Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:06

Praga tramvaylarida "Ming malak va bir suvrat"


Praga tramvaylaridan biriga yopishtirilgan "Ming malak va bir suvrat"dan parcha.
Praga tramvaylaridan biriga yopishtirilgan "Ming malak va bir suvrat"dan parcha.

O‘zbekistonlik taniqli rassom Lekim Ibrohimovning Ginnes rekordlar kitobiga kirishi mumkin ulkan asari 4 iyuldan boshlab Praga tramvaylari orqali targ‘ib qilina boshlandi.

Ginnes rekordlar kitobiga kiritilishga loyiq ikkita rekord uchun ariza bergan o‘zbek rassomining ulkan asari seshanba kuni Pragadagi ko‘rgazma zaliga olib kelindi.

Taniqli o‘zbek rassomi Lekim Ibrohimovning yuk mashinalariga ortilgan ming bir polotnadan iborat “Ming malak va bir suvrat “ asari Pragaga kelgunga qadar bir hafta yo‘l bosdi.

Ko‘rgazma tashkilotchisi¸ Rossiyadagi "Global Festina" shirkatining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Murod Ibrohimovning Ozodlikka bildirishicha, ming bir bo‘lakdan iborat ulkan kartinani montaj qilish ishlari chorshanba kuni boshlangan.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ O‘zbekistondan kelgan ikkita mutaxassis rasm parchalarini yaxlit holatga keltirish uchun ishga kirishgan.

4 iyuldan boshlab Pragadagi 50 ta tramvay o‘zbek rassomi asarini targ‘ib qilishga kirishdi.

Rassom Lekim Ibrohimovning balandligi 8 metr uzunligi esa 60 metr bo‘lgan “Ming malak va bir suvrat“ gigant asari ilk bora Praganing qadimiy Incheba Expo ko‘rgazmalar zalida 9 iyul kuni namoyish qilinadi.

Bu asar haqidagi shov-shuvni kuchaytirish maqsadida 50 ta tramvayga ko‘rgazma haqidagi plakatlar yopishtirilgan¸ deydi Murod Ibrohimov.

Ming binoga ming malak


Ozodlik muxbirining gigant asarning ilk namoyishi uchun nega aynan Praga tanlandi¸ degan savoliga javob bergan rassom Lekim Ibrohimov shaharning vizual san‘atdagi muhim roliga to‘xtaldi.

- Pragada mingta qadimiy bino bor. Har biriga bittadan malak zarur deb bildim. Qolaversa¸ bugun Praga rassomlikdagi yangi to‘lqinlar markaziga aylanmoqda. Bu shaharda Yevropadagi eng baland ot haykali bor. Raqsga tushayotgan bino faqat Pragada mavjud. Televishkaga o‘rmalayotgan ulkan chaqaloqlar haykalining mashhur muallifi David Cherniy ham Pragada istiqomat qiladi. Shu bois¸ dunyodagi eng ulkan rasm namoyishi uchun Praga shahri ayni muddao¸ deydi suhbatdosh.

Lekim Ibrohimovning Ozodlikka bildirishicha, bu rasmni yaratish uchun 3 tonna bo‘yoq va 600 kvadrat metrga yaqin maxsus ohorlangan¸ nam o‘tkazmaydigan maxsus mato sarflangan.

Lekim yoki VLKSM?


O‘zbekistonlik rassomning g‘ayrioddiy nomini eshitgan ko‘pchilikda¸ bu ism ma‘no-mohiyatiga oid savol tug‘ilishi tabiiy.

Nega ota-onangiz sizga Lekim deb ism qo‘ygan, deb savol berdik suhbatdoshga.

- Lekim degani¸ Leninskiy kommunisticheskiy soyuz molodyoji degan gapning qisqartmasi. Keyin u idora VLKSM bo‘lgan. Mening ota –onam kommunist bo‘lgani uchun shunaqa nom qo‘yishgan. O‘sha paytda Marks¸ Engels¸ Lenin¸ Vilen¸ Traktor degan ismlar qo‘yishgan. Yangi zamon taqozosi bo‘lgan bu. Sal keyinroq tug‘ilsam¸ balkim ismim VLKSM bo‘larmidi¸ deydi Ozodlik bilan Toshkentdan turib gaplashgan rassom.

Rassomning o‘zi gigant asari ko‘rgazmasi boshlanishi arafasida 5 iyul kuni Pragaga yetib kelishini bildirdi.

Muallif haqida:


Lekim Ibrohimov 1944 yili Olmaotaning uyg‘ur qishlog‘ida tug‘ilgan. 1971 yilda Toshkentdagi Teatr va rassomlik institutiga o‘qishga kirib, uni 1977 yil tugatgan.

Rossiya badiiy akademiyasining faxriy a‘zosi.

Lekim Ibrohimov nafaqat rassom balki, o‘z falsafiy fikrlarini so‘z bilan ifoda qiladigan faylasuf hamdir. Lekim Ibrohimovnin “Afsonalar” kitobi 1994 yili Germaniyada nemis tilida nashr qilingan.
XS
SM
MD
LG