Линклар

logo-print

Qirg‘izistonda Ijtimoiy taraqqiyot vaziri Ravshan Sobirov korruptsiyada ayblanib 5 iyun kuni kechqurun qamoqqa olindi.

Milliy xavfsizlik qo‘mitasining ma‘lum qilishicha, avvalroq vazirning yordamchisi 10 ming dollar pora olayotganida qo‘lga tushgan edi. Vazir yordamchisi tergov paytida porani Ravshan Sobirov ko‘rsatmasi bilan olganini aytgan. Ravshan Sobirov mana shu ko‘rsatmaga asosan korruptsiyada gumonlanib hibs qilingan.

- Tergov jarayonida vazir yordamchisi o‘z boshlig‘ining ko‘rsatmasi bilan xorijiy shirkat vakilidan ikki marta pora olganini aytib berdi. U 30 iyunda 5 ming dollar pora olib, vazirga bergan. Vazir yordamchisi 4 iyun kuni o‘sha shirkat vakilidan yana 10 ming dollar pora olayotganida qo‘lga tushgan, - dedi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasiing nomi sir tutilishini iltimos qilgan rasmiysi.

Ma‘lumotda aytilishicha, vazir xorij shirkatiga 20 ming dollar evaziga mamlakatda faoliyat yuritish huquqini olib berishni va‘da qilgan.

Ravshan Sobirov Qirg‘izistondagi Tojik milliy-madaniy markazining prezidenti, muxolifatdagi “Ata Meken” partiyasidan parlament deputati bo‘lgan. O‘tgan yili parlamentdagi hukumron koalitsiya uni Ijtimoiy taraqqiyot vaziri lavozimiga ko‘rsatgan edi.

Qirg‘izistondagi tojik diasporasi o‘z millatdoshlari bo‘lgan Ravshan Sobirovning hibs qilinishi yuzasidan prezident Atambayevga murojaat jo‘natishmoqchi. Ammo Tojik milliy - madaniy markazi raisi o‘rinbosari Qodir Murubatov murojaat matni endigina tayyorlanayotgani munosabati bilan uning mazmunini aytib berishni istamadi.

Parlamentdagi “Ata Meken” fraktsiyasi o‘z partiyadoshlarining qamoqqa olinishi naqadar qonuniy bo‘lganini yaqin kunlarda muhokama qiladi. Bu to‘g‘rida parlament deputati Bakitbek Kalmamatov ma‘lumot berdi.

- Deputatlar o‘zaro maslahatlashdik va fraktsiya lideri bilan gaplashdik. Yaqin kunlarda Milliy xavfsizlik qo‘mitasining korruptsiyaga qarshi kurash agentligi rahbariyati va Ravshan Sobirov ishtirokida bu masalani fraktsiya yig‘inida muhokama qilmoqchimiz. Sobirovning qo‘lga olinishi qonuniy yoki qonunsiz ekanini hal qilamiz. Biroq bizning fraktsiya, kim bo‘lishidan qat‘iy nazar, qilgan jinoyati uchun har bir odam javob berishi kerak degan nuqtai nazarda sobit, - dedi Bakitbek Kalmamatov.

Ravshan Sobirovning advokati Kubanichbek Tashbaltayev, agar o‘z himoyasidagi odamning aybi 48 soat mobaynida isbotlanmasa, ozod etilishini ma‘lum qildi.

Iyun oyida Qirg‘izistonda korruptsiyada ayblanib parlament deputati Nariman Tuleyev va boshqa bir qator hukumat amaldorlari qo‘lga olingan edi.
XS
SM
MD
LG