikistonlik halok bo‘lgandi.
XS
SM
MD
LG