Линклар

O‘XHga aloqadorlar O‘zbekistonda so‘roq qilinmoqda


O‘zbekiston Xalq harakatining Pragadagi qurultoyida qatnashib, Toshkentga qaytganlar ham so‘roqqa tutilmoqda.

O‘zbekiston Xalq harakatining Pragadagi qurultoyida qatnashib, Toshkentga qaytganlar ham so‘roqqa tutilmoqda.

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik hizmati yerto‘lasida uch shaxs muxolifat yetakchisi Muxammad Solih bilan aloqalari yuzasidan so‘roqqa tutilgan. Toshkentdagi Inson huquq himoyachilari alyansi bu haqda ma‘lum qildi.

Alyans rahbari Yelena Urlayevaning Ozodlik radiosiga aytishicha, hibsga olingan Abdurasul Mamarahimov xamda Jamoliddin Abdurahmonovlar "Ozod dehqonlar" harakati sobiq rahbari Nigora Hidoyatovaga qarshi ko‘rsatma berishga majburlangan.

– O‘zbekiston Xalq harakati varaqalarini tarqatgani uchun hibsga olingan va Konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga uringanlikda ayblanayotgan bu yigitlar yerto‘lada qiynoqqa solingan va Nigora Hidoyatovaga qarshi ko‘rsatma berishga majburlangan,- deydi Urlayeva.

Hibsga olinganlardan biri 2010 yilda Nigora Hidoyatova va Muhammad Solih Turkiyaning Istanbul shahrida uchrashib, O‘zbekistonda davlat to‘ntarishini amalga oshirish haqida gaplashganliklariga guvoh bo‘lganini iddao qilgan.

Nigora Hidoyatovaning o‘zi tergovda ko‘rsatma berganlar bilan yuzma-yuz uchrashtirilgan mahal ulardan birini bilishini, qolganlarini tanimasligini aytgan.

Hidoyatovaning aytishicha, hozir O‘zbekiston Milliy xavfsizlik hizmati O‘zbekiston konstitutsion tuzumiga tajovuz qilish bandi bo‘yicha ochilgan jinoyat ishlari bo‘yicha uni 18 iyundan guvoh sifatida so‘roqqa chaqirmoqdalar.

Shunday so‘roqlardan birida Hidoyatova o‘ziga qarshi ko‘rsatma berganlardan biri bilan yuzma-yuz uchrashtirilgan.

– Hibsga olinganlardan biri bilan meni uchrashtirishganida men uni tanimasligimni aytsam, u meni tanishini, 2010 yil 14 iyun kuni Muhammad Solihning Istanbul shahrining sharqiy qismida joylashgan villasidagi yig‘inda men bilan uchrashgani va shu yig‘inda O‘zbekistonda davlat to‘ntarishini amalga oshirish muxokama qilinganini aytdi. Bu qip-qizil yolg‘on. Birinchidan, men Muhammad Solih bilan tanish emasman. Ikkinchidan, bunaqa uchrashuv bo‘lmagan, men uning uyida hech qachon bo‘lmaganman. Uchinchidan, varaqalar haqida gap ketyapti. Axir bizda Konstitutsiyaning 29 moddasi bor va u yerda xohlagan odam xohlagan ma‘lumotni olishi va tarqatishi mumkinligi haqida aniq qilib yozilganku,- deydi Nigora Hidoyatova.

O‘zbekiston Xalq harakati rahbari Muhammad Solih ham Ozodlik bilan suhbatda Nigora Hidoyatova bilan O‘zbekistonda davlat to‘ntarishi haqida gaplashmaganini ta‘kidladi.

Lekin, janob Solih MXX yerto‘lasida so‘roqqa tutilganlardan ikki nafarini tanishini aytdi.

– Jamoliddin Abdurahmonov Erk faoli bo‘lgan. Mamarahimov Abdurasul degan inson esa ikki yil avval bir bahona bilan bu yerga kelib men bilan tanishgan va Rauf Parfiga yaqin odamman degani uchun men uni qabul qilganman. O‘shandan beri biz u kishi bilan ko‘rishganimiz yo‘q. Uch oy avval eshitishim bo‘yicha u odam Tojikiston-O‘zbekiston chegarasidan o‘tayotgan paytda qo‘lga tushgan va chegarani buzganlikda ayblanib, qo‘lga olingan. Bugun bu odam bizni tanigani uchunmi yoki boshqa bir sabablarga ko‘rami, undan bir fitnada qo‘llanib, uni bizga va bizga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan insonlarga qarshi qo‘llashayapti,- deydi Solih.

Nigora Hidoyatovaga ko‘ra, o‘zi va Muhammad Solihga qarshi ko‘rsatma berishga majburlanayotgan ayblanuvchilar qiynoqqa solingan bo‘lishi mumkin.

– Ayblanuvchilar qiynoqqa solingani shundoq sezilib turar edi va hatto ayblanuvchilardan birining qulog‘i yaxshi eshitmay qolganini menga aytdi. Qulog‘i nimaga yaxshi eshitmay qolishi mumkin axir,- deydi Hidoyatova.

Ayni paytda Nigora Hidoyaova ham, Muhammad Solih ham insonlar varaqa tarqatgani uchun hibsga olinib, qiynoqqa solinayotganining o‘zi adolatsizlikning bir ko‘rinishi ekanini aytishadi.

– Tarqatilayotgan CD hamda varaqalarimizda hech qanaqa g‘ayrikonstitutsiyaviy, g‘ayriqonuniy bir narsa yo‘q. Agar O‘zbekiston huquq organlari Jamoliddinni shu axborotlarni tarqatayotgani uchun qiynoqqa solayotgan bo‘lsa, shu organlarning o‘zlari Konstitutsiyaga qarshi jinoyat qilishyapti,- dedi Muhammad Solih.

Inson huquq himoyachilari alyansi rahbari Yelena Urlayevaning aytishicha, O‘zbekiston Xalq harakati bilan aloqadorlikda ayblanib, hozirda ko‘plab muxolifat faollari hamda ularning yaqinlari so‘roqqa tutilmoqda.

– Muhammad Solih bilan aloqadorligi uchun ko‘plarini hibsga olishyapti, so‘roqqa chaqirtirishyapti. O‘XH rahbarlaridan biri Otanazar Oripov ikki kun avval tashkilotning Pragadagi quriltoyidan qaytishi bilan, u va o‘g‘li so‘roq qilingan. Ular Solih berib yuborgan kompyuterlar va varaqalarning tarqatilishi yuzasidan so‘roq qilingan. Lekin tarqatilgan varaqalar va elektron vositalardagi axborot aksilkonstitutsiyaviy xarakterdami, bu boshqa masala. Bu yuzadan zudlikda ekspertiza o‘tkazmoq kerak, sababi ko‘plab hibslar kutilyapti,- deydi Yelena Urlayeva.

Ayni paytda O‘zbekiston Xalq harakatining 29-30 iyun kunlari Praga shahrida o‘tkazilgan qurultoyi qatnashchilaridan yana biri, Xorazmdagi “Najot” tashkiloti rahbari Hayitboy Yoqubov ham 5 iyul kuni Xiva tumanida so‘roqqa chaqirtirilgan.
XS
SM
MD
LG