Линклар

logo-print

O‘zbekistonlik taniqli rassom Lekim Ibrohimovning Ginnes rekordlar kitobiga kirishi mumkin ulkan asari 7 iyul kuni Pragadagi Incheba Expo ko‘rgazmalar binosi oldida montaj qilindi.

Ginnes rekordlar kitobiga kiritilishga loyiq ikkita rekord uchun ariza bergan o‘zbek rassomining ulkan asari seshanba kuni Pragadagi ko‘rgazma zaliga olib kelingan edi.

Taniqli o‘zbek rassomi Lekim Ibrohimovning yuk mashinalariga ortilgan ming bir polotnadan iborat “Ming malak va bir suvrat “ asari Pragaga kelgunga qadar bir hafta yo‘l bosdi.

Ming malak uchun million dollar


Ko‘rgazma tashkilotchisi¸ Rossiyadagi "Global Festina" shirkatining Markaziy Osië bo‘yicha vakili Murod Ibrohimovning Ozodlikka bildirishicha, ming bir bo‘lakdan iborat ulkan kartina tamsili bilan bog‘liq loyihaga shu bugungacha bir million dollardan ko‘proq pul sarflangan.

- Biz bu loyihadan tijoriy foyda ko‘zlamaymiz. Bu bir hayriya tadbiri desa ham bo‘ladi. Asar namoyish qilingan shaharlardagi kasal bolalarga ham ko‘mak berish rejamiz bor¸ - deydi Murod Ibrohimov.

Loyihani amalga oshirish uchun Toshkentdan kelgan prodyusser Ulug‘bek Qosimho‘jayevga ko‘ra¸ og‘irligi 22 tonna¸ balandligi 8 metr uzunligi esa 60 metr bo‘lgan “Ming malak va bir suvrat “ gigant asarini montaj qilish deyari yakunlandi.

Bu gigant asar ilk bora Praganing qadimiy Incheba Expo ko‘rgazmalar zalida 9 iyul kuni namoyish qilinadi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ ayni paytda virtual makonda loyihani targ‘ib qilish ishlari bormoqda:

- Agar kimda kim www.1001artproject.com saytimizga kirib ulkan rasm parchalarini yahlit xolda virtual yig‘a olsa unga Ipad-3 sovg‘a beriladi. Bundan tashqari 4 iyuldan boshlab Pragadagi 50 ta tramvay o‘zbek rassomi asarini targ‘ib qilishga kirishdi¸ - deydi Ulug‘bek Qosimho‘jayev ozodlik bilan suhbatda.

Ming binoga ming malak


Gigant suratni tamsil qilish uchun 5 iyul kuni Pragaga uchib kelgan rassom Lekim Ibrohimov Ozodlik muxbirining gigant asarning ilk namoyishi uchun nega aynan Praga tanlandi¸ degan savoliga javob berdi:

- Pragada mingta qadimiy bino bor. Har biriga bittadan malak zarur deb bildim. Qolaversa¸ bugun Praga rassomlikdagi yangi to‘lqinlar markaziga aylanmoqda. Bu shaharda Yevropadagi eng baland ot haykali bor. Raqsga tushaëtgan bino faqat Pragada mavjud. Televishkaga o‘rmalaëtgan ulkan chaqaloqlar haykalining mashhur muallifi David Cherniy ham Pragada istiqomat qiladi. Shu bois¸ dunëdagi eng ulkan rasm namoyishi uchun Praga shahri ayni muddao¸- deydi suhbatdosh.

Lekim Ibrohimovning Ozodlikka bildirishicha, bu rasmni yaratish uchun 3 tonna bo‘ëq va 600 kvadrat metrga yaqin maxsus ohorlangan¸ nam o‘tkazmaydigan maxsus mato sarflangan.

Muallif haqida:


Lekim Ibrohimov 1944 yili Olmaotaning uyg‘ur qishlog‘ida tug‘ilgan. 1971 yilda Toshkentdagi Teatr va rassomlik institutiga o‘qishga kirib, uni 1977 yil tugatgan.

Rossiya badiiy akademiyasining faxriy a‘zosi.

Lekim Ibrohimov nafaqat rassom balki, o‘z falsafiy fikrlarini so‘z bilan ifoda qiladigan faylasuf hamdir. Lekim Ibrohimovnin “Afsonalar” kitobi 1994 yili Germaniyada nemis tilida nashr qilingan.
XS
SM
MD
LG