Линклар

logo-print

Dunyoning eng keksa odami Ginnes kitobiga kiritilmagan


To‘ti Yusupovaning pasportida uning 1880 yilda tug‘ilgani qayd etilgan. Surat 12news.uz saytidan olindi.

To‘ti Yusupovaning pasportida uning 1880 yilda tug‘ilgani qayd etilgan. Surat 12news.uz saytidan olindi.

Qrim yangiliklari agentligi dunyoning eng keksa odami O‘zbekistonda yashayotgani haqida xabar tarqatdi.

“Jahondagi eng keksa ayol, O‘zbekistonda yashovchi To‘ti Yusupova 1 iyul kuni o‘zining 133-tug‘ilgan kunini nishonladi”, deb xabar tarqatdi Qrim yangiliklari agentligi.

Xabarda aytilishicha, dunyoning eng keksa odami Qoraqolpog‘iston poytaxti yaqinidagi To‘rtko‘l shahrida yashaydi. U 1880 yilning 1 iyulida tavallud topgan.

“To‘ti Yusupova o‘zining 133 yoshini yaqinlari davrasida kutib oldi. Yusupova shaharning faxri, u o‘z oilasining uchinchi avlodi bilan yashamoqda. Yusupovaning salomatligi yaxshi, lekin madorsizlik tufayli oyog‘ida qiyinchilik bilan turadi. U hozir asosan yotib kun kechiradi. Ko‘rish va gapirish qobiliyatini yo‘qotmagan bu keksa ayolning qulog‘i og‘irroq bo‘lib qolgan, shuning uchun u bilan baland ovozda gaplashishga to‘g‘ri keladi. Lekin Yusupovaning shu kungacha Ginnes rekordlari kitobiga kiritilmagani mahalliy hokimiyat va aholining noroziligiga sabab bo‘lmoqda”, deyiladi Qrim yangiliklari agentligi xabarida.

Ma‘lumotda aytilishicha, To‘ti Yusupova 17 yoshida turmushga chiqqan va ikki farzandli bo‘lgan. Lekin 1940 yilda beva qolgan. Ko‘p o‘tmay o‘g‘li ham vafot etgan.

To‘ti Yusupova hozir 100 yoshga to‘lgan qizi bilan birga yashaydi. Ular nevara, chevara va evaralari g‘amxo‘rligida.

Ozodlik radiosi 10 iyun kungi eshittirishlarida rasman Yevropa va dunyoning eng keksa odamlari deb topilgan ikki ayol haqida xabar bergan edi.

Frantsiyada 114 yoshida Yevropaning eng keksa ayoli hisoblangan Mari Terez Barde shu yilning 9 iyunida vafot etdi.

Ma‘lumotga ko‘ra, u so‘nggi kunlarini Frantsiya g‘arbidagi Ponshato qishlog‘idagi qariyalar uyida o‘tkazgan.

Jahonning eng keksa odami sifatida rasman amerikalik ayol Bess Kuper tan olingan. U hozir 115 yoshga to‘lgan.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG