Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:06

Rossiyada millatchilik kayfiyati so‘nmayotir


Moskvadagi “SOVA” markazi e‘lon qilgan monitoring natijalariga ko‘ra¸ 2012 yilning birinchi yarmida 80 dan ortiq odam ksenofobiya va milliy adovat asosida sodir etilgan hujum qurboni bo‘ldi.

Irqchilik va millatchilik asosida sodir etilgan jinoyatlar natijasida 2012 yilning birgina iyun oyida 7 kishi jarohat olgan, ulardan biri o‘lgan.

Bu raqamlarni jamoatchilikka ochiqlagan “Sova” Inson huquqlari markazi hisobotida keltirilgan raqamlarga ko‘ra, shu yilning birinchi yarim yilida Rossiyaning 15 mintaqasida millatchilar hujumidan kamida 77 kishi jarohat olgan, 5 kishi o‘ldirilgan.

“SOVA” markazi direktori Aleksandr Verxovskiy¸ so‘nggi yillarda Rossiyada taqirboshlar va millatchilar tomonidan turli millat vakillari, ayniqsa mehnat muhojirlariga nisbatan sodir etilayotgan hujumlar soni kamaygani kuzatilayotganini aytadi:

- So‘nggi paytlarda biz haqiqatan bunday hodisalarni kamdan-kam qayd etayapmiz. Masalan, o‘tgan iyun oyi davomida natsistlar va irqchilarning 7 kishiga hujum uyushtirgani, ulardan bir kishi o‘ldirilganini aniqladik. Lekin bu raqamlar yakuniy emas, chunki ko‘plab bosqinlar haqida bir oy, bir yil o‘tib eshitayapmiz, politsiyada ayrim bunday hodisalar qaydga olinmayotgani to‘g‘risida xabardormiz. Lekin, ayniqsa, qotilliklar soni keskin kamayganini rasman tasdiqlaymiz, deydi Ozodlik muxbiriga monitoring natijalarini tahlil qilib bergan “SOVA” markazi direktori Aleksandr Verxovskiy.

Millatchi va taqirboshlar jinoyatlari sonining kamayishini Verxovskiy¸ birinchi navbatda¸ huquq-tartibot idoralari olib borayotgan keskin choralar bilan bog‘laydi.

Aniqlanishicha, 2012 yil boshidan buyon Rossiyada irqiy zo‘ravonlik uchun 9 ta ayblov hukmi e‘lon qilingan; 35 jinoyatchi turli muddatli qamoq jazosigahukm etilgan; Rossiyaning 30 mintaqasida ksenofobiya va millatchilik targ‘iboti uchun 40 ta ayblov hukmi asosida 64 kishi kishi sudlangan.

Moskvaning Vixino tumanida bir necha yildan beri mehnat qilayotgan andijonlik Inomjon Isoqov “SOVA” rahbari so‘zlarini tasdiqlab, mehnat muhojiri uchun bugungi kunda taqirboshlar tahdidi bir oz pasayganini aytadi.

Ayni paytda¸ bu muhojir Rossiyada millatchilardan ham xavfliroq bo‘lib qolgan shaxslar – nopok “qora brigadirlar” soni ko‘payib qolgani xususida tashvish bildiradi:

- Bu yerda menga biror marotaba millatchilik qilishgani yo‘q. Tojiklar, qirg‘izlar, moldavan, ukrainlar bilan yotibmiz – unaqasi bo‘lgani yo‘q. Ba‘zan ishlagan joyimizda o‘rislardan “chyorniy” deb ishlatib pul bermaganini hisobga olmasak.. O‘zimizning brigadirlar aldab qo‘yyapti. O‘zimizning o‘zbek brigadirlar “o‘ng cho‘ntak, chap cho‘ntak” qilib ancha pulimizni urib qolyapti. Ko‘p bolalar ulardan kaltak yeganimdan ko‘ra pul olmaganim yaxshi, deb ko‘zini yumib ketyapti, deydi o‘zi ham “qora brigadirlar” tomonidan aldangan o‘zbekistonlik muhojir Inomjon Isoqov.

“SOVA” rahbarining Ozodlikka bildirishicha, hozircha Moskva va Sankt-Peterburg mintaqalari millatchilar hujumlari bo‘yicha “ilg‘orlik” qilmoqda.

“Ayni paytda milliy adovat yuzasidan sodir etilgan jinoyatlar sonining kamayib borayotgani Rossiyada millatchilik kayfiyatining susaygani darakchisi emas”, deya davom etadi tahlil markazi rahbari Aleksandr Verxovskiy.

- Millatchilik kayfiyati so‘nayotgani yo‘q. Bu kayfiyat odamlar ommasiga xos narsa, lekin hujumlar yakka shaxslar va guruhlar tomonidan sodir etilmoqda. Oxirgi yillarda bu kayfiyatlar taqirboshlar hujumlariga bog‘liq bo‘lmasdan qoldi, degan fikrdaman, deydi Verxovskiy.

“SOVA” Inson huquqlari markazi 2011 yil davomida olib borgan kuzatuvlariga ko‘ra, o‘tgan yilda ksenofobiya va milliy adovat asosida Rossiyaning 34 mintaqasida 20 kishi o‘ldirilgan, yana 130 kishi tan jarohati olgan.

Millatchilar qo‘lidan 2010 yilda 42 kishi o‘ldirilgan va 401 kishi jarohatlangan bo‘lsa, 2008 yilda –116 kishining o‘ldirilgani va 499 kishi yaralangani qaydga olingan.

Kuzatuvchilar Rossiyada radikal millatchilar hujumlariga¸ asosan¸ Markaziy Osiyodan kelgan mehnat muhojirlari va kavkazliklar uchrayotganini ta‘kidlashmoqda: 2011 yilda o‘ldirilgan 20 kishidan 10 tasi – markaziy osiyolik mardikorlar bo‘lgan.
XS
SM
MD
LG