Линклар

logo-print

O‘zbekistonda huquq-tartibot idoralari islomiy to‘y qilgan shaxslar bilan faol qiziqa boshlagan. Bu haqda O‘zbekiston ichida faoliyat yurituvchi Ekspert ishchi guruhi ma‘lum qiladi.

Huquq faollariga ko‘ra, mahalliy militsiya va maxsus xizmat xodimlari to‘ydan keyinoq bunday xonadonlarga kelib, yosh kelin-kuyov va ularning ota-onalari bilan “profilaktik suhbatlar” o‘tkazmoqdalar, ularning nima uchun aynan islomiy to‘y qilgani bilan qiziqmoqdalar, ayrim paytlarda esa ularni tushuntirish xati yozishga majbur qilmoqdalar.

Aytilishicha, so‘nggi paytlarda islomiy to‘y qilish mamlakatning Andijon, Farg‘ona, Namangan, Xorazm, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida ancha ommalashgan. El orasida “oq to‘y” ham deb ataladigan bunday to‘ylar “qizil” (ya‘ni, sovetcha) to‘ylardan dasturxonda ichkilik bo‘lmasligi, bazm uchun mashshoqlar chaqirilmasligi, ular o‘rniga ko‘pincha biror ilmli kishining ma‘viza qilishi, to‘yxonada erkaklar va ayollar alohida-alohida o‘tqazilishi bilan ajralib turadi.

EIG ma‘lumotlariga ko‘ra, islomiy to‘y o‘tkazish taklifi ko‘pincha kuyov tomondan chiqayapti. Bunday to‘ylar kamchiqimligi bilan ham farqlanishini urg‘ulagan huquq faollari ular ko‘proq Rossiya va Qozog‘istonda ishlab kelgan va o‘sha yerda bemalol diniy ibodatlarini qilib yurgan mehnat muhojirlari tomonidan o‘tkazilayotganini qayd etadilar. Shu o‘rinda Ekspert ishchi guruhi xorazmlik Bunyod bilan sodir bo‘lgan voqeani bayon etadi.

27 yoshli bu yigit Ufa shahrida savdo bilan shug‘ullanib yurgan paytda Islom dini bilan yaqindan tanishgan va o‘tgan yildan namoz o‘qiy boshlagan.

“Yaqinda uylandim. Mart oyida uyga qaytdim va biz islomiy to‘y qildik. Ichkilik ichilmadi, to‘yni esa to‘y zalida emas, uyda o‘tkazdik. Artist ham chaqirmadik. Hammasi to‘ydan keyin boshlandi. Avval uyimizga mahalla komiteti raisi va mahalliy uchastka noziri keldi. Ular “musulmoncha” to‘y qilganimiz uchun bizga tahdid qilishdi. Keyin esa uyimizga mahalliy maxsus xizmat vakillari kela boshladi. Bunaqa tashrif va tahdidlar qariyb ikki hafta davom etdi. Yaqinda Rossiyaga ketmoqchiman. Turmush o‘rtog‘im bilan maslahatlashib, uni ham Rossiyaga olib ketadigan bo‘ldim. Endi doimiy yashash uchun o‘sha yoqqa ko‘chib ketmoqchimiz”, deya iqtibos keltiradi EIG xorazmlik Bunyod so‘zlaridan.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, shu kunda O‘zbekistonda joy-joylarda MXX va IIVning mahalliy idoralari, hokimiyat va mahalla komitetlari vakillaridan iborat maxsus komissiyalar tuzilgan. Bunday komissiyalar O‘zbekistonga dindor bo‘lib, ya‘ni besh vaqt namoz o‘qiydigan bo‘lib, soqol qo‘yib, atrofdagi kishilarni islomiy hayot kechirishga da‘vat qiladigan bo‘lib qaytayotgan mehnat muhojirlarini aniqlash va ularning ro‘yxatini tuzish bilan shug‘ullanmoqdalar.

EIG rahbari Suhrob Ismoilovga ko‘ra, xorijdagi diniy erkinlik tufayli islomiy tushunchalarini kengaytirib va vatanga ibodatlarni ado etadigan bo‘lib qaytayotgan bunday mehnat muhojirlari O‘zbekistonda davlatning din borasidagi siyosati tufayli ta‘qibga uchrash ehtimoli katta bo‘lib, ular o‘zlarini faol dindor sifati tutaversalar, diniy ekstremizm, aksilkonstitutsiyaviy faoliyat va terrorchilikda ayblanishi ham mumkin.

XS
SM
MD
LG