Линклар

logo-print

Futbol bo‘yicha Yevropa chempionatining final bosqichida Ispaniya terma jamoasi tarixiy g‘alabani qo‘lga kiritdi.

1 iyul kuni Kiyevdagi “Olimpiyskiy” stadionida o‘tkazilgan uchrashuvda ispaniyaliklar italiyalik futbolchilarni 4:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va tarixda ketma-ketiga uchta yirik musobaqada g‘alaba qozongan ilk komandaga aylandi.

2008 yilda Yevropa chempionligini qo‘lga kiritgan ispanlar 2010 yilda Jahon chempionatida ham g‘alaba qozongandilar.

Final uchrashuvida gollar birinchi taymda Silva va Alba tomonidan, ikkinchi taymda esa Torres va Mata tomonidan kiritildi.



Tashqaridan qaraganda, ispaniyalik futbolchilar kechagi o‘yinda g‘alabani qiyinchiliksiz qo‘lga kiritganday tuyuladi, har holda, o‘yindagi hisob shundan dalolat berib turibdi. Biroq italiyaliklarning finaldagi mag‘lubiyatiga sabab bo‘lgan bir qator omillarni ham insofan sanab o‘tish joiz.

Birinchidan, italiyaliklar o‘zining so‘nggi o‘yinini ispanlardan bir kun keyin (29 iyun kuni) o‘tkazdi. Yarim finalda ular o‘ta kuchli bo‘lgan Germaniya terma jamoasi bilan uchrashdi – nemislar bilan o‘tkazilgan o‘yin italyanlarni ancha horitib qo‘ydi. Italiya terma jamoasi bosh murabbiyi Chezare Prandelli ham mag'lubiyatni shogirdlarining horib qolgani bilan izohladi.

Ikkinchidan, o‘yinni tez sur‘at bilan boshlagan va qatorasiga bir necha hujum uyushtirgan italiyalik futbolchilar qarshi hujumdan biroz dovdirab qoldilar va shu bilan o‘yin oxirigacha tashabbusni o‘z qo‘llariga ololmadilar.

Uchinchidan, ikkinchi taymda zahira o'rindig'idan o'yinga kirgan italiyalik Tyago Motta 61-daqiqada jarohat olib, maydonni tark etishga majbur bo'ldi. O'yinchi almashish imkoniyati qolmagan Skuadra Adzurra o'yin so'nggigacha maydonda 10 kishi bo'lib harakatlanishga majbur bo'ldi.

Yevro-2012 final uchrashuvining eng yaxshi o'yinchisi deb ispaniyalik Andres Inyesta topildi.

Shu tariqa Ispaniya terma jamoasi treneri Visente del Boske faqat Jahon va Yevropa chempionatlaridagina emas, balki Chempionlar ligasida ham zafarni qo‘lga kiritgan murabbiyga aylanoldi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, Ispaniya futbol jamoasi ramzlari tushirilgan liboslarni kiyib olgan ishqibozlar o‘tgan tun Kiyev ko‘chalarini “obod qilganlar”.

Shunday qilib, Chezare Prandelli shogirdlari Yevropa chempionatining kumush medallariga sohib bo‘ldilar. Bronza esa Germaniya va Portugaliya futbolchilariga nasib qildi.

Yevro-2012 futbol musobaqasida Mario Balotelli (Italiya), Fernando Torres (Ispaniya), Krishtianu Ronaldu (Portugaliya), Alan Dzagoyev (Rossiya), Mario Gomes (Germaniya) va Mario Manjukich (Xorvatiya) raqib darvozasiga uchtadan gol kiritishga muvaffaq bo‘lganlar.
XS
SM
MD
LG