Линклар

Bozorga borishga yuragim bezillaydi, oyog‘im tortmaydi. Kun sayin osmonga sapchiyotgan narxu navo kapalagimni uchirgani yetmagandek, janjalu yoqalashishlar ustidan chiqaman. Har doim.

Bilmadim, duo ketganmi yo bozor iblis topinadigan joy bo‘lgani uchunmi...

Eski jo‘va (dehqonchasiga aytganda – Chorsu) Toshkentning eng ko‘hna bozorlaridan biri. Butun Eski shaharni bo‘lmasa ham, uning yarim-yortisini boqadi. Diplomini sandiqqa solib, o‘zini tijoratga urgan domlasi ham, maktabni yolchitib o‘qimagan omisi ham shunda. Tirikchilik-da endi. Otang bozor, onang bozor dermidi?

Chorsuga sarroflar turadigan tomondan kirsangiz, yo‘l bo‘ylab arzongarov mollar sotayotgan yoymachi ayollarni ko‘rasiz. Topgan-tutganini yerga yoyganicha o‘tgan-ketganga umidvor tikiladigan qiz-juvonlarga diydasi toshdan qattiq kimsaning ham rahmi keladi. Saraton oftobi zabtiga olib qizdirib yotibdi, boyaqishlar bo‘lsa, bitta-yarimta ko‘ylakchami, paypoqmi sotib, uch-to‘rt so‘m foyda qilsam degan ilinjda haq deb o‘tiribdi.

Shu yerdan xayolchan o‘tayotganimda, birdan shovqin ko‘tarildi. Ayollar yerga yoygan mollarini ohorini yo‘qotgan choyshabga oshig‘ich o‘rab, chor tomonga urra qocha boshladi. It quvlagan soqovdek.

Bu manzara Sizga ham tanish, a? Bexato topdingiz, yoymachilar qochgani joy izlab qolishiga sabab – militsionerlarning reydi! To‘rt mirshab ashaddiy kallakesarlarni quvlayotgan alfozda jon-jahdi bilan chopyapti. Xavfdan avvalroq xabar topgan yoymachilar, haytovur, qochib qutuldi. Ammo ortda qolgan to‘rttasi ta‘qibchilar ilkiga tushdi. O‘ziga xon, ko‘lankasi maydon tartibbonlar uzoq yillardan beri tutqich bermagan o‘ta xavfli retsidivistni ushlagan izquvardek bir-biriga mamnun boqadi, “o‘lja”larni Ko‘kaldosh madrasasiga qarama-qarshi qurilgan idorasiga sudraydi.

(Militsiya tayanch punkti idorasi odam oshib o‘tolmaydigan uzun panjara bilan o‘ralgan. O‘g‘ri bor, to‘g‘ri bor – yaxshilab ihotalamasa bo‘lmaydi-da idorani. Keyin, bozordagi avomunnosga ham ishonch yo‘q, fe‘li aynib birdan bostirib kelib qolsa, himoyalanishga qulay).

“Asira”lar esa qarmoqqa ilkis ilingan baliqlardek o‘zini har tomonga otadi, changakdek tutgan qo‘llardan qutulishga besamar urinadi. Mirshablarning sheri mardligiga shahodat beruvchi manzara. Nima dedingiz?!

Bunaqa paytda tinchlik posbonlariga istaysizmi-yo‘qmi, hazor-hazor tasanno aytib yuborasiz! Napoleonni Moskva ostonasidan uloqtirgan Kutuzov bo‘lib ket-e! Yashavor, shovvoz! Ayollarni (oddiy ayollar emas, “kontrabandachi”lar-a!) qancha ko‘p sudrasang, kam bo‘lmaysan, pogoningda yulduzlar chappar urib gullaydi!

Qo‘lga tushgan to‘rt ayoldan uchtasi taqdirga tan berdi: musodara buyumlarini ko‘targan posbonlar ortidan ergashdi. Ammo ulardan biri – aftidan, boshi qiyinchiliklardan chiqmagani – osonlikcha taslim bo‘lgisi kelmadi.

Bir qo‘lida choyshabga tugilgan mollarni, ikkinchi qo‘lida uni ushlab olgan militsionerdan yulqinib chiqishga intildi. Urina-urina asablari sob bo‘lgan yoymachi militsionerga tashlandi, ojiz mushtlari bilan ura ketdi. Ta‘qibdan qochaverib, yurak oldirgan, turmush mashaqqatlaridan zada bo‘lgan ayol shu lahzada portladi:

– Jonimdan to‘ydirdilaring hammang! Otib tashla! Ot mani!

O‘ziga o‘lim talab qilgan zaifaning ko‘zlarida nafrat olovi yonyapti. Miyalarni qizdirayotgan saraton quyoshi taftiga tob berish mumkin, lekin nafrat oloviga toqat qilish qiyin. Ilojsizlik, umidsizlik ham bor bu nigohda!

Mirshabning yuz-ko‘zida esa zaharxanda kulgu zuhur etib turibdi. “Zararli unsur”larga qarshi kurashda hamdarlikka aslo yo‘l qo‘ymanman!” deya tantanali qasam ichgan bo‘lsa kerak azamat...

Militsiya yoymachi ayollarni kontrabanda mollar savdosida ayblayapti. Xo‘p, modomiki, musodara etilayotgan buyumlar kontrabanda ekan, unda nega falon million so‘mlik kontrabanda qo‘lga tushgani haqida peshma-pesh g‘alaba raporti berayotgan bojxonachilar chegarada ushlab qolmadi ularni?

Yo, mollar hushyor bojgirlarimizning ko‘zini shamg‘alab qilib, yer ostidan lahm qazib yoki yorug‘lik tezligida harakatlanadigan uchqichga ortib keltirilganmi? E-ha, soddaligim qursin, balki bu mollar naq “diplomatik immunitet”ga ega, manaman degan bojxonachi ham mushugini pisht deyolmaydigan “Abu Saxiy” firmasi yordamida keltirilgandir? Cavollar ko‘p, ammo ularga javob qayda?..

Mirshablar idorasi oldida bir quchoq xitoyi ko‘ylaklar chang-tuproqqa belanib yotibdi. Yo‘q, oddiy buyumlar emas, hayot tashvishlarini nozik yelkasiga ortmoqlashga majbur ayolning umidlari, ilinjlari chang-tuproqqa belanib yotibdi...
XS
SM
MD
LG