Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:23

Toshkent “nakleyka” lardan tozalanadi


Toshkentda poytaxt ko‘chalarini reklama va boshqa mazmundagi nakleyka, e‘lon hamda varaqalardan tozalash tadbirlari boshlandi.

Toshkentni yopishqoq e‘lonlardan tozalash tashabbusi bilan chiqqan O‘zbekiston ekologik harakati Toshkent bo‘limi faollari mahalla oqsoqollari bilan bu borada bir bitimga kelishdi.

O‘zbekiston ekologik harakati Toshkent shahar hududiy bo‘linmasi raisi Alisher Jo‘rayevning Ozodlikka bildirishicha, shaharni nakleykalardan tozalash tashabbusi shu yilning mart oyida paydo bo‘lgan:

- Daraxtlar va bekatlarga turli e‘lonlar yopishtirilgani qish ketganidan keyin yaqqol ko‘rindi. Daraxtlarni himoya qilish maqsadida shunday tashabbus bilan chiqdik. Eng katta tozalash tadbirimiz 17 iyul kuni butun shahar bo‘ylab o‘tkaziladi. Birgina Chilonzor metrosi yonidagi o‘nminglab darahtlarga nakleyka va e‘lonlar yopishtirib tashlangan, deydi suhbatdosh.

Mulozimga ko‘ra, bu harakatdan asosiy maqsad shahar husnini buzib, daraxtlarga zarar yetkazayotgan reklama va boshqa mazmundagi yopishqoq e‘lonlarga qarshi kurash.

O‘rmonga o‘t ketsa ho‘lu-quruq barobar yonadi


Bu tashabbus paydo bo‘lgan shu yilning mart oyida muxolifatdagi O‘zbekiston Xalq harakatining O‘zbekistondagi yoshlar qanoti deb taqdim qilinayotgan va o‘zlarini “Cho‘lpon” deb atagan guruh Toshkentdagi bozor, mahalla guzarlari va bekatlarga tanqidiy ruhdagi varaqalarni yopishtirib ketishgan edi.

"Cho‘lpon" tashkilotiga birikkan o‘zbek yoshlari Toshkentning Yunusobod mavzesida joylashgan "Megaplanet" do‘koni oldida avtomobil va taksilarning oynalariga "Erkin yurt" gazetasining navbatdagi soni yopishtirib ketilgani aks etgan fotosuratlar Ozodlikka yetib kelgan edi.

Varaqalarda hukumatning kirakashlar va taksichilar faoliyatiga oid cheklovlarga bo‘ysunmaslik chaqirig‘i chop etilgan edi.

O‘zbekiston ekologik harakati Toshkent shahar hududiy bo‘linmasi raisi Alisher Jo‘rayevga ko‘ra, shaharni nakleykalardan tozalash tashabbusi ham aynan mart oyida ochiqlangan.

Shahar ko‘chalarida hukumatga qarshi varaqalar paydo bo‘lishi bilan bu tashabbus o‘rtasida bog‘liqlik yo‘qligini aytgan mulozim ayni vaqtda ekoharakat tashabbusining pirovardida ekstremistik chaqiriqlar oldini olish ehtimoli ham tahsinga loyiq deb biladi:

- O‘rmonga o‘t ketsa ho‘lu-quruq baravar yonganidek, bu tozalash mobaynida bu narsaning ham oldi olinadi. O‘ylab qoladi. Varaqa ilayotgan fuqaro o‘ylaydi. Ilvotgan odam orqa oldiga oldin bitta qaragan bo‘lsa endi ikkita qaraydi. Birov rasmga omayaptimikan deb o‘ylaydi. Birov videoga solmayaptimikan deb o‘ylaydi. Tushunvotsizmi?- deydi Jo‘rayev.

Rasmiy cheklov kun tartibida


Toshkent shahrida yopishqoq elonlar tarqatish bilan shug‘ullanadigan ikkita shirkat vakillari bir birlaridan mustqaqil tarzda shaharda e‘lon yopishtirish bo‘yicha hali rasman cheklanmaganini Ozodlikka bildirishdi.

- Xohlagancha nakleykani chop qilamiz, qizlarimiz ko‘chalarga yopishtirib chiqishadi.

Ozodlik: Qanaqadir cheklovlar bormi.

- Cheklov yo‘q. Faqat matnning 60 foizi o‘zbekcha bo‘lishi kerak.

Ozodlik: Matn yuzasidan biror cheklov bormi.

- Masalan qanaqa matn?

Ozodlik: O‘zbekiston prezidenti konstitutsiyaga amal qilsin degan.

- Bunaqa matnni bera olmaymiz. (kulib) To‘g‘risi, biz ishlab chiqargan barcha maxsulot SNB nazoratidan o‘tadi, deydi e‘lon berish sohasida ishlovchi toshkentlik.

Suhbatdosh 7 iyul kuni bo‘ladigan Toshkent shahar xalq deputatlari kengashining navbatdagi yig‘ilishining kun tartibida shahar ko‘chalaridagi tozalik, xususan, ko‘chalarga yopishtiriladigan varaqalar masalasi turganligini bildirdi.
XS
SM
MD
LG