Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:28

"G‘afur Rahimov biznesi" jinoyatda ayblanmoqda


"O‘zbekistonda davlat mulozimi ham, “ko‘chaning odami” ham bir kunning ichida hech kimga aylanib qolishi hech gap emas."
"O‘zbekistonda davlat mulozimi ham, “ko‘chaning odami” ham bir kunning ichida hech kimga aylanib qolishi hech gap emas."

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi davlatga katta miqdorda zarar keltirgan jinoiy guruhlar fosh etilganini xabar qildi. Bu shirkatlarning kriminal avtoritet sifatida tanilgan G‘afur Rahimovga tegishli ekani taxmin etilmoqda.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 28 iyun kuni e‘lon qilgan xabarnomalardan birida aytilishicha, “Sezam” va “Lessor Plyus” shirkatlaridan mamlakatga noqnuniy tarzda olib kirilgan 362, 5 million so‘mga teng maishiy texnika va audio-video apparatura musodara qilingan.

Aytilishicha, mazkur jinoiy ish bo‘yicha ayblanuvchilar sifatida Gluxov A. V., Bobotullayev Ye. A., To‘xtayev U. T. va boshqa mas‘ul xodimlar hibsga olingan va sudga tortilgan.

“Tergov davomida mazkur shirkatlar rahbarlari 2010-2011 yillar davomida 6,4 milliard so‘mlik molni noqonuniy tarzda mamlakatga olib kirib, sotgani, 6,7 milliard so‘mlik molni sotishda qonunlarni buzgani va davlatga 2,4 milliard so‘m miqdorida soliq va boshqa to‘lovlarni to‘lmagani ham fosh etildi”, deya yozdi bosh prokuratura.

Xabarnomada aytishicha, ayblanuvchilar bank hisob raqamlariga qo‘yilishi lozim bo‘lgan 2,5 million AQSh dollari miqdoridagi xorijiy valyutani yashirgan.

Sud ularga tegishli jazoni berdi, deb yozgan prokuratura jazoning qaysi shaklda ekani¸ ya‘ni qamoqmi yo jarima¸ buni aniqlashtirmagan.

Bunga oydinlik kiritish maqsadida, Ozodlik muxbiri Bosh prokuratura matbuot xizmatiga murojaat qildi, biroq javob ola olmadi.

Ozodlikka o‘zini “Lessor Plyus” shirkati menejeri, deb tanishtirgan shaxs hozirda firma rahbarlarining so‘roq qilinayotganidan ortiq ma‘lumot bera olmasligini aytdi.

- Biz bu mavzuning yoritilishini istamaymiz va bu haqda ortiqcha ma‘lumot bera olmaymiz. Hozirda rahbarlarimiz tekshiruvchi organlar tomonidan so‘roq qilinmoqda, dedi “Lessor Plyus” shirkati vakili.

Bosh prokuratura tarqatgan yana bir press-relizga ko‘ra, “Ekokimyobioservis” shirkatining mas‘ul xodimlariga nisbatan olib borilgan tergov ham o‘z nihoyasiga yetgan.

Aytilishicha, mazkur shirkat direktori Ishanxodjayev S. tashkilotning boshqa mas‘ul xodimlari bilan jinoiy til biriktirgan holda davlatning 10 milliard so‘mga yaqin miqdordagi mulkini o‘margan.

Ishanxodjayev S. va uning sherikklariga nisbatan ham sud tergovi tugab, tegishli jazo berilgani aytiladi. Lekin ular qanday jazo olgani aniqlashtirilmagan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi keyingi kunlarda shov-shuvli jinoyatlar tergoviga oid tafsilotlarni e‘lon qilib bormoqda.

O‘zbekiston biznes doiralariga yaqin manbaning aytishicha, hozirda ba‘zi yirik moliyaviy guruhlarga oid biznes tortib olinmoqda. “Prokuratura keltirgan xabarlar yaqindan beri O‘zbekistondagi biznesi tortib olinayotgan G‘afur Rahimovga daxldor”, deydi bu suhbatdoshimiz.

“Toshkentda bir paytlar “Navoiy yarmarkasi” deb yuritilgan rastalarga elektronika mollarini G‘afur Rahimov nazoratidagi firmalar olib kelgan. O‘zi G‘afur Rahimovga qarshi anchadan beri “tish qayrab” kelishayotgan edi. Bir-ikki oy avval uning Rossiya fuqaroligini olgani haqida xabar paydo bo‘lgach bu haqda “kottaga” (prezidentga-tahr.) xabar qilishgan ko‘rinadi va hozir uning O‘zbekistondagi barcha biznesi va mol-mulkini tortib olish faol fazaga ko‘chgan ko‘rinadi”, deydi voqeadan xabardor suhbatdoshimiz.

Ozodlik muxbiri, elektronika mollari savdosi bilan shug‘ullanadigan “Lessor Plyus” menejeridan “biznesingiz G‘afur Rahmiovga aloqadormi”, deb so‘raganda “bunday odamni tanimaymiz” degan javobni oldi.

O‘zbekistonda eng nufuzli kriminal avtoritetlardan biri sifatida tanilgan va 2010 yildan beri Birlashgan Arab amirliklarida ixtiyoriy surgunda yashab keladigan 61 yoshli G‘afur Rahimov o‘tgan oy boshida O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi rais o‘rinbosari va O‘zbekiston Milliy Boks federatsiyasi prezidenti lavozimlaridan ham chetlatilgan edi.

Bi-Bi-Si telekanali uchun G‘afur Rahimov haqida hujjatli film tayyorlagan jurnalist Shohida Yoqub¸ Rahimovning hatto sport tashkilotlaridagi maqomlaridan ham mahrum etilishi u bilan hokimiyat o‘rtasidagi konfliktning jiddiyligidan dalolatdir¸ deydi.

- G‘afur Rahimov nafaqat sport federatsiyalaridan chetlatildi, umuman O‘zbekistondagi biznesdan chetlatildi. Eng asosiysi, mamlakatdan ham chetlatildi. Chunki mening bilishimcha, G‘afur Rahimov bir necha yil boshqa davlatlarda yashagan. Bu nimani anglatadi? Bu G‘afur Rahimov va O‘zbekiston hukumati, menimcha, shaxsan prezident Karimov orasida qandaydir qiyinchiliklar boshlandi. Shuning uchun G‘afur Rahimov O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘ldi, deydi jurnalist.

Biznes doiralardagi manba Ozodlik muxbiri bilan suhbatda “bu holat O‘zbekistonda davlat mulozimi ham, “ko‘chaning odami” ham (biznes va kriminal olami vakillari-tahr.) bir kunning ichida hech kimga aylanib qolishi mumkinligini ko‘rsatadi”, deya xulosa qiladi.
XS
SM
MD
LG